Sirdaryo viloyat, Sardoba tuman, Do‘stlik mahallasida yashovchi ellikka yaqin kishi toshqindan zarar ko‘rganlarga ajratilgan pullarni to‘la olmaganidan shikoyat qilib, turli idoralarga murojaat qilyapti.
Shikoyatchilar uylari toshqindan jiddiy zarar ko‘rgani sabab buzib tashlangan. Uy egalari evakuatsiya qilinganlarga ajratilgan binolarda yashayapti.
Shikoyatchilarning to‘xtovsiz talablaridan so‘ng, ularning ayrimlariga prezident va’da qilgan 40 million so‘mning faqat yarmi berilgan.
Hokimlik mulozimlari shikoyatchilar ko‘p qavatli uylarda yashagani sabab ularga prezident va’da qilgan pulning faqat yarmi berilishi ko‘zda tutilganini ta’kidlashdi.
"Besh aka-ukadan faqat uchtamizga pul berildi"
Hozirda evakuatsiya qilinganlarga mo‘ljallangan bolalar bog‘chasida yashayotgan Orzu Ahmedovaga ko‘ra, o‘zining va yana to‘rt aka-ukasining uylari toshqindan so‘ng buzilgan. Biroq unga prezident va’da qilgan 40 million so‘m berilmaganidan shikoyat qildi:
- Biz besh aka-uka yashaydigan domlar ham buzildi. Prezident va’da qilgan 40 million so‘m faqat bitta ukamga berildi. Keyin biz to‘polon qilaverganimizdan so‘ng yana bittamizga 20 million so‘m berishdi. Hozir uch aka-uka bir so‘m pul olganimiz yo‘q. Shikoyat qilib, tuman hokimiyatiga bordik, viloyat hokimiyatiga bordik. Hammasi “biz hal qilmaymiz” deyapti. Bizga ko‘p qavatli uyda yashaganimizni bahona qilishyapti. Lekin mahallamizda prezident pullari tanish-bilish qilindi. Uyi yo‘qlar ham prezident pulini olishdi. Biz domda yashaganimiz bilan 25 metrlik molxona, banya, qo‘yxona, otxonalarimiz bor edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Opam ikkalamiz prezident va’da qilgan pulning yarmini oldik"
Do‘stlik mahallasida yashovchi Renat Gilvanov va uning opasining uyi ham toshqindan so‘ng buzilgan. Hozirda ular ijarada yashamoqda. Renat Gilvanovning Ozodlikka aytishicha, unga va opasiga prezident va’da qilgan pulning yarmi berilgan:
- Biz ham jabr ko‘rdik. Hovlimiz bor edi. Molxonalarimiz bor edi. Tovuqlar bor edi. Jo‘jalar bor edi. Hammasini yuvib ketdi. Uch metrcha suv keldi. Boshida 40 million so‘m sertifikat bizga ham chiqqanini aytishdi. Lekin keyin 20 million so‘m berishdi. Menga ham, opamga ham faqat prezident va’da qilgan pulning yarmini berishdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"70 million so‘mlik zarar ko‘rdik, faqat 20 million berishdi"
Uyi buzilganlar ro‘yxatida bo‘lgan Gulshoda Bekpo‘latovaning hisob-kitobicha, u toshqin sabab 70 million so‘mlik zarar ko‘rgan, biroq hukumat uning oilasiga faqat 20 million so‘mgina bergan.
- Biz bitta uyda 10 kishi yashaymiz. Yaqinda o‘zim yana farzandlik bo‘ldim. Shuning uchun uyi buzilganlar yashayotgan bog‘chadan ijaraga chiqib ketishga majbur bo‘ldik. Uyimizga talafot yetgan. Pastda uy -joylarimiz bor edi. Hammasi suv tagida qoldi. Bular yashirincha majlis qilib, 20 million so‘m berishdi. Dardimizni hech kim eshitmayapti.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shikoyatchi sardobaliklar hisob-kitobicha, toshqindan zarar ko‘rganlarga prezident va’da qilgan 40 million so‘m berilmaganlar birgina Do‘stlik mahallasida ellikka yaqin.
Do‘stlik mahallasida yashovchilardan Ozodlikka yo‘llangan videoda o‘nlab kishi hokimlik vakilidan prezident va’da qilgan 40 million so‘mni talab qilayotgani aks etgan:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Mulozim: Ular talabi noqonuniy
Sardoba tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi Do‘stlik mahallasidagi shikoyatchilar muammosidan xabardorligini aytdi.
“Birinchidan, ularga buzilgan uylari o‘rniga qurilayotgan 5 qavatli uydan kvartira beramiz. Ikkinchidan, biz ham ularga o‘zimizcha pul bera olmaymizda. Ular ko‘p qavatli uylarning tepa qavatlarida yashagan. Tartib bo‘yicha ularga faqat 20 million so‘mdan ajratildi. Keyin ular birinchi qavatda hovlim, molxonam bor edi, deyapti. Lekin birortasining qo‘lida o‘sha binolar uchun kadastr hujjati yo‘q. Shu bois noqonuniy qurilgan hisoblanadi. Bunaqa uy-joy egalariga prezident ajratgan pullar berilmaydi”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Sardoba toshqinida jabrlangan Sirdaryo viloyatidagi jami 4 025 oilaga prezident ko‘rsatmasiga asosan 40 million so‘mdan moddiy yordam berilishi kerak edi. Bundan tashqari yana 1 818 ta fuqaroga ham shu miqdorda moddiy yordam berilishi aytilgan.
Huquq faoli: Jabr ko‘rgan xalq haq!
Sardobadagi toshqindan zarar ko‘rgan aholi muammolarini o‘rganayotgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Isroil Rizayev yillar davomida tiyinlab yig‘ib, uy-joy qilgan aholi tovon talab qilishga haqli deb hisoblaydi:
- Bitta oilada bir nechta xo‘jalik bo‘lsa, shulardan faqat bittasiga 40 million so‘m beryapti. Boshqalari qolib ketyapti. Shundan ko‘p nizo kelib chiqyapti. Endi pandemiya va Sardobadagi toshqinlar sabab respublika byudjeti ham moliyaviy inqirozga kelib qoldi. Boshida aholining ruhini ko‘tarish maqsadida uy-joylar bilan, to‘liq uy jihozlari bilan ta’minlashga, 40 million so‘mlik sertifikat berishga, suv yuvib ketgan eski hovlilar o‘rni o‘zlariga qoladi deb, va’da qilindi. Lekin oradan 3 oy o‘tib, afsuski bu narsalar amalda bajarilmadi. Bu borada bizning tashkilotga ham ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Hokimlik qonunlarni ro‘kach qilsayam, jabr ko‘rgan xalq haq. Chunki ular 70 yillab uyini tikladi. Ammo kimlarningdir xatosi sabab bir kechada boshpanasiz qolishdi. Ular tovon talab qilishga haqli.