Qashqadaryo viloyat, Koson tuman, Beshqo‘ton mahallasida yashaydigan 35 yashar Abdurahmon Otamurodovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi harakatdan tugatildi.
Abdurahmon Otamurodov Ozodlikka qilmagan jinoyatni bo‘yniga oldirish uchun IIB tergovchilari uni qiynoqqa solgani, ekspertiza soxta xulosa bergani haqida 19 fevralda aytgan edi.
Otamurodovning aytishicha, u IIB tergovchilari tazyig‘iga chidolmagan va 17 fevralda zaharli dori ichib o‘z joniga qasd qilgan, kasalxonada uning joni saqlanib qolgan edi.
Abdurahmon Otamurodov garchi oqlangan bo‘lsa-da, ammo "unga nisbatan asossiz jinoyat ishi ochgan, qiynoqqa solgan IIB xodimlari jazolanmay qolganini" aytmoqda.
Abdurahmon Otamurodov mahalladoshi Nasriddin Donayevni urib, ko‘zini ko‘r qilganlikda ayblanib, uning ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104 – moddasi, birinchi qismi ("Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish") bilan ayblangan edi.
Ozodlikka bergan intervyusida Abdurahmon va voqea guvohlari bu ayblovni keskin inkor etib, unga nisbatan jabrlanuvchi va tergovchi tomonidan tuhmat uyushtirilganini aytgan edi.
Ozodlik maqolasidan so‘ng Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi mazkur voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borgan va Koson tuman IIBda xizmat safarida bo‘lgan katta tergovchi B.Xudoyqulovning imzosi bilan bu jinoyat ishi harakatdan tugatilgani haqida Abdurahmon Otamurodovga maktub yuborilgan. 2020 yil, 19 martda yozilib, 2019 - 159 raqami bilan qayd etilgan (quyida xat fotonusxasi e’lon qilinmoqda) maktubda bunday deyilgan:
“Koson tuman IIB huzuiridagi Tergov bo‘limi tomonidan N.Donayevning tan jarohati olganligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104 moddasi, 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan 10229-1/2019-159-sonli jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilib, N.Donayevning tan jarohati olganligi holati bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda sizning harakatlaringizda qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli O‘zbekiston JPK 83-moddasining 1 va 2 bandlariga asosan harakatdan tugatildi”.
Abdurahmon Otamurodovning 27 may kuni Ozodlik radiosiga aytishicha, garchi uning aybsizligi isbotlangan bo‘lsa-da, lekin uni qiynoqqa solgan IIB xodimlari va soxta xulosa bergan ekspert vrach javobgarlikka tortilmagan:
O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan menga asossiz ayb qo‘yib, qiynoqqa solgan xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qilaman
“Men o‘tgan yilning 9 dekabridan buyon azobdaman. Qilmagan ishimni tergovchilar Nodir Murodov, Bobur To‘rayev, prokuror, uchastkovoy Mirjamol Davlatov, soxta xulosa bergan ekspert vrach Elmurod Barotovlar javobgarlikka tortilmadi. Bu vaqt orasida tergovchilar bilan kelishib, go‘yoki “jabrlanuvchi" tomon mening otamdan 15 million so‘m undirdi, meni IIBga qamab yo‘q aybni bo‘ynimga olish uchun urib-kaltaklab, qiynoqqa solishdi. Men bu shaxslar ustidan ariza yozib Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga topshirdim, lekin hech kim so‘ragani yo‘q. Bu shaxslarni izlab Koson tuman IIBga borsam, ular bu yerda ishlamaydi, boshqa joyga o‘tib ketgan deyishyapti. Jinoyatni qilib boshqa joyga borib ishlasa ham bo‘lar ekanda. O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan menga asossiz ayb qo‘yib, qiynoqqa solgan xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qilaman”.
Abdurahmon Otamurodovning iddaolari bo‘yicha Koson tumani IIBdan munosabat olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.