Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Oqtovuq qishlog‘ida yashovchi 10 va 12 yoshdagi opa-singil Komilovalar ayni kunlarda oziq-ovqatdan qiynalmoqda.
Qizchalarning onasi Shahnoza Hojimurodovaning OzodMikrofonga aytishicha, uning o‘zi pul ishlash uchun Turkiyaga borgan, biroq karantin bois 3 oydan beri ishsiz qolib, qizlariga pul jo‘nata olmayapti.
Turkiyadan Ozodlikka bog‘langan Shahnoza Hojimurodovaga ko‘ra, Beshariqda yashayotgan qizlari - 10 yashar Parizoda va 12 yashar Shahrizoda keyingi bir necha kun davomida nonga ham pul yo‘qligi bois, och o‘tirishibdi:
- Kecha telefon qilib, “Oyijon bizning yegani hech narsamiz yo‘q. Pulimiz qolmadi. Och o‘tiribmiz” deyishdi. Qo‘lida non olish uchun ham hech qanaqa puli yo‘q hozir.
Shahnoza Hojimurodovaning aytishicha, eri bilan ajrashgach, uysiz qolgani sabab uy olish uchun pul ishlash maqsadida qizlarini buvisiga tashlab, o‘zi Turkiyaga ketgan. Bir hafta avval qizchalarning buvisi kasalxonaga tushib qolgach, bolalar qiynalib qolgan:
- Onam qon bosimi oshib, kasalxonada yotibdi. Qizlarimdan singlim xabar olib turibdi. Lekin singlimning ham ortiqcha puli yo‘q. O‘zim 3 oydan beri Turkiyada karantinda o‘tiribman. Qachon ishga tushishimiz ham noma’lum. 7 mayda yordam so‘rab, qilgan murojaatim Ozodlikda e’lon qilingach, ertasi kuni hokimiyatdan ozgina oziq-ovqat tashlab ketishdi. Shu bo‘yi hech kim yordam bermayapti. Bolalarimga davlatdan har oy 250 ming so‘m pul olardik. Bu pul ham bu oy berilmadi. Bolalarim juda nochor ahvolda. Iltimos yordam beringlar.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
-----------------------------------------------------------------------------------------------
Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.
SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.
OzodMikrofon sizga muntazir!
OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!