Sardoba falokati sabablarini o‘rganish komissiyasiga buyurtmachi Sanginov kirdi¸ bosh pudratchi Ramatov yo‘q

2017 yilning 17 may kuni Abdug‘ani Sanginov va Ochilboy Ramatov prezident Mirziyoyevga Sardoba sum omborini "topshirgan" edi.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev 5 may kungi selektor yig‘ilishida «Sardoba aybdorlari kim bo‘lishidan qat’i nazar¸ jazosini oladi»¸ deya va’da berdi.

7 may kuni Sardobadagi falokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi tarkibi e’lon qilindi.

1 may kuni prezident Mirziyoyev farmoyishi bilan tasdiqlagan bu komissiya tarkibiga Sardoba loyihasining bosh quruvchisi¸ O‘zgidroenergo AJ raisi¸ senator Abdug‘ani Sanginov ham kiritilgan.

2017 yilning 17 may kuni Sardoba suv omborini aynan buyurtmachi Abdug‘ani Sanginov va bosh pudratchi Ochilboy Ramatovlar prezident Mirziyoyevga taqdim etgan edi.

Sardoba suv omborini prezidentga topshirganining ertasiga Sanginov Mirziyoyev farmoni bilan yangi tashkil etilgan O‘zgidroenergo AJ raisi¸ ya’ni O‘zbekistondagi gidroinshootlar vaziri etib tayinlangan edi.

Shu yil oxirida uni Mirziyoyev "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi" unvoni bilan taqdirlagan edi.

Jarayondan xabardor mulozimlarning Ozodlikka aytishicha¸ bu mukofot ham Sanginovga¸ aynan 2021 yili qurib bitirilishi ko‘zda tutilgan Sardoba suv omborini belgilanganidan 4 yil oldin topshirgani uchun berilgan.

Jamoatchilik Sardobani qurgan asosiy amaldorning undagi falokat sabablarini o‘rganish komissiyasiga kiritilgani xabaridan keyin bu fojia haqiqiy aybdorlari jazolanishiga shubha bildirmoqda.

Kemaga tushganning joni bir xil emas?

Shavkat Mirziyoyevning 1 may kungi farmoyishiga ko‘ra¸ hukumat komissiyasi bir oy ichida Sardobada ro‘y bergan falokat sabablarini o‘rganib¸ bu haqdagi yakuniy xulosasini prezident administratsiyasi (rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov - tahr) ga taqdim qiladi.

Komissiya tarkibiga Sardoba suv omborida ham buyurtmachi¸ ham pudratchi sifatida muhim rol o‘ynagan hozirgi O‘zgidroenergo kompaniyasi rahbari¸senator Abdug‘ani Sanginov kiritilgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari¸ blogerlar bu yangilikni jiddiy e’tiroz va taajjub bilan qarshi oldi.

Jamoatchilik e’tiborini tortgan ikkinchi jihat¸ bu komissiyaga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari¸ mamlakatdagi qurilishlarning bosh mas’uli Ochilboy Ramatovning kiritilmagani bo‘ldi.

- Sanginov komissiyaga kiritilib¸ Ramatov kommissiya tashqarisida qolib, pastdagi prorabni jazolash bilan muammo yechilmaydi. Damba o‘pirilishiga olib kelgan tizimli muammolarni tizimli yechish va jinoyatlar zanjiridagi barcha aybdorlar jazolanishi kerak¸ deb yozdi Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov bu yangilikka bildirgan munosabatida.

Ilxomov aytgan bu gap shu yoki boshqa shaklda ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida jiddiy muhokama qilinmoqda.

Blogerlardan biri Sanginovning komissiyaga kiritilganini unga prezident tomonidan berilgan “aybsizlik fatvosi” deb baholadi va aksar bloger va mahalliy nashrlar bu blogni ko‘chirib bosdi.

"Xalqimiz yil boshidan buyon uchta sinovni boshidan kechirdi va kechirmoqda. Eng yomoni, bular qatoriga to‘rtinchisi ham qo‘shildi. Gap «Sardoba fojiasi» bo‘yicha Hukumat komissiyasi tarkibiga Sanginov janoblarining kiritilgani haqida!

Ijtimoiy tarmoqlarda bu ishda aybdorligi turli fakt va raqamlar bilan tinimsiz iddao qilinayotgan odamning aybdorlar hamda xato va qurilishdagi o‘g‘riliklarni (agar u yuz bergan bo‘lsa) aniqlash uchun tuzilgan tarkibda paydo bo‘lishi g‘alati bo‘ldi"¸ deyiladi ushbu blogda.

Ayni paytda¸ Ramatovning komissiya tarkibiga kiritilmagani unga nisbatan rahbariyat ishonchsizligi sifatida qabul qilinmoqda.

Sardoba fojiasi va hokimiyat ichidagi guruhbozlik?

Toshkent hukumatining Ozodlik gaplashgan o‘rta bo‘g‘in mulozimlari Sanginovning Sardoba uchun mas’ullar ro‘yxatidan aybdorlarni aniqlovchilar ro‘yxatiga kiritilganini Mirziyoyev atrofidagi siyosiy kuchlar o‘rtasidagi gizli kurash ifodasi sifatida izohlamoqda.

Abdug‘ani Sanginov ham¸ Ochilboy Ramatov ham uzoq yillar Mirziyoyevga juda yaqin bo‘lib kelgan mulozimlar. Ozodlik manbalari¸ Sanginovning komissiya tarkibiga kirib¸ Ramatovning kiritilmagani ortida Zaynilobiddin Nizomiddinov omili kuchli ekanini iddao qilmoqda.

Mirziyoyev maslahatchisi va prezident administratsiyasining rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning Abdug‘ani Sanginov bilan hamqishloq va yaqin biznes aloqalariga egaligi aytilmoqda.

- Sanginov prezident administratsiyasi boshlig‘i Nizomiddinov Zaynilobiddinning rahmatli akasi Faxriddin bilan juda inoq¸ yaqin oshna bo‘lishgan. Faxriddin Nizomiddinov Sariosiyo tumani hokimining qurilish ishlari muovini bo‘lgan. Bu odam Mirziyoyev bilan ham juda qalin bo‘lgan, ukasini o‘zi o‘qitib Mirziyoyevga shogirdlikka bergan. Umri qisqa ekan, olti yilcha oldin vafot etdi. Mirziyoyev uning janozasiga borgan, o‘shanda Bosh vazir edi. Sanginov va Nizomiddinovni Mirziyoyevga uzoq do‘stlik aloqalari bog‘laydi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda bu davlat amaldorlarining shaxsiy aloqasidan yaxshi xabardor surxonlik mulozim.

Tergovoldi surishtiruvi tuzgan ro‘yxatda kimlar bor?

3 may kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sardobadagi suv toshqini yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 258-moddasi 2-qismi «b» bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani"ni ma’lum qildi. Ayni paytda jinoyat ishi tergovining DXXga topshirilgani aytildi.

Hozircha bu tergovning qanday kechayotgani borasida jamoatchilikka rasmiy ma’lumot berilganicha yo‘q.

Ozodlik gaplashayotgan tergovga yaqin Toshkent mulozimlari esa¸ tergovgacha surishtiruv jarayonida ehtimoliy gumondorlarning tor doirasi aniqlangani va unda Sanginov va Ramatovlarning ham borligini aytmoqda.

Gumondorlar ro‘yxatiga kiritilganlar tashqi kuzatuvga olingan¸ banklarda tashqi transaksiyalar qilmasligi uchun cheklov kiritilgan¸ ularning mamlakatni tark etmasligi uchun chegara punktlariga ro‘yxat berilgan. Sardobadagi texnogen falokat bo‘yicha gumonlanayotganlarning o‘zi va ularga aloqador shirkat vakillari suhbatga chaqirtirilgan.

Ayni paytda¸ Sanginov va Ramatovning bu ish doirasida aynan qaysi maqomda savol-so‘roq qilingani tafsiloti Ozodlikka ma’lum emas.

Sardoba tergovi ham Yunusobod metrosi yo‘lidan boradimi?

O‘zbekiston prezidenti 5 may kuni o‘tkazgan selektorda eng ko‘p o‘g‘rilik qurilish sohasida bo‘layotganiga e’tibor qaratdi. Ayni paytda¸ Sardoba bo‘yicha ochilgan jinoyat ishida qurilishdagi korrupsiya va o‘g‘riliklarga oid ayblov ko‘rib chiqilayotgani haqida rasmiy xabar yo‘q.

Ozodlik gaplashgan tergovga bilvosita aloqador mulozimlar¸ bu moddalarning tergov jarayonida qo‘shilish ehtimolini soqit qilmadi.

"Ko‘p narsa¸ jamoatchilik bosimiga bog‘liq. Agar jamoatchilik va matbuot¸ Sardoba fojiasi bo‘yicha berilayotgan rasmiy xabarlar bilan cheklanib qolsa¸ Yunusoboddagi metro ishi qanday imi-jimida yopilib ketgan bo‘lsa¸ Sardoba ham shunday bosti-bosti qilinadi. Zotan¸ tepadagilar shunga umid qilib turibdi. Agar matbuot o‘z surishtiruvini davom ettirib¸ bu fojianing asl aybdorlarini fosh qilishda davom etsa¸ Mirziyoyev imijini saqlab qolish uchun ham Sanginov¸ Ramatov kabilarni o‘zidan uzoqlashtirib¸ ularning bu falokatdagi roli bo‘yicha xolis tergov bo‘lishiga izn berishga majbur bo‘ladi"¸ dedi Sardoba qurilishidagi o‘g‘riliklar ko‘lamidan xabardor mulozim.

Ozodlik o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvdan Sardoba suv ombori qurilishida jiddiy manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani¸ davlat va xalq manfaatini himoya qilishi shart bo‘lgan tizim va amaldorlarning¸ bu qurilishdan o‘z xususiy biznesini boyitish uchun foydalangani ko‘rildi.

Jurnalistik surishtiruvlarda ochiqlangan Sardoba suv omboridagi manfaatlar to‘qnashuvi tergovda ko‘rib chiqiladimi¸ yo‘qmi¸ bu haqda hozircha ma’lumot yo‘q.