Qirg‘izistonning O‘sh shahriga tutash Sharq qishlog‘i faollari mahalliy maktabning vaqtinchalik kasalxonaga aylantirilgan sport zaliga yotqiziladigan bemorlarni kislorod bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ydi.
Bu ish boshida turganlardan biri, sharqlik faol Rahimjon Nishonovning Ozodlikka aytishicha, markazlashtirilgan kislorod ta’minotini yaratish ishining barcha jihatlari hashar yo‘li bilan amalga oshirildi.
- Keyingi paytlarda koronavirusga chalinganlar nafas yetmay qolganidan o‘lib qolyapti, degan gaplar ko‘payib ketdi. Shuning uchun xalqqa murojaat qildik. Hukumat qo‘lidan kelgan harakatni qilyapti. Lekin kasalga chalinganlar ko‘payib ketgani uchun o‘zimiz ham harakat qilmasak bo‘lmaydi dedik, - dedi Ozodlikka Rahimjon Nishonov.
Faolning aytishicha, 40 bemorga mo‘ljallangan vaqtinchalik kasalxonada saxovatli kishilar ajratgan pul evaziga 24 bemorni kislorod bilan ta’minlaydigan tizim yasaldi, tizimni tibbiyot xodimlari ham ko‘rib, ma’qulladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Suhbatdoshimiz mutaxassis bo‘lmagani uchun kislorod ta’minoti tizimining texnik tafsifini aytib berolmadi. Tizimni yasagan ustalar xuddi shunday ishni amalga oshirish uchun viloyatning boshqa hududiga ketgani ma’lum bo‘ldi. Ular bilan bog‘lanishning hozircha imkoni bo‘lmadi.
Rahimjon Nishonovning Ozodlikka bildirishicha, 24 bemorga kislorod yetkazib bera oladigan sistemani qurish barcha apparatlarni sotib olish va xizmat haqini qo‘shganda taqriban 155 ming qirg‘iz so‘miga (2 ming AQSh dollari) tushdi.
Qirg‘izistonda so‘nggi bir kecha-kunduzda COVID-19 ga 1108 kishi chalindi. Bu haqda 21 iyul kuni Bishkekda o‘tkazilgan brifingda Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Aynura Aqmatova bildirdi.
Unga ko‘ra, xastalanish holatlarining uchdan biri poytaxt Bishkek hissasiga to‘g‘ri keladi.
Epidemiya boshlanganidan beri Qirg‘izistonda infeksiya yuqtirib olganlar soni 28251 nafarga yetgan, ulardan 14776 nafari sog‘ayib ketgan.