Farg‘ona viloyatida uyi buzilishga tushgan ayol arizasini o‘rganishga borgan Effect.uz jurnalisti hujumga uchradi

"Effect" nashri tasvirchisi G‘iyosbek Eshov.

O‘zbekistondagi Effect.uz nashri tahririyati o‘zining Farg‘ona viloyat, Quva tumanidagi tasvirchisi 13 may, kech soat 7 atrofida noma’lum shaxslar hujumiga uchraganini ma’lum qildi.

Nashr bayonotida jurnalistlar uyi buzilishga tushgan nogiron ayol arzi yuzasidan Quva tumani hokimligida bo‘lib, arizachining uyiga ketayotgan paytda tasvirchi G‘iyosbek Eshov hujumga uchragani aytiladi.

Noma’lum shaxslar operatorning ko‘zlariga gaz sepgani, mashinasining oynalarini sindirgani, videokamerasini olib qochgani aytilgan bayonotda.

Effect.uz sayti bosh muharriri Akmalxon Eshonxonov Ozodlikka holat yuzasidan Farg‘ona viloyat prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini aytdi.

Quva tuman hokimligining rasmiy saytida e’lon qilingan telefonni ko‘targan shaxs Ozodlik savolini eshitishi bilan "boshqa joyga tushdingiz" deb aloqani uzdi.

Effect.uz tahririyati o‘z jurnalistining Quva tuman hokimiyati binosidan chiqqanidan so‘ng hujumga uchraganini ma’lum qildi.

Tahririyat Instagram sahifasidagi bayonotida jurnalist Elyor Tojiboyev va tasvirchi G‘iyosbek Eshov Quva tumanida uyi buzilishga tushib, tovon puli ololmayotgan 4 farzandning onasi bo‘lgan nogiron ayolning arzi yuzasidan hokimiyatga borganliklari aytiladi.

Jurnalistlar hokimiyat binosidan chiqqanlaridan so‘ng tasvirchi G‘iyosbek Eshov mashinada ketayotganida noma’lum odamlar uni quvib yetib, hujum qilgani, "Matiz" avtomashinasi oynasini sindirib, kamerasini olib qochgani haqida hamkasbi Elyor Tojiboyevga telefon qilib aytgan.

"Hokimiyat binosidan chiqilgach, muxbir murojaatchi bilan birga yo‘lga chiqadi. Ular bilan birga bo‘lgan operator G‘iyosbek Eshov o‘z mashinasida oldinlab ketgandan bir oz vaqt o‘tib, qo‘ng‘iroq qiladi va unga yo‘lda hujum bo‘lganligini aytadi. Operatorning ko‘zlariga gaz sepishgan, mashinasining oynalarini sindirishgan, operatorning videokamerasini olib qochishgan", - deyiladi tahririyat bayonotida.

Ozodlik hujumga uchragan G‘iyosbek Eshovning o‘ziga bog‘lana olmadi.

Effect.uz sayti bosh muharriri Akmalxon Eshonxonov Ozodlik bilan suhbatda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyat prokuraturasi surishtiruv ishlari olib borayotganini aytar ekan, bunday dedi:

- Surishtiruv jarayonlariga xalaqit bermaslik, surishtiruv jarayonlari xolisligiga ta’sir va bosim o‘tkazmaslik maqsadida Effect.uz tahririyati ushbu mavzuda hozircha hech narsa aytolmaydi. Huquq tizimlari bu xolat bo‘yicha adolatli qaror chiqarishiga umid qilamiz, - dedi Eshonxonov.

Ozodlik mazkur hodisa yuzasidan Quva tuman hokimidan ham izoh olish uchun uning hokimlik rasmiy saytida keltirilgan uyali telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.

Telefonni ko‘targan shaxs Ozodlik savolini eshitishi bilan "boshqa joyga tushdingiz" deb aloqani uzdi.

O‘zbekiston Respublikasi "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

"Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida, jurnalist tekshiruvi o‘tkazish, mansabdor shaxs qabulida bo‘lish, ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega.