Putinning vakili namoyishlar tinchimayotgan Xabarovskka favqulodda xizmat safari bilan bordi

Xabarovsk o‘lkasi eks-gubernatori Sergey Furgal.

Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida gubernator Sergey Furgal hibsga olinishi ortidan boshlangan norozilik aksiyalari ikki kundan beri tinchimayapti. 12 iyul kuni norozilar Federal xavfsizlik xizmati imorati oldida to‘planib, «Furgal ozodlikka chiqarilsin!» deya hayqirishdi.

10 iyul kuni Moskva shahrining Basmanniy tuman sudi 50 yoshdagi Furgalni 9 sentabrgacha tergov izolyatorida ushlab turish haqida qaror chiqargan edi.

Unga 2004-2005 yillarda qotillikka urinish va bir necha mahalliy tadbirkorni o‘ldirishni buyurish ayblovlari qo‘yilgan.

Furgalning matbuot kotibi Nadejda Tomchenko gubernator tarafdorlariga minnatdorchilik bildirdi.

Kotib Facebookda namoyishchilarga rahmat aytar ekan, ularni agressiya va provokatsiyaga berilmaslikka chaqirdi.

13 iyul kuni Rossiya prezidentining Uzoq Sharq federal okrugidagi vakili Yuriy Trutnev Xabarovskka bordi. «Kommersant’» nashrining xabar berishicha, Trutnev okrug huquq-tartibot organlari rahbarlari bilan uchrashgan va viloyat hokimiyatining bir qator rasmiysi bilan yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazgan.

Trutnev mahalliy rasmiylarni norozilik aksiyalarini uyushtirishda ayblab, ularga zudlik bilan chek qo‘yishni talab qilgan. Rasmiy namoyishchilar bilan uchrashmagan.

Vladimir Jirinovskiyning millatchi «Rossiya liberal demokratik partiyasi»ga (LDPR) a’zo Furgal 2018 yilda Kreml xushlagan nomzod Vyacheslav Shport ustidan kutilmaganda g‘alaba qozongan edi.

Furgalni qo‘llab namoyishga chiqqan norozilar nima sababdan tergovchilar Furgal bundan 15 yil oldin sodir etgani iddao qilinayotgan jinoyatlar uchun endi qo‘lga olganini so‘rab, sudni Xabarovskda o‘tkazishni talab qilmoqda.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, 11 iyul kuni 5-10 ming Xabarovsk turg‘uni namoyishga chiqqan. Ammo norasmiy manbalarga ko‘ra, namoyishchilarning soni aslida 30-35 mingga yaqin bo‘lgan.

11 iyul kuni Xabarovsk o‘lkasining Komsomolsk-Amur, Yelban, Solnechniy hamda boshqa shaharlarida ham norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi.

Furgal 9 iyul kuni qo‘lga olingan va o‘sha kuniyoq Moskvaga yuborilgan. Unga bundan 15 yil oldin tadbirkor Aleksandr Smolskiyga suiqasd urinishini uyushtirish va yana ikki tadbirkor – Yevgeniya Zori va Oleg Bulatovga qarshi suiqasd uyushtirish ayblovlari qo‘yilgan.

Jirinovskiy Rossiya davlat dumasida qilgan chiqishida Furgalning qo‘lga olinishi ortida siyosiy motiv borligini ta’kidladi va o‘z partiyasi norozilik bildirib mandatidan voz kechishga tayyor ekanligini aytdi.

- Biz norozilik izhori o‘laroq iste’foga chiqishga tayyormiz. Kerak bo‘lsa, LDPR fraksiyasi o‘z mandatlaridan voz kechib, bu yerni tark etadi. Butun dunyo bu qanchalik tartibsiz mamlakat ekanligini ko‘rsin, - dedi Jirinovskiy .

Jirinovskiy prezident Vladimir Putin ismini tilga olmagan holda o‘z partiyasi konstitutsiyaga yaqinda kiritilgan o‘zgartishlarni qo‘llaganini ta’kidladi. Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar Putinga 2036 yilgacha hokimiyat tepasida qolishi imkonini berdi.

- Konstitutsiya kerakmidi? Konstitutsiya berdik. Endi qo‘limizga kishan taqyapsiz. Uyat! Yuqori lavozimda o‘tirib, Stalinga o‘xshab ish tuta boshladingiz, - dedi siyosatchi.