COVID-19: Eron masjidlarni ochdi. Kasallik bo‘yicha 2-chi o‘ringa chiqqan Rossiya cheklovlarni bekor qildi

Eronda aprel o‘rtasidan boshlab AQSh sanksiyalaridan qattiq zarar ko‘rgan va tanazzulga yuz tutgan iqtisodiyotini tiklash maqsadida normal iqtisodiy faoliyatni bosqichma-bosqich tikldashga ruxsat berildi.

Koronavirus infeksiyasidan dunyo bo‘ylab 286 ming kishi vafot etdi, 4,1 million kishiga virus yuqqani tasdiqlandi. Hukumatlar bu kasallik tarqalishini kamaytirishga harakat qilayotgan paytda ommaviy tartibsizliklar kelib chiqmoqda.

Eron cheklovlarni yengillatib, vaqtinchalik barcha masjidlarni ochishga ruxsat berdi; Rossiyada yana 11 mingga yaqin virus yuqtirganlik holati xabar qilindi.

Eron

Bu mamlakatdagi barcha masjidlar 12 maydan qayta ochilmoqda. Bu yangi koronavirus tarqalishini tiyib turish maqsadida joriy etilgan cheklovlarni yengillatish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.

Masjidlarni ochish to‘g‘risidagi qaror Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan maslahatlashilgandan so‘ng qabul qilindi. Bu haqda Islom taraqqiyoti tashkiloti direktori Muhammad Qumiy Eronning IRIB axborot agentligiga bildirdi.

Qumiy keyinchalik aytishicha, muqaddas Ramazon oyining alohida kechalarini nishonlash uchun masjidlar uch kun ochiq bo‘ladi. Nimrasmiy Fars axborot agentligi bildirishicha, ular shundan so‘ng ochiq turishi yoki turmasligi ma’lum emas.

Yaqin Sharqda koronavirus tarqalishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan Eron mamlakatning ayrim joylarida infeksiya tarqalishi ortayotganiga qaramay, cheklovlarni yengillata boshladi.

Tasnim axborot agentligi 10 mayda Xuziston viloyatidagi bir tuman karantinga yopilganini xabar qilgan edi. Uning viloyat hokimiga iqtibosan bildirishicha, kasallikka chalinganlar soni keskin ortib ketgan va ayni hol hokimiyat idoralarini ishga bosqichma-bosqich qaytishni bekor qilishga majbur etgan.

Eron 11 apreldan boshlab AQSh sanksiyalari oqibatida inqirozga yuz tutgan iqtisodiyotini qutqarish uchun iqtisodiy faoliyatni bosqichma-bosqich tiklashga kirishishga ruxsat bergan edi. Hukumat o‘tgan hafta sanksiyalar va koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lgan pulning keskin qadrsizlanishiga qarshi kurashish uchun milliy pul birligi qadrini pasaytirishga qaror qildi.

11 may holatiga ko‘ra, Eronda koronavirusdan o‘lgan kishilar soni 6685 nafarga yetdi, dedi Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi Kianush Jahonpur davlat televideniyesi orqali bergan bayonotida. Ushbu kasallik tashxisi qo‘yilgan kishilar soni 109 282 nafarga yetgan.

Prezident Hasan Ruhoniy o‘tgan haftada virus tarqalish xavfi kam bo‘lgan 132 ta tumanda masjidlarni ochish mumkinligini aytgan edi. Ushbu raqam Eron ma’muriy bo‘linmalarining1/3 qismini tashkil etadi.

8 mayda Eronning koronavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi kam bo‘lgan 180 ta shahar va qo‘rg‘onida juma namozlarini masjidlarda o‘qish boshlandi.

Prezident saytiga ko‘ra, maktablar kelgusi haftada ochiladi.

Eronda shaharlararo bordi-keldiga ruxat etildi, yirik savdo markazlari ishlay boshladi.

Rossiya

Rossiyada aholining ishga chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi cheklovlar 12 mayda tugadi, biroq mamlakatdagi rasman qayd etilgan infeksiya yuqtirganlik holatlari har kuni 10 ming kishiga ortib bormoqda.

Rossiyada so‘nggi 24 soat ichida deyarli 11 000 ta yangi virus yuqtirganlik holat qayd etilgani xabar qilindi. Ushbu mamlakat tasdiqlangan virus yuqtirganlik holatlari ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqib ketdi. Ayni paytda Yevropaning ayrim mamlakatlarida karantin cheklovlari yumshatilmoqda.

Garchi Rossiyada koronavirus infeksiyasini yuqtirgan kishilar soni Yevropada nihoyatda tez o‘sib, jami 232 243 nafarga yetgan va ayni ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Qo‘shma Shtatlardan orqada qolayotgan bo‘lsa-da, 12 may holatiga ko‘ra, jami o‘lim holatlari (2116 kishi) nisbatan past bo‘ldi.

Rossiyalik amaldorlar kunlik o‘sish sur’ati baland ekanini tibbiy tekshiruvlar keng miqyosda o‘tkazilayotgani va shu paytgacha 5,8 million kishi test topshirgani bilan izohlamoqda.

Lekin ayrim tanqidchilar Rossiyadagi o‘lim holatlari kamaytirib ko‘rsatilayotgani, boshqalar esa test natijalari aniq bo‘lmasligi mumkinligini aytmoqda.