Farg‘onalik fermer dala shiyponida o‘zini osdi

Bug‘doy va bug‘doyzor

Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumanining Sultonobod qishlog‘ida yashagan fermer 42 yashar Akmaljon Otabekov 9 iyul kuni o‘z dala shiyponida osilgan holda topildi.

Marhum yaqinlariga ko‘ra, Akmaljon o‘zini osishdan avval dala shiyponi eshigini ichkaridan qulflab olgan va ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, chaqirtirgan.

Marhumni yaqindan bilgan fermer, uning o‘z joniga qasd qilishiga hokimlik tomonidan rejadan ortiq bug‘doy topshirishga majburlangani sabab bo‘lganini iddao qilmoqda.

Uchko‘prik tumani hokimligi axborot xizmati rahbari tumanda birorta fermerga bunday majburiyat yuklanmaganini, fermerning o‘limidan esa mutlaqo xabari yo‘qligini aytdi.

Uchko‘prik tumani IIBning o‘zini tanishtirmagan mulozimi Akmaljon Otabekovning o‘limini tasdiqladi:

“Ha, o‘zini osib qo‘yibdi, deyishyapti. Lekin bu haqda ma’lumotim yo‘q. Bu ish bilan tuman prokuraturasi shug‘ullanyapti”.

Akmaljon Otabekovni yaxshi taniydigan, ismi sir qolishini so‘ragan uchko‘priklik fermerlardan birining aytishicha, voqea 9 iyul kuni ertalab marhumning dalasida sodir bo‘lgan:

Eshikni ichkaridan qulflab, o‘zini osib qo‘ygan ekan.

“Ukasining aytishicha, Akmaljon ertalab soat 8 da tezda dalaga yetib kel, komissiya kelarmish deb qo‘ng‘iroq qilgan. Ukasi borsa dala shiyponi ichidagi uyga kirib, eshikni ichkaridan qulflab, o‘zini osib qo‘ygan ekan. Tezda arqonni kesib tushirib olsa allaqachon joni chiqqan ekan. Bir xat ham yozib qoldirgan deyishadi, lekin u xat hozir kimning qo‘lida, bilmayman”.

Fermerning iddao qilishicha, bir-ikki kun avval tuman hokimi rejadan ortiq yana besh tonna bug‘doy topshirasan deb bosim qilayotganini Akmaljonga aytgan:

Hokimlik yana qo‘shimcha besh tonna bug‘doy talab qilayotgan ekan.

"Akmaljonning yeri suv ta’minoti juda ham qiyin bo‘lgan “Obod o‘lka” cho‘l hududida joylashgan. 26 gektar yeri bor. Shartnomasi 51,5 tonna bug‘doy topshirish edi. U 51,6 qilib bajargan. Hokimlik yana qo‘shimcha besh tonna bug‘doy talab qilayotgan ekan. O‘zi cho‘l hududda g‘alla yetishtirish juda qiyin, yana buning ustiga qo‘shimcha g‘alla so‘rash hokimlik uchun yangilik emas. Viloyat uchun, respublika uchun besh tonna, o‘n tonna qo‘shib ber deb ezib yuborishadi.”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermerning aytishicha, Akmaljon va boshqa fermerlar shu paytgacha o‘tgan yili klasterga sotgan paxtasining pulini ololmagan:

Birinchi, respublikani rejasi, viloyatni rejasi, tumanni rejasi va hokimning o‘zini rejasi.

“Haqiqatan, hokim juda qiynavordi. Fermerning ko‘z tikkani shu bug‘doy edi. Chunki klaster hali ham aksariyat fermerning paxta pulini bermagan. Mana, qo‘shni Buvayda tumani rejadan ortiq 200 tonna topshirgan, xolos. Bizning tuman ming tonnadan oshiq topshirsa ham, yana fermerlarni qo‘ymayapti. Hozir bizda asosiy rejadan tashqari yana to‘rtta “reja” bor. Birinchi, respublikani rejasi, viloyatni rejasi, tumanni rejasi va hokimning o‘zini rejasi. Misol uchun 100 tonna shartnomadagi reja bo‘lsa, qo‘shimcha “reja”lar bilan 150 tonnaga borib qolyapti, shunda ham qiynayaptida”.

Uchko‘prik tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Azizjon Ermatov 10 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda, bir kun oldin fermerning o‘zini osganligi voqeasidan mutlaqo xabari yo‘qligini aytdi:

“Yo‘q, yo‘q, yo‘q, unaqa voqea sodir bo‘lmadi. Meni umuman xabarim yo‘q, hozir sizdan eshitib turibman”.

Azizjon Ermatov fermerning o‘zini osishiga ortiqcha bug‘doy topshirishga majburlangani sabab bo‘lishi haqidagi iddaolarga bunday deb javob berdi:

“Uchko‘prik tumani bug‘doy planini viloyatda ikkinchi yoki uchinchi bo‘lib, boshida bajargan. Bizda bug‘doy mo‘l-ko‘l bo‘ldi. Plandan ortig‘i fermerlarning o‘zlariga, ishchilariga qolgan. Birorta fermerning rejasidan ortiq bug‘doyi olinmagan”

42 yashar Akmaljon Otabekovning 11-sinfda o‘qiydigan bir o‘g‘li yetim qoldi.

Ozodlik xabar topgan fermerlar suiqasdi

O‘zbekistonda hukumat rejasini bajarish bosimi¸ bor bug‘doyini o‘rib olish ortidan fermerlarning o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez uchrab turadi.

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 29 yoshli fermer 2019 yil 24 aprel kuni o‘z uyi molxonasida o‘zini osgan edi.

Beruniy tumani hokimligining Ozodlik suhbatlashgan xodimi fermerning yeri ruxsatsiz ekin ekkani uchun olib qo‘yilganini tasdiqlagan edi.

Surxondaryoning Denov tumani Beruniy qishlog‘idagi fermer xo‘jaligi rahbari Sherali Beknazarov 2018 yilning 14 oktabr kuni o‘z uyi podyezdida osilgan holda topildi.

Qarindoshlari va mahalladoshlari Ozodlikka 61 yoshli fermerning paxta zavodiga belgilangan normada paxtani topshirmagani uchun tazyiqqa olinishi ortidan joniga qasd qilganini aytdi.

Ozodlik ​Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumaninining Kalta qishlog‘ida yashagan 50 yashar fermer Sherali Davronovning 18 iyun kuni o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar bergandi.

2017 yilning iyunida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida fermerlik qilib kelgan O‘ktam Eshmurodov dalasidagi shiyponda o‘zini osgan edi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan suiqasd tafsilotlariga yaqin kosonliklar iddaosicha, 43 yashar fermer bug‘doy rejasini bajara olmagani uchun hokimdan kaltak yeganidan so‘ng o‘zini o‘ldirgan.

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Husniddin Rajabov ham o‘tgan yilning 21 iyun kuni o‘zini osib qo‘ygan edi. Izboskanlik fermerlarga ko‘ra, Rajabov rejadan orttirgan va ishchilariga taqsimlash niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olgandan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

2015 yili Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.

Undan oldin, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiyev uyiga qaytgach, o‘zini osgandi.

2013 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak xurujidan vafot etgan edi.