Prezident Shavkat Mirziyoyev jo‘ja boqish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Chorvachilik ham kooperatsiya tizimiga o‘tkaziladi

Mirziyoyevning har oilani tovuqboqar qilish loyihasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kooperatsiya asosida xonadonlarda parranda boqish tajribasi aholi o‘rtasida keng joriy etilishini bildirdi. Bu haqda prezident 14 aprel kuni qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida gapirdi.

Prezidentning aytishicha, kooperatsiya asosida parrandachilik korxonasi xonadonlarga uch kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi. Qirq kundan keyin kooperatsiyaning o‘zi go‘shtni markazlashgan holda sotib oladi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan chorvachilik¸ xususan¸ parrandachilikni rivojlantirishga qaratilgan qator qaror va farmonlar chiqarib¸ davlat hisobidan milliardlab so‘m mablag‘ ajratgan edi.

Xususan¸ Mirziyoyevning har oilani tovuqboqar qilish loyihasi doirasida o‘n minglab oilaga bank krediti hisobidan tovuq berilgan¸ ammo bir yilga borib-bormas¸ bu tovuqlarning aksariyati qirilib ketgani ortidan¸ banklar kreditini qaytarib olish borasida jiddiy muammoga uchragan edi.

Prezident matbuot xizmati 14 aprelda tarqatgan xabarda, uch kunlik jo‘jalar bilan mana shunday holat takrorlanmasligining oldini olish borasida biror gap aytilmagan.

Prezident kooperatsiya asosida nafaqat jo‘ja boqishni, balki chorvachilikni ham rivojlantirish mumkinligini ta’kidladi.

“Ozuqa ishlab chiqaradigan korxonalar, qoramol boqish bo‘yicha oilaviy kooperatsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Har bir viloyatda naslli qoramol tayyorlash va sotishga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etilishi belgilandi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Ayni paytda prezident “meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirish vazifasi”ni ham qo‘ydi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, buning uchun meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tuman, 86 ta klaster va 125 ta kooperativ “bog‘ va tokzorlarda qator oralari, takroriy maydonlarning har bir qarichidan samarali foydalanib, 2-3 marta hosil olishni yo‘lga qo‘yishi zarur”.

Prezident mahsulot hajmini oshirish uchun joriy yilda 124 ming gektar oborotdan chiqqan yerlarni to‘liq o‘zlashtirishga ham ko‘rsatma berdi. Bu maqsadlar uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamg‘armalariga 300 milliard so‘m ajratiladi. Tashkil etilgan bog‘ va tokzorlar, issiqxonalar aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yilgacha lizing asosida beriladi.