OzodDayjest: Zamonaviy plastik kartani Amir Temur kashf etgani iddao qilindi

Toshkent hokimiyati telegram kanalida chop etilgan bu maqolani Ma’naviyat markazi mas’ul xodimi yozgan.

Nurafshon hokimi o‘rinbosari moratoriyga qaramay daraxt kestirdi. O‘zbek tili oldida turgan muammo faqat peshlavhayu tashqi reklamadan iborat emas Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Ma’naviyat markazi mas’ul xodimi: “Zamonaviy plastik kartani Amir Temur kashf etgan”

"Hozirda kundalik ehtiyojimizga aylangan, har tomonlama qulay zamonaviy plastik kartalarni aslida Amir Temur bobomiz kashf qilgan", deb hisoblaydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Sayyora Fayziyeva.

Muallifning hikoya qilishicha, Amir Temurning Eronga yurishi payti Isfahon qamali cho‘zilib ketadi va u rafiqasi Saroymulkxonimga “Qo‘shinning zaxirasi tugadi, xazinadan zar yuboring” degan mazmunda maktub jo‘natadi. Bibixonim esa “Siyosatingiz ham tugadimi?” deya javob yozadi.

So‘ng Amir Temur turli suyaklarni kestirib, orqasiga muhr urdirgan va vaqtincha pul chiqartirgan. Askarlar suyak-pullarga oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj uchun zarur buyumlar sotib olgan. Isfahon taslim bo‘lgach, suyaklar tilla tangaga almashtirib berilgan.

“Ana shu suyak-pullarni insoniyat tarixida plastik kartalar va naqdsiz pul aylanmasining ilk ko‘rinishi desa bo‘ladi”, deyiladi Toshkent viloyat hokimligi Telegram kanalida e’lon qilingan maqolada.

Sirdaryo va Nurafshon hokim o‘rinbosarlari noqonuniy ravishda daraxt kestirdi

Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bunyod Saidxo‘jayevning buyrug‘i bilan “Begaltepa” mahallaci hududida 9 tup archa va 1 tup chinor daraxtlari kesib tashlandi (www.daryo.uz, 8 aprel).

Davlat ekologiya qo‘mitasi holat bo‘yicha yozma ravishda tushuntirish so‘raganda, hokim o‘rinbosari bundan bosh tortgan. Ushbu holatda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 110 million so‘mni tashkil qiladi. Hozirda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun hujjat tayyorlanmoqda.

Shuningdek, Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari Xudoyberdi Najmullayev buyrug‘i bilan “Sholikor” mahallasida 1 tup archa hamda 1 tup qayrag‘och kesilgan. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tabiatga yetkazilgan zararni 11,7 million so‘m deb baholagan va to‘plangan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan.

Olima: “O‘zbek tili oldida turgan muammo faqat peshlavhayu tashqi reklamadan iborat emac”

O‘zbek tili chinakam ma’noda davlat tiliga aylanishi uchun milliy xarakter yetishmayapti deb hisoblaydi filolog olima va bloger Shahnoza Soatova (“Yangi O‘zbekiston”, 2020 yil 48-son).

“Yevropa xalqlari bir ittifoq tarkibida, orasida chegarasi yo‘q, xuddi biz qo‘shni viloyatga borgandek bir-birlarining mamlakatlariga o‘tib-qaytib yurishadi. Bunday sharoitda kuchli tillar maydalarini yeb yubormayotganining, jadal iqtisodiy, siyosiy integratsiya manzarasida milliy xoslik (o‘zlik) saqlanib qolayotganining asosiy sababi nima? Millatning xarakteri!

Qarang, hech kim qonunlar chiqarmayapti, majlislar o‘tkazmayapti, nazorat qilmayapti, maxsus organlar tuzmayapti, byudjet pulini sarflamayapti. Shunchaki, ona tilida gaplashyapti! Bizga shunday xarakter yetishmayapti”, deb yozadi u.

Olimaga ko‘ra, o‘zbek tili oldida turgan muammolar faqat nomlar, peshlavha, tashqi reklamadangina iborat emas.

“Asosiy muammolar chuqurroqda, albatta. Bu – davlat tashkilotlarida ish yuritishdan tortib, qonun loyihalarini davlat tilida tayyorlashgacha, atamashunoslikning rivojlanmaganidan tortib davlat tilida sifatli kontent kamligigacha, o‘zimiz o‘zbekcha o‘ylab turib, farzandlarimizga dunyoni boshqa tillar orqali tanitayotganimizdan tortib o‘zbek tili ta’limining yig‘ilib qolgan muammolarigacha... Xullas, bu muammolarni aniqlash, tan olish, tizimlashtirish va ehtiroslarni yig‘ishtirib aniq reja asosida ular ustida ish boshlash vaqti keldi”, deydi Sh.Soatova.