O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li hali-beri quriladiganga o‘xshamaydi

O‘zbekiston - Xitoy temir yo‘li Qirg‘iziston hududida uzilib qoladi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi 1990- yillardan beri muhokama qilib kelinadi, lekin shu kungacha bu loyiha amalga oshmay qolmoqda. Xususan, temir yo‘lning Qirg‘izistondagi qismini qurish hatto boshlangani yo‘q. Shunga qaramasdan, 5 iyun kuni Xitoyning Gansu viloyatidagi Lanchjou shahridan ilk yuk poezdi Toshkentga yo‘l oldi.

Qirg‘iziston hududida temir yo‘l hali yotqizilmagani uchun 2,6 million dollarlik qiymatga ega yuklar Xitoyning Shinjon Uyg‘ur rayonidagi Qoshg‘ar shahrida poyezddan tushirilib, yuk mashinalariga ortildi. Qirg‘izistonning O‘sh shahrida esa yuklar Toshkentga boruvchi poyezdga ortildi. Toshkentga yuborilgan yuklar Xitoy yordami bilan 2016 yilda qurib bitirilgan Pop-Angren temir yo‘l liniyasi orqali yurdi.

Toshkentda poyezdga 1 million dollar qiymatga ega 525 tonna o‘zbek paxtasi ortiladi. Bu yuk ham O‘shda poyezddan tushirilib, yuk mashinalariga, so‘ngra Qoshg‘arda qaytadan poyezdga ortiladi.

17 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov hamda «Qirg‘iz temir yo‘llari» davlat shirkati rahbari Vasiliy Dashkovlar bilan uchrashib, temir yo‘l masalalarini, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li loyihasini muhokama qildi.

Xabarlarga ko‘ra, Jeenbekov loyihani Qirg‘iziston uchun eng yirik va eng muhim loyihalardan biri, deb atagan.

18 iyun kuni «Qirg‘iz temir yo‘llari» shirkati bir oy ichida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanishini ma’lum qildi.

Shirkat saytida e’lon qilingan bildiruvga ko‘ra, bosh direktor Dashkov:

- Tomonlar bilan barcha masalalarda kelishuvga erishilgan. Qurilishni boshlashga hech qanday to‘siq ko‘rmayapmiz, faqat yana bir nechta muzokaralarni o‘tkazish kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng qurilishni boshlaymiz. Moliyaviy masalaga kelsak, Rossiya ham, O‘zbekiston ham ko‘mak ko‘rsatishga tayyor, - degan.

Ammo ushbu bildiruv 19 iyun kuni «Qirg‘iz temir yo‘llari» saytidan g‘oyib bo‘ldi.

Shirkatning qurilish va dizayn bo‘limi rahbari Jamshitbek Qalilov 18 iyun kuni bir kun oldin anglashilmovchilik bo‘lganini, iyul oyida qurilish ishlari boshlanishi haqiqatdan yiroq ekanligini aytdi.

Qalilov Xitoy va O‘zbekiston rasmiylari bilan koronavirus pandemiyasi tufayli asosan videokonferensiya orqali muzokaralar davom etayotganini, loyihani moliyalashtirish hamda temir yo‘l kengligi bo‘yicha hal qilinmagan muammolar borligini bildirdi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li loyihasi 1990 yillardan beri muhokama qilinib keladi.

Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston bosh vazirlari 1997 yilning 21 iyulida Qirg‘iziston-Xitoy chegarasidagi «Ergashtom» chegara punktini ochish marosimida qatnashgan edi.

O‘shanda bu uch davlat rasmiylari yaqin orada Andijon-O‘sh-Qashg‘ar avtomobil yo‘li ochilishini e’lon qilnan, ammo bu yo‘l 2018 yilga kelibgina ochildi. O‘shanda beri rasmiylar temir yo‘l «yaqinda» ochilishini va’da qilib kelmoqda.

2001 yilning iyunida Qirg‘iziston transport va kommunikatsiya vaziri Qubanichbek Jumaliyev O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. 2008 yilning yanvariga kelib Xitoyning Xinhua xabar agentligi temiryo‘lni qurish boshlanganini va loyiha 2010 yilda yakunlanishini xabar qildi.

O‘shandan beri o‘zbek va qirg‘iz rasmiylari Xitoy rasmiylari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida temir yo‘l masalasini ko‘p va xo‘p muhokama qilishdi, ammo uni yakunlash yo‘lida sezilarli siljish bo‘lmadi.

2017 yili Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambayev temir yo‘l loyihasi haqida so‘zlab, poyezdlar Qirg‘izistonda to‘xtab o‘tmasligiga e’tiroz bildirdi.

Atambaev liniyani rejalashtirilgandan boshqacha qilib yotqizishni taklif qildi. Xususan, prezident liniyani Otboshi va Qazarman shaharlari orqali o‘tkazishni taklif qildi. Atambayev bunday o‘zgartirish loyiha narxini 1,5 milliard dollarga oshirishini tan oldi.

Qalilov esa liniya haqida hanuz biror kelishuvga erishilmaganini, 2018 yilning martida Qalilov Xitoy yo‘lning Qirg‘izistondan o‘tuvchi qismini maksimal darajada qisqa qilishni talab qilayotganini aytdi.

Bu esa liniyani «Ertgashtom» chegara punkti orqali o‘tkazishni talab qiladi. Ayni damda yuk mashinalari aynan shu punkt orqali yuradi.

Ammo Qalilov Qirg‘iziston tarafi liniyani «Torug‘art» orqali o‘tkazish uchun kurashayotganini aytdi. Bu esa liniyani Koshg‘ardan shimolga qarab 165 km burishni talab qiladi.

Qirg‘izistonda temir yo‘lni uzaytirish uchun kerak bo‘ladigan qo‘shimcha 1,5 milliard dollar mablag‘ yo‘q. Joriy yilning 18 iyunida «Qirg‘iz temir yo‘llari» saytida qisqa muddatga e’lon qilingan bildiruvda Dashkov loyihaning umumiy qiymati 4,5 milliard dollar bo‘lishini aytgani e’tirof etildi.

Qirg‘iziston orqali o‘tadigan liniya uzun emas – bor-yo‘g‘i 450-500 km masofaga cho‘ziladi. Ammo yo‘l ayrim joylarda dengiz sathidan 2-3,5 ming metr balandda joylashgan tog‘lar orqali o‘tadi.

Bu esa 50 ka yaqin tunnel qazishni va 90 dan oshiq ko‘prik qurishni talab qiladi. Bunday loyiha har qanday davlat, ayniqsa, naqd pulga boy bo‘lmagan Qirg‘iziston uchun juda qimmatga tushadi.

Dashkov moliya masalasida Rossiya va O‘zbekiston yordam berishga tayyor ekanligini aytdi. Bu juda qiziq sharh, chunki ayni damda na O‘zbekiston, na Rossiya Qirg‘izistonda temir yo‘l yotqizishga mablag‘ sarflashga qodir emas. Rossiya esa o‘z hududidan o‘tmaydigan, Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan loyihani umuman qo‘llamasligini kutish mumkin.

Shunga qaramasdan, 2019 yilning noyabrida Jeenbekov Rossiya loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun Qirg‘izistonga 200 million rubl ajratajagini aytdi. 2020 yilning aprelida esa Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Xitoy rasmiylari bilan loyihaga Rossiyani jalb qilish masalasi muhokama qilinganini aytdi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurib bitirilganidan keyin, u Xitoyni Yevropa va Yaqin Sharq bilan bog‘lovchi eng qisqa yo‘l bo‘lishi aytilmoqda.

Ayni damda Xitoyni Yevropa bilan bog‘lab turuvchi yo‘l Qozog‘istonning «Xorgos» chegara punktidan o‘tadi. Ayrim manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li «Xorgos» orqali o‘tuvchi yo‘ldan 295 kmga qisqaroq bo‘ladi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lining yakunlanishi Qozog‘iston manfaatlariga mos kelmasligi mumkin, ammo loyihaning yakunlanishi boshqa bir necha davlat uchun foyda keltirishi kutilmoqda.

Ayrim hisobotlarga ko‘ra, liniya keyinchalik Afg‘oniston, Eron, Turkiya orqali Yevropaga yetib boradi. Boshqa manbalarda esa yo‘l Turkmanistonga borishi, Kaspiy dengizida yuk kemalariga ortilib, undan nari Istanbul orqali Yevropaga yetib borishi e’tirof etildi. Liniya ikkiga bo‘linishi va ikkala yo‘nalish ham ishga tushishi mumkin.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li Xitoy uchun O‘zbekistondagi Mingbuloq neft koniga yo‘l ochib beradi. 1992 yil mazkur konda avariya sodir bo‘lib, 285 ming tonnadan ortiq neft oqib ketgan edi.

2008 yil Xitoyning China National Petroleum Corp (CNPC) shirkati 2035 yil yakunigacha konni qayta ochish va o‘zlashtirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. 2015 yilda neft narxi tushib ketgani uchun kondagi ishlar to‘xtab qoldi, ammo 2017 yilda yana tiklandi. Xitoy shirkati Mingbuloqda 30 million tonnadan oshiq neft borligiga, bir kun kelib kuniga 4000 barrel neft qazib olishiga ishonadi. Bu juda oz, ammo kon Xitoy chegarasidan atigi 500 km masofadadir.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li Xitoyni Markaziy Osiyoga bog‘lovchi tugallanmagan ikki loyihaning biri. Ikkinchisi Turkmaniston-Xitoy tabiiy gaz quvuri loyihasining D liniyasidir.