OzodDayjest: Chaqaloqfurushlik holatlari yashirib kelingani tan olindi

Tanzila Norboyeva chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni ko‘payayotganidan xavotir bildirdi.

Tanzila Norboyeva chaqaloq savdosi avj olgani uchun asosiy aybdor kim ekanini aytdi. Muhtasham “VERSAL” koshonasi atigi 14 daqiqa davom etgan kimoshdida arzon-garovga sotib yuborildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Tanzila Norboyeva chaqaloqfurushlik holatlari avval yashirib kelinganini tan oldi

Tanzila Norboyeva chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni ko‘payayotganidan xavotir bildirdi (www.kun.uz, 17 iyun).

Oliy Majlis senati raisi, ayni choqda, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi hamdir. Qayd etilishicha, 2018 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning 38 foizini chaqaloq savdosi tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan.

“Chaqaloqni sotish sabablari o‘rganilganda 19ta holatda oilaviy sharoitning og‘irligi, bolani boqishga imkon yo‘qligi, 3ta holatda uy-joy olish, 9ta holatda o‘z aybini yashirish va 10ta holatda moddiy manfaaat uchun bunga qo‘l urilgani ma’lum bo‘lmoqda”,- degan T. Norboyeva.

Parlament yuqori palatasi raisi chaqaloq savdosi bilan bog‘liq holatlar avvaldan mavjud muammo ekanini ta’kidladi.

“Ilgari ham chaqaloq savdosi bo‘yicha holatlar bo‘lgan. Bu O‘zbekistonda birdaniga paydo bo‘ldi, birdaniga ko‘payib ketdi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Oldinlari bu holatlar bundan ham ko‘p bo‘lgan. Ammo ilgari bu yopiq mavzu bo‘lgani uchun ochiq aytilmasdi”,- degan u.

T. Norboyevaga ko‘ra, chaqaloq savdosida faqatgina muayyan shaxslar emas, unga sharoit yaratib berayotgan, shu narsaga undayotgan muhit ham aybdordir.

Qayd etilishicha, 2019 yilda chaqaloq savdosi jinoyatida ishtirok etgan shaxslarning 32 foizini tibbiyot sohasi vakillari tashkil etgan.

Karantin talablari nega oddiy xalq va oliy rahbariyatga birdek tatbiq etilmayapti?

O‘zbekistonda pandemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin talablari barchaga birdek tatbiq etilmayotir (www.xabar.uz, 16 iyun).

Ijtimoiy tarmoqda Qoraqalpog‘istonda yuz bergan holat videosi tarqaldi. Unda ichki ishlar organi va Milliy gvardiya xodimlari fuqaroni majburan avtomashinaga tiqishga harakat qilayotgani aks etgan.

Ayni jarayonda Milliy gvardiya xodimi fuqaroni bo‘ynidan bo‘g‘ib olgani, atrofdagi odamlarning “bo‘g‘yapsiz, o‘ldirib qo‘yasiz!” degan xitobi eshitiladi.

Aftidan, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari fuqaroni niqob taqmaslikda ayblamoqda. Ularning changalida tipirchilayotgan fuqaro esa “maskam bor” deydi...

Internet nashr ushbu holatga muqoyasa sifatida Mo‘ynoqdagi “Oq kema” oromgohi ochilishidan lavhani havola qilgan. Suratda mahalliy va respublika miqyosidagi rahbarlar aks etgan bo‘lib, ularning aksari niqob taqmagan.

Niqob taqmagan mansabdorlar orasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi vitse-spikeri Akmal Saidovni ham ko‘rish mumkin.

Internet nashr rasmiylarga niqob taqmagani uchun hech kim e’tiroz bildirmayotganiga e’tibor qaratgan.

Toshkentdagi serhasham “VERSAL” koshonasi arzon-garovga sotib yuborilgani e’tiroz uyg‘otdi

Toshkent markazidagi muhtasham “VERSAL” koshonasi 35,3 milliard so‘mga sotib yuborilgani ayrim savollarni tug‘dirdi, deb yozadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Majmua sotilishi haqidagi xabar 14 iyun kuni 18:00 dan keyin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmatiga tayanib tarqatildi. Savdoning o‘zi esa 15 iyunda bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, auksion atigi 14 daqiqayu 21 soniya davom etgan. Boshlang‘ich narxi 34 641 811 737 so‘m bo‘lgan majmua 35 334 647 971 so‘mga “DIAMOND DRINKS CO” nomli shirkatga sotilgan. Ochiq ma’lumotlar bazasida bu shirkat haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

“VERSAL” majmuasi 2011 yil dekabr oyida 14,8 mln. AQSh dollaridan ortiq qiymatda ochiq sotuvga qo‘yilgan. Oradan 9 yil o‘tib esa u 3 million 480 ming AQSh dollari qiymatida sotilgan.

“2011 yilda eng kamtar hisob-kitoblarga ko‘ra, 14,8 mln AQSh dollar deb baholangan, yil sayin qiymati oshib boradigan, shaharning qulay joyida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ekti arzonga sotildimi yoki real bahogami, bu savolga javob topishni o‘zingizga havola qilamiz”,- deb yozadi Platforma.uz kanali.