OzodDayjest: Namanganlik o‘quvchi arzimas pul uchun buvisini vahshiylarcha o‘ldirdi

O‘smir buvisining uyidan pul o‘g‘irlashga qaror qilgan.

Namanganda nobakor nabira buvisini vahshiylarcha o‘ldirdi. Xonanda Shohjahon Jo‘rayev telekanallar talabiga binoan soqolini qirib tashlashga majbur bo‘ldi. Joriy haftada matbuot mana shular haqida yozdi.

Koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan shifokor qo‘shimcha to‘lovlar berilmayotganidan shikoyat qildi

Toshkent shahri 10-sonli Yakkasaroy tumani tez tibbiy yordam bo‘limining koronavirus infeksiyasiga qarshi tashkil etilgan maxsus brigadasi vrachi Sherali Baxronov qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanmayotganidan arz qildi (www.kun.uz, 24 iyun).

“2020 yilning 31 martidan 20 iyunigacha koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularni Virusologiya klinikasi, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasi, TTA 2-klinikasi, 1-sonli shahar klinik shifoxonasi hamda Terapiya va reabilitatsiya ilmiy-amaliy tekshirish markaziga bevosita yotqizishda ishtirok etdim. Ammo Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi PF-5969 sonli farmoni xamda 2020 yil 26 martdagi PK-4652 sonli qarori va Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi 20-sonli yig‘ilish bayonnomasi bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga asosan haligacha 6 foizlik qo‘shimcha to‘lov va maxsus to‘lovni ololganimiz yo‘q”, - degan shifokor.

U mazkur masalada prezident portaliga ikki marta murojaat qilgani, biroq ijobiy natija bo‘lmaganini ta’kidlagan. O‘zbekiston prezidentining joriy yil 19 martdagi farmonida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlari oylik maoshiga 6 foiz miqdorida kunlik qo‘shimcha to‘lov joriy qilinishi belgilangan.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan vrachlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 25 million so‘m (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Namanganlik o‘quvchi arzimas pul uchun buvisini vahshiylarcha o‘ldirdi

Namangan shahridagi maktablardan birida o‘qiyotgan o‘smir vahshiylarcha qotillik sodir etdi (“Huquq” gazetasi, 2020 yil 24-son).

Namangan viloyati prokuraturasi bo‘lim AMIB katta tergovchisi Shahzodbek Mamarahimovga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan o‘smir yigitning otasi katta qizining to‘yi g‘amida Rossiyaga pul ishlagani ketgan, onasi kafeda idish yuvib pul topgan. Bola esa butunlay nazoratsiz qolgan.

Ma’lum bo‘lishicha, maktab o‘quvchilari ustozlaridan yashirincha bayram uyushtirish uchun ikki yuz ming so‘mdan pul yig‘adi. O‘smir yigit esa buvisining uyidan pul o‘g‘irlashga qaror qilgan. Shu maqsadda u joynamoz ustida ibodat qilayotgan buvisini tesha bilan chopib o‘ldirgan va uydagi seyfni o‘g‘irlab ketgan.

Surishtiruvlar natijasida qotillikni nobakor nabira sodir etgani fosh etilgan. Jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Xonanda Shohjahon Jo‘rayev telekanallar talabiga binoan soqolini qirib tashlashga majbur bo‘ldi

O‘zbekistonlik mashhur hofiz Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li, xonanda Shohjahon Jo‘rayev telekanallar talabiga binoan soqolini qirib tashlashga majbur bo‘ldi (www.daryo.uz, 22 iyun). Bu haqda xonandaning o‘zi Instagram tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilgan.

“Soqol sizga yarashadi, qo‘yib yuravering deydigan muxlislarga ta’kidlab aytaman: eng asosiy muammo televideniye san’atkorlarni soqol bilan qo‘ymaydi”,- degan Shohjahon Jo‘rayev.

Bir muddat avval “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi San Jay taxallusi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi xonanda Sanjar Javberdiyevdan litsenziya uchun soqolini olishni talab qilgan edi.

“Menga soqolim yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi deyishyapti. Qanday qilib? U holda nima uchun butun shahar bo‘ylab soqoldagi Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqa ota-bobolarimizning haykallari va portretlari turibdi? Menga soqol bilan chiqish qilish mumkin emasligi yozilgan hujjatni ko‘rsatishmadi”, - degan edi Sanjar Javberdiyev.

2019 yil avgust oyida Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida o‘nlab erkakning soqoli IIB xodimlari tomonidan majbur qirib tashlangani ham ijtimoiy tarmoqda e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.