Pnevmoniyadan Qirg‘izistonda 612, Qozog‘istonda esa 623 bemor o‘ldi. Rasmiylar O‘zbekistonda pnevmoniya epidemiyasi yo‘qligini aytmoqda

Koronavirus yuqib, pnevmoniyaning og‘ir formasidan aziyat chekayotgan bemor sun’iy nafas oldirish qurilmasiga ulangan. Toshkent, 2020, iyun

Qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonda yuzlab kishi hayotiga zomin bo‘layotgan pnevmoniya epidemiyasi, Ozodlik gaplashgan SEOA bo‘linmalari va SSV rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozircha kuzatilmayotir.

Ammo, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatlaridagi shifokorlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda atipik pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘paygan va bu kasallikni ham COVID-19 infeksiyasi keltirib chiqarmoqda, degan xulosaga kelingan. Shifokorlarga ko‘ra, bunday pnevmoniyadan o‘lim holati oz.

Koronavirus statistikasiga qo‘shilmay, alohida hisoblanayotgan pnevmoniyadan vafot etganlar 16 iyulgacha Qirg‘izistonda 612 nafar (kasallanganlar 10 mingga yaqin) Qozog‘istonda esa 623 nafarga (kasallanganlar 39 mingdan) yetdi.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda COVID-19 infeksiyasi alomatlari ko‘ringan, ammo virusning o‘zi aniqlanmagan pnevmoniya kasalligi keng ko‘lamda tarqalishda davom etmoqda.

Shifokorlar orasida "yangi turdagi", "atipik", "noma’lum", "vnebolnichniy" pnevmoniya, deb nomlanayotgan bu kasallikning alomatlari koronavirus infeksiyasi qo‘zg‘agan COVID-19 kasalligi bilan bir xil, ammo test tahlillarida virus aniqlanmayotir.

Bundan tashqari, pnevmoniya tashhisi qo‘yilgan bemorlarda o‘pkaning yallig‘lanishi, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan tez kechmoqda. Og‘ir holatlarda o‘pka yallig‘lana boshlaganidan 4-5 kun o‘tib, bemor vafot etmoqda.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 16 iyulga kelib qariyb 10 ming odam bu kasallikka chalingan, 612 nafari o‘lgan.

Qozog‘istonda esa rasmiy ma’lumotga ko‘ra, qariyb 40 ming odam pnevmoniyaga chalingan, 628 odam bu kasallikdan o‘lgan.

Har ikki davlat shifokorlari pnevmoniyaga chalingan bemorlarni COVID-19 infeksiyasini davolash metodikasi asosida davolamoqda. Ammo, kasallikning rivojlanish sur’ati COVID-19 bemorlariga nisbatan tez kechayotgani, buning ustiga tibbiy resurslar yetishmayotgani bois, o‘lim ko‘lami oshib borayotganini qayd etmoqdalar.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining Qozog‘istondagi vaziyatni kuzatayotgan ekspertlari bu kasallikni kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yangi turdagi pnevmoniya, deb ta’riflamoqda va hozirgacha, uni koronavirus infeksiyasi qo‘zg‘agani taxmin qilinmoqda.

O‘zbekistonda ham pnevmoniya bilan kasallanish hollari kuzatilmoqda, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislariga ko‘ra, bu kasallikni COVID-19 infeksiyasi qo‘zg‘amoqda. Ammo, qo‘shni davlatlardagi kabi kelib chiqishi noma’lumligi aytilayotgan pnevmoniya kasalligi O‘zbekistonda rasman hanuz qayd etilmagan.

Pnevmoniyaga chalingan bemorlar

Toshkentda yashaydigan 36 yashar bemor bir necha kun muqaddam o‘ziga pnevmoniya boshlang‘ich darajasi tashxisi qo‘yilganini bildirdi. (Bemorning shaxsiga oid ma’lumotlar oshkor qilinmayotir.)

Bemorning aytishicha, u o‘zida kuchli isitma, qattiq yo‘tal, ta’m yoki hid bilish qobiliyatini yo‘qotish kabi COVID-19 infeksiyasida kuzatiladigan boshqa alomatlarni sezmagan.

Suhbatdosh “Tez yordam” xizmatiga murojaat qilgani, ammo kutishga sabri chidamay, xususiy klinikaga borib, umumiy tibbiy tekshiruvdan o‘tganini aytdi:

“Ozgina shamollab qolgandim. Kuchli isitma yo‘q edi. Keyin o‘zim borib, MSKT (kompyuter tomografiyasi-tahr.) qildirsam, o‘pkaning ikki tomonlama yallig‘lanishi, deb diagnoz qo‘yishdi, hali boshlang‘ich darajasi ekan, protsentini aytishmadi, to‘g‘risi. Dorilarni yozib, uyda davolanishga tavsiya berdi vrach. Unaqa kovidga podozreniye, demadi, shifoxonaga ham jo‘natmadi. Chunki, test natijasini uzoq kutish kerak, uni ustiga borib, virus yuqtirib kelish mumkin. Doktor uyda davolaning, ahvolingiz og‘irlashsa yana keling, yotqizamiz, dedi.”.

Buxorodagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan mahalliy jurnalist Uchqun Tursunov ham pnevmoniyaga chalingani, ammo COVID-19 uchun topshirgan ilk tahlilida virus tasdiqlanmaganini aytdi.

Aytishicha, uni koronavirus yuqtirgani gumon qilingan bemorlar bilan bir shifoxonada davolashmoqda, u bir xonada davolangan 3 bemorda koronavirus aniqlangach, boshqa shifoxonaga jo‘natilgan:

"Birinchi marta topshirganimda virus tasdiqlanmadi. Lekin, o‘pkada ikkitomonlama yallig‘lanish chiqdi. Hozir shifoxonadaman. Ahvolim ancha yaxshi. Bu yerda shifokorlar bemorlarga juda yaxshi qarashyapti, juda mamnunman. Mendagi pnevmoniyani nima keltirib chiqargani jumboq, hozircha", dedi jurnalist.

Shifokorlar atipik pnevmoniya holatlarini qayd etmoqda

Ozodlik gaplashgan Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatlaridagi shifokorlar so‘nggi bir oy ichida koronavirus infeksiyasi alomatlari aynan ko‘ringan, ammo virusning o‘zi aniqlanmagan bemorlarda atipik pnevmoniya kasalligi kuzatilayotganini aytmoqdalar.

Jumladan, Toshkent Tibbiyot akademiyasi qoshidagi klinikalardan birida ishlaydigan shifokordan olingan ma’lumotga ko‘ra, bunday bemorlar, hali koronavirus aniqlanmagani uchun, alohida shifoxonalarga yotqizilmoqda va COVID-19 kasalligi metodikasi bilan davolanmoqda:

"Atipichniy pnevmoniya turi chiqqan. Uyam kovidning bir belgisiz turi. Vahima keragidan ortiqcha ko‘tarilgan, lekin asossiz. To‘g‘ri, o‘lim holatlari bor, lekin unaqa ko‘p emas".

Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, bunday bemorlar koronavirus bemorlaridan ayirilib, maxsus ajratilgan shifoxonalarda davolanmoqda.

Ana shunday muassasalardan biri bo‘lgan poytaxtdagi 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qabulxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bunday bemorlar talaygina:

“Bizga bunaqalar kovidga podozreniye bilan keltirilyapti. Lekin, 3 kun uzog‘i bilan 5 kunda ma’lum bo‘lyapti. Kovid chiqqanlar maxsus shifoxonaga ketadi, chiqmaganlar tuzalib, uyiga ketadi. Hozir pnevmoniya bo‘lganlarning ko‘pi kovidga chalingan, faqat test topshirmagan yoki natijasi uzoqda chiqadigan bemor bo‘lishi mumkin”, dedi ushbu shifoxona xodimi.

Samarqand viloyatidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlaydigan shifokor ham keyingi paytlarda COVID-19 infeksiyasi aniqlanmagan, ammo o‘pka yallig‘lanishi 50 foizdan oshib ulgurgan bemorlar soni avvalgidan biroz ko‘payganini bildirdi.

"Bemorni analizing 3 martagacha otritsatelniy (manfiy) chiqib turgan bo‘lishi mumkin. Kelyapti shunaqa bemorlar. Analiz natijasini kutib o‘tirsangiz, bemorda o‘pka yallig‘lanishi rivojlanib ketyapti. Shuning uchun, ularni alohida shifoxonaga joylab, davolashni boshlaganmiz. Ayrimlarida 2-3 testda koronavirus chiqyapti. Lekin, tezda tuzalib ketayotgan bemorlarda 3-testga kelib, virus avval bor bo‘lsa ham chiqmaydi, chunki bemor tuzalgan. Ammo, mening ishonchim komil, bu pnevmoniyani ham kovid qo‘zg‘ayapti", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz shifokor.

Chegaradagi shifokorlar qo‘shnilar holidan xabardor

Ozodlik Qirg‘izistonga chegaradosh hududlar – Andijon va Namangan viloyatlaridagi shifoxona, Sanitariya epidemiologiya markazlari va Koronavirus shtablariga ham bog‘landi.

Muxbir qator rasmiy idoralardan, Qirg‘iziston yoki Qozog‘istondagi kabi, ommaviy pnevmoniyaga chalinish holatlari borligi yoki bu kasallikning yoyilishiga oid biror ma’lumot hanuz qayd etilmagani, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki boshqa hukumat tashkilotidan bu borada ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yish haqida topshiriq bo‘lmagani haqida javob oldi.

Ammo, Ozodlik gaplashgan vodiylik shifokorlar qo‘shnilaridagi vaziyatdan xabardorligini bildirdilar.

Jumladan, Namangan viloyatidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining navbatchi shifokori Qirg‘izistonda qayd etilgan eng so‘nggi raqamlarni tilga oldi:

“Bugungi statistika bo‘yicha 74 kishi pnevmoniyadan o‘ldi Qirg‘izistonda, deb o‘qidim Internetda bugun (15 iyul). Lekin, men shifoxona nomidan gapirolmayman, vrach sifatida aytaman: bizda alohida pnevmoniya yo‘q. Bo‘lmasin ham. Unaqa pnevmoniyaga tayyorgarlik ko‘rib turinglar, degan ko‘rsatma kelganidan ham xabarim yo‘q. Bizda koronavirusga chalinganlar bor va ularni belgilangan tartibda davolayapmiz. Lekin, koronavirus 5 martagacha testda manfiy berib, keyin musbat chiqishi mumkin. Shuning uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti u pnevmoniyani ham koronavirus keltirib chiqarayotgan bo‘lishi mumkin, deganini o‘qidim Internetda”, dedi ismini ochiqlashni istamagan shifokor.

Shuningdek, Qirg‘izistonga chegaradosh Andijon viloyatida ishlaydigan shifokorlardan biri ham qo‘shni davlatdagi vaziyatni muttasil kuzatib borayotgani, undan biroz xavotirda ekanini ham aytdi.

“Bizda hozircha unaqa pnevmoniya yo‘q. Meni nazarimda qo‘shni davlatlarda diagnostikada muammo bo‘lyapti. Bu pnevmoniyani koronavirus infeksiyasi chiqaryapti, degan fikrdaman men. Qo‘shnilar ham oxiri shu xulosaga keladi. Balki bu koronavirusning mutatsiyaga uchragan shakli ham bo‘lishi mumkin. Ammo, koronavirus infeksiyasi hali to‘liq o‘rganilmagan, shuning uchun bu haqda oldindan bir narsa deyish juda qiyin”, dedi bu shifokor.

Ayni paytda, Ozodlik bilan suhbati yozib olinishiga rozi bo‘lgan bu shifokor Qirg‘izistondagi vaziyat va uning O‘zbekistonga ham ko‘chishi mumkinligiga oid xavotirlar haqidagi boshqa savollarga ham javob berdi.

Quyida bu shifokor bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Andijonlik shifokor bilan suhbat

Rasmiylar munosabat bildirmayotir

Ozodlik qo‘shni davlatlarda shitob bilan kengayayotgan va o‘lim soni kundan-kunga oshib borayotgan, O‘zbekistonda ham qisman kuzatilayotgan pnevmoniya kasalligi yuzasidan mavjud savollarga rasmiy idoralardan javob olishga urindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV)markaziy apparati va matbuot kotibi Furqat Sanayev Ozodlik savollariga javob bermadi. Qayd etish lozim, SSV Ozodlik savollarini anchadan buyon javobsiz qoldirib kelmoqda.

Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik agentligi markaziy apparati va matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov ham Ozodlikning telefon qo‘ng‘iroqlari va yozma yo‘llagan savollariga hanuz javob bermadi.

Ammo Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimi, O‘zbekistonda Qirg‘iziston yoki Qozog‘istondagi kabi, ilgari kuzatilmagan pnevmoniya hali rasman qayd etilgani yo‘q, dedi:

“Bizda hali bunaqa ma’lumot yo‘q. Viloyatda hamma yuqumli kasalliklar shifoxonalari o‘z yo‘nalishida ishlayapti. Bunaqa kasallik O‘zbekistonga ham kelishi mumkin, yoki kelmasligi mumkin, deb ham aytish qiyin. Masalan, koronavirus Xitoydan chiqqandi, butun dunyoga tarqaldi. Ammo, hozircha bizda bunaqa kasallik (yangi turdagi pnevmoniya) tarqalganiga oid ma’lumot yo‘q”.

16 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14787 (+206) nafarni tashkil etmoqda. Hozirda 6060 bemor shifoxonalarda qolmoqda, ulardan 60 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Mamlakatda koronavirusga chalingan 72 kishi vafot etdi. Vazirlik bergan bayonotlarga ko‘ra, bemorlarning aksari virusga chalingunga qadar boshqa surunkali kasalliklar bilan og‘rigan, koronavirus esa ahvolini og‘irlashtirgan.

Ammo, bemorlarning 30dan ortig‘i iyun va iyul oyi ichida vafot etdi. Xususan, so‘nggi 1 oy ichida vafot etayotgan bemorlarning COVID-19 infeksiyasi aniqlangani, bu kasallikning og‘ir ko‘rinishi bilan og‘rigani, o‘pkaning ikki tomonlama yallig‘lanishi - pnevmoniya og‘ir kechgani ortidan vafot etgani rasman aytildi.

Hozirga qadar SSV tomonidan, COVID-19 infeksiyasi tasdiqlanmagan, ammo pnevmoniyadan vafot etgan bemorlar haqida biror ma’lumot berilmadi.