Kasallik tarixi. Moskvada ishlayotib koronavirusga chalingan samarqandlik yigit hikoyasi

Moskvada koronavirusni yuqtirib olgan o‘zbek muhojiri kasallikni qanday yuqtirgani va u qanday kechayotganini Ozodlikka gapirib berdi. Bir haftadan buyon Moskvada davolanayotgan samarqandlik bu muhojir o‘zi davolangan kasalxonada joy taqchilligi sezilganini aytdi.

30 yashar samarqandlik Rustam bir necha yildan buyon Moskvada haydovchi bo‘lib ishlaydi.

COVID-19 kasalligining Rossiyada yoyilishi va mamlakatda o‘zini yakkalash holati joriy qilinishi uning ishiga deyarli ta’sir qilmadi.

Aksincha, Rustamning Moskvadagi oziq-ovqat yetkazib beruvchi shirkatlaridan biridagi ishi avj oldi. Oxirgi bir oyda uyda o‘tirgan moskvaliklarga oziq-ovqat yetkazib berish ishsiz qolgan ko‘plab mehnat muhojirlari uchun asosiy daromad manbaiga aylandi.

Bundan bir hafta oldin moskvalik shifokorlar Rustamda “koronavirus” infeksiyasini aniqladi.

Ozodlik bilan suhbatda u kasallikni qanday yuqtirib olganini gapirib berdi:

- Men o‘zim haydovchiman - bozorlardan oziq-ovqat “dostavka”si bilan shug‘ullanaman. “Gazel”da men bozorlarga, magazinlarga ichimlik, suv, oziq-ovqat yetkazib beraman. Shunda yuqtirib olgan bo‘lishim mumkin. 7 kun bo‘ldi, kasalxonada davolanyapman. Avvaliga ta’mni sezmay, hidni sezmay qoldim. Tomoq og‘rib, yo‘tal tutdi. Temperaturam 38 atrofida bo‘ldi. Butun badanim, oyoqlarim qaqshab og‘ridi. Hidni umuman sezmay qoldim!

O‘zbekistonlik yigit hozirda Moskva kasalxonalaridan birida davolanayotgani va kasallik qanday kechayotganini ham so‘zladi. U kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lishi bilanoq “Tez yordam” chaqirgan:

- Darrov “skoriy” chaqirdim. 3 marta kelib “Yaxshi, yaxshi!”, deb ketaverdi, men esa chaqiraverdim. Oxiri tomog‘imdan mazok oldi. 9 aprel kuni olgan bo‘lsa, 14 aprel kuni xabari keldi “tasdiqlandi kasallik”, deb. 15 aprel rentgenga tushganimda chap tomon nafas yo‘li 20 foiz pnevmoniya, bu yengil shakli ekan. Mening xonadosh sherigimniki og‘ir shakli - ikki tomonlama edi. U lekin tez davolanib, 6 kunda chiqib ketdi! Men ham ancha durustman hozir, Ollohga shukur, temperatura ham yo‘q. Maxsus dori yo‘qligi uchun antibiotik beradi, aka. Kapelnitsa qo‘yadi, Mukaltin berarkan. Hamma shifoxonada har xil davolar ekan bu kasallikni!

Rustam oldin bu kasallikning mavjudligiga biroz skeptik nazar bilan qaragani, ammo kasalxonada ko‘rgani vaziyat uni qo‘rquvga solganini aytdi. U kasallar ko‘pligidan joy yetishmayotganiga guvoh bo‘lganini bildirdi:

- Aka, kasalxonalar to‘lib ketgan! “Tez yordam” qaerdan kelsa - o‘sha yerga olib ketyapti. Hozir odam ko‘pligidan 38 harorat bilan ham olib ketmayapti, uyda qoldiryapti ekan. “Uyda yotib davolan!”, deyapti. Men o‘zim harakat qilganim uchun olib kelishdi. Men yotgan joyda Qirg‘iziston, O‘zbekistondan - har joydan, millatdan odamlar bor. Millatchilikka ajratish yoki “Sen migrant ekansan - qabul qilmaymiz!”, degan gaplar yolg‘on va safsata gap. Vrachlarga rahmat - unaqa narsaning o‘zi yo‘q, hammaga bir xil qaralyapti.

Rustamning aytishicha, u bilan birga bo‘lgan yana ikki nafar xonadoshida ham bu kasallik aniqlangan. Shifokorlar kasallik alomatlari ko‘rinmagani sababli ularni uyda qat’iy karantin holatida qoldirgan:

- Kimdir bu koronavirusni yengil o‘tkazar ekan, kimdir og‘ir. Bitta do‘stim baquvvat ekan - unga yuqmabdi hech narsa! Bittasi davolandi, aytganimdek. Uchinchisida tasdiqlandi virus. Uni virus tashuvchi ekan, boshqalarga yuqtirib yurarkan, lekin o‘ziga hech narsa qilmas ekan. Uni karantinga yuborishdi.

Rustam hozircha shifokorlar uning kasali qaytgani, o‘pka va nafas yo‘llari balg‘amdan tozalanayotganini aytganini so‘zladi. Dushanba kuni u yana bir bor rentgenga tushishi va holatiga vrachlar ijobiy tashhis qo‘yishsa, kasalxonadan ketishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibiyati bergan ma’lumoticha, xorijdagi 73 nafar O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Ulardan 42 nafari Rossiyada, 11 nafari AQShda, 6 nafardan Yunoniston va Qozog‘istonda.

Rossiya hukumati tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada COVID-19 bilan kasallanganlar soni 63 mingga yetdi, 555 kishi vafot etdi.