Koronavirus bemorlari va karantindagilar davlat ajratgan mablag‘ o‘zlariga sarflanmayotganini aytmoqda (VIDEO)

Zarafshon shahrida karantinga olinganlar uchun berilgan tushlik, 7 iyun, 2020

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar va karantinga olinganlar, yegulik, davolash va gigiyena vositalari ta’minoti tobora g‘ariblashib borayotganini aytmoqda.

Viloyatdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va karantin hududlaridan kelgan video va foto murojaatlarda, 20 kishining bitta hojatxonadan foydalanishga majburligi, bemorlarning ichimlik suvi, sovun va antiseptik vositalarni o‘zlari sotib olayotgani bildirilgan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ koronavirusga chalingan bemorga 14 kunlik muddat uchun 32 milliondan 64 million so‘mgacha, karantinga olinganlarga esa ayni muddat uchun 2 million 200 ming so‘m ajratilgan.

Navoiyliklarning bu mablag‘lar ularga yetib bormayotgani haqidagi shikoyatlarini, mahalliy darajadagi rasmiylar rad qildi, respublika miqyosidagi rasmiylar esa javobsiz qoldirdi.

Bemorlar: quruq va nam salfetka, antiseptik vosita va sovunni ham sotib olyapmiz

Zarafshon shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan ikki bemor Ozodlikka o‘zlarining sanitariya va gigiyena talablariga javob bermaydigan og‘ir sharoitda saqlanayotganini bildirdi:

“Biz yotgan Terapiya bo‘limida 20 dan ortiq odam bor. Hamma uchun umumiy hojatxonadan bittasi ishlaydi, ikkita yuvinish xonasi. Suv, quruq va nam salfetkalar, antiseptik vositalarni, kirsovun, suyuq sovunlarni hammasini o‘z hisobimizdan sotib olmoqdamiz. Qo‘shimcha dorilarni ham. Hatto yotoqjildlarimiz ham ikki haftadan beri almashtirilmadi. Shikoyat qilsak, “Bu bo‘lim ta’mir uchun yopilgandi, lekin Kovid chiqqandan keyin majbur qayta ochilgan, shuning uchun sharoiti yaxshmas”, deb qutulishyapti”.

Ozodlik gaplashgan bemorlar 10 iyun kuniga qadar o‘zlariga berilgan oziq-ovqat sifatining nihoyatda pastligini ham ta’kidladi:

“Kartoshka, piyoz, bir parcha go‘sht solingan suyuq sho‘rva har kuni. Biz shikoyat qilganimizdan keyin, mana bugundan (10 iyundan – tahr.) boshlab, yaxshilandi. Qo‘shimcha kotlet bershdi bugun. Lekin, haliyam ichilik suvini o‘zimiz sotib olyapmiz. Oddiygina ichimlik suvi ham yo‘q”, deydi shifoxonada qolayotgan bemor.

Ushbu shifoxonadan 10 iyun kuni Ozodlikka yo‘llangan videoda bemorlar saqlanayotgan sharoit aks etgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Зарафшон юқумли касалликлар шифохонаси

Zarafshon shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasidan bu shikoyatlarga izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Bosh shifokor Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Karantindagilar: saharga bitta tuxum va bir bo‘lak non, tushlikka suyuq sho‘rva

Keyingi kunlarda Ozodlikka aynan Zarafshondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ virus yuqtirganlar bilan muloqotda bo‘lgani uchun karantinga olinganlar saqlanayotgan sharoit ham yuqumli kasalliklar shifoxonasidagidan yaxshi emas.

Jumladan, Zarafshon shahridagi Axborot texnologiyalari kollejiga joylanganlarning og‘ir ahvoli aks etgan fotolarda sinfxonalarga bir nechtadan joylangan krovatlar, chakka o‘tgan xonalar, barcha uchun umumiy hojatxona va yuvinish xonalari aks etgan.

Zarafshon Axborot texnolgiyalari kollejida olingani aytilgan surat, 8 iyun, 2020

Yaqinlaridan biri ushbu kollejda saqlangan zarafshonlikning Ozodlikka aytishicha, karantindagilar sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlanmagan, yegulik ham juda nochor.

Zarafshon Axborot texnologiyalari kollejida olingani aytilgan surat, 8 iyun, 2020

“Kuniga suyuq mastava, sho‘rva berishdi. Hammaga bitta rakovina, bitta hojatxona. Virusi yo‘qlar ham yuqtirib oladigan sharoit edi. Oxiri, 8 iyun kuni ularni shaharni chekkasidan ochilgan karantin hududiga ko‘chirishdi. Lekin u yerda ham ahvol yaxshi emas ekan. Telefonlarini olib qo‘yishgan, menga rasm jo‘nata olmadi hali. Xullas, televizorda vazir aytgan 2 million 200 so‘mlik uxod yo‘q bu joylarda. Men Ozodlikda Tomdi tumanidan yozishgan shikoyatiniyam ko‘rdim – xuddi bizdagidek ahvol”, dedi ismini sir saqlagan zarafshonlik.

9 iyun kuni Tomdi tumanidan Ozodlikka yo‘llangan shikoyatda karantinga olinganlarga berilayotgan oziq-ovqat va muassasadagi ahvolning o‘ta yomonligidan shikoyat qilingan edi.

“Bu yerdagi sharoitni ko‘rib, karantindagilarga kuniga 2,2 mln so‘m sarflanyapti degan gap yolg‘on ekaniga amin bo‘ldik. Ertalab qaynatilgan tuxum va bir bo‘lak non berildi. Tushlikka ham immunitetni “keskin oshirib yuboradigan” ovqat! Buning ustiga, zanglagan suv tushyapti. Yaqinlarimiz tashqaridan yegulik kiritishiga ruxsat berilmayapti. Bu karantindagilarga kuniga 2,2 mln so‘m sarflanyapti degan gap yolg‘on ekanining isboti”, deb yozdi karantinda saqlanayotgan tomdiliklardan biri.

Ozodlik bu kabi shikoyatlarga Navoiy viloyati va Zarafshon tuman Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan biror izoh ololmadi.

Rasmiy: muammolar bartaraf etildi, mablag‘ ta’minoti ortig‘i bilan

Zarafshon shahar hokimi o‘rinbosari Obid Hakimov shikoyatlarda tilga olingan muammolarni qisman tan oldi.

Uning aytishicha, shahardagi turli hududlarda vaqtinchalik karantinga joylanganlar, ikki kun muqaddam Zarafshon shahri chetida qurib bitirilgan yangi karantin hududiga ko‘chirilgan va muammolar hal bo‘lgan:

“Ikki kun oldin shahardagi turli karantin zonalarda qolayotganlarni yangi qurilgan 656 o‘rinli karantin zonaga ko‘chirdik. To‘g‘ri, o‘sha ko‘chirish paytida shunaqa anglashilmovchiliklar bo‘ldi. Lekin hozir muammo hal bo‘lgan. Yangi zona qurildi, zarur jihozlar bilan ta’minlandi, muammo yo‘q hozir”, dedi mulozim.

Navoiyda yangi qurilgan karantin hududidan yo‘llangan surat, 10 iyun, 2020

Ayni paytda Zarafshon shahar hokimligi mulozimi, hamshaharlari shikoyatida tilga olingan asosiy ayblov – kishi boshiga ajratilgani iddao qilingan 2 million 200 ming so‘mning karantinga olinganlar va bemorlarga yetib bormayotgani haqidagi arzni rad etdi.

U shuningdek, koronavirus pandemiyasiga qarshi respublikadan ajratilayotgan ta’minot ham susaygani haqidagi taxminlarni qat’iyan inkor qildi:

“Bekor gap bu! Hamma narsa ortig‘i bilan berilyapti. Viloyat jamg‘armasidan mablag‘ kelyapti. Lekin, aniq ma’lumotlarni hokimning iqisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosaridan olasiz. Faqat bir narsaga e’tibor bering, bizda kasallik engil kechayotgani uchun odamlar tezda sog‘ayib qolib, uyimda qolsam bo‘lmaydimi, deb biroz noroziday bo‘lyapti. Aslida noshukurlik qilmay, davlatga rahmat aytishi kerak bu odamlar, qancha mablag‘ sarflanyapti axir! Ozgina sabr qilsak, o‘tib ketadi hammasi”.

Zarafshon hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Shohmirzayev bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Rasman: Navoiyda ahvol 20 maydan og‘irlashdi, Zarafshon koronavirus o‘chog‘iga aylandi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ Navoiy viloyatida 20 maydan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq ahvol og‘irlasha boshlagan. Hozirga kelib, aynan Zarafshon shahri koronavirus aholi orasida tez yoyilayotgan o‘choqqa aylangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, aholi orasida 20 may kun 17 bemor, 22 may kuni 15 bemor, 27 may kuni esa 31 bemor aniqlangan va Zarafshon shahri hozirda qizil zona deb e’lon qilingan.

Shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ikki kun muqaddam ishga tushirilgan yangi karantin hududida, xizmat qiluvchi personal bilan birga, jami 332 kishi saqlanmoqda.

SSV bergan so‘nggi ma’lumot - 10 iyun soat 23:00 holatiga ko‘ra, Navoiy viloyatida jami 242 bemor aniqlangan, shulardan 100 nafarga yaqini hanuz shifoxonalarda qolmoqda.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlik bo‘yicha ilk holat aniqlangan 15 martdan 23 maygacha mazkur virusni yuqtirganlarni davolash va karantinga joylashtirilganlarni ta’minlash uchun 209 milliard so‘mdan ko‘proq pul sarflangan.

Rasman: COVID-19 bemorlariga kamida 32 mln., karantindagilarga 2,200 ming so‘m ajratilmoqda

25 may kuni AOKAda o‘tgan brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov har bir bemor uchun davlat byudjetidan 32 million 300 ming so‘m¸ ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarga esa 64 million so‘mgacha mablag‘ ajratilayotganini aytgan edi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra¸ karantinda saqlanayotgan har bir kishi uchun 2 million 200 ming so‘mdan mablag‘ sarflanmoqda.

Bemor va karantinga olinganlardan bu mablag‘larning o‘zlariga sarflanmayotgani haqidagi shikoyatlari oshib borayotgan bir vaziyatda¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Navoiyda COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurash uchun ajratilgan 222 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirib yuborilgani aniqlanganini ma’lum qildi.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazidagi "mansabdor shaxslar va boshqalar" ajratilgan 5 milliard so‘m mablag‘ning bir qismini talon-toroj qilgan.

Hozirda nomi tilga olingan tashkilotlar rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.