AQSh Germaniyadagi taqriban 12 ming askarlik qo‘shinini mamlakatdan olib chiqib ketadi. Ularning bir qismi Belgiya, qolgani Italiyaga yuboriladi. Pentagon bu chora NATOni Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini mustahkamlashini aytmoqda.
29 iyul kuni AQSh mudofaa vaziri Mark Esper harbiylarni ko‘chirish NATOni yanada mustahkamlashini, Rossiyani jilovlab turishga ko‘maklashishini hamda AQShning strategik va jangovar hozirligini yaxshilashini aytdi.
Germaniyada hozirgi kunda umumiy hisobda 34 500 nafar AQSh harbiysi bor. Ularning 6 400 nafari vataniga qaytadi, 5 600 nafari esa NATOga a’zo boshqa mamlakatlariga yuboriladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp iyunda Germaniyadagi harbiylarni boshqa hududlarga yuborish rejasini e’lon qilgan edi. Germaniya AQShning Yaqin Sharq, Afrika va Yevropadagi harbiy amaliyotlari uchun tayanch nuqtasi vazifasini o‘tab keladi.
Tramp o‘z qarorini e’lon qilishidan oldin Germaniyani NATO a’zosi o‘laroq iqtisodining 2 foizini mudofaa yo‘nalishiga sarflash bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatini bajarmaslikda ayblagan edi.
Tramp qarori Germaniya hukumatini hayratga soldi. Mamlakat rasmiylari ikki NATO a’zosi o‘rtasida yaxshi muloqot olib borilmayotganini izhor qilishdi.
Esper Germaniyaning turli hududlariga safarbar qilingan AQSh harbiylar Belgiya va Italiyaga yuborilishini bildirdi.
Havo mudofaasi qo‘shinlarini Italiyaga yuborish ularni Qora dengiz hududida yaqinlashtiradi. Belgiyaga harbiy bo‘lim joylashtirish esa NATO qo‘mondonligi bilan koordinatsiyani yaxshilaydi.
O‘tgan yilda Germaniyadagi Amerika askarlarining 1 000 nafari Polshaga yuborilishi e’lon qilingan edi.
Esperning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlarning ayrimlari Boltiq davlatlariga ham yuborilishi mumkin.
- Qo‘shinlarni Markaziy Yevropadan, Germaniyadan olib chiqib ketyapmiz. Ular Sovuq urush yillaridan beri u yerdalar. Ko‘p ma’noda chegarani yangi hamkorlarimiz joylashgan sharq sari siljityapmiz, - dedi Esper.
Esper 6 400 nafar askar Amerikaga qaytarilishiga qaramasdan, shu yoki shunga o‘xshash harbiy bo‘linmalar davomli ravishda Yevropa va Boltiq dengizi hududida yuborilishi aytdi. Bundan maqsad dushmanlarni jilovlash hamda NATOning shimoli-sharqiy chegarasi mudofaasini mustahkamlashdir.
Esper qo‘shinlarni ko‘chirish qachon amalga oshirilishini ochiqlamadi, ammo ayrim o‘zgarishlar keyingi bir necha hafta ichida amalga oshirilishini, boshqalarini bajarish uchun ko‘proq vaqt talab qilinishini aytdi.
AQSh Kongressida qo‘shinlarni Germaniyada olib chiqib ketish qaroriga qarshilik bo‘ldi. Hatto ayrim respublikachilar Germaniyadagi Amerika qo‘shinlari sonini ozaytirish Rossiyaga qo‘l kelishini hamda AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solishini aytishdi.
Noyabr oyiga belgilangan prezidentlik saylovida Tramp mag‘lub bo‘lsa, ushbu rejalar kelajagi savol ostida qoladi.
Oy boshida AQSh qo‘shinlari joylashtirilgan to‘rt german shtati yetakchilari Kongressni Tramp rejalariga to‘sqinlik qilishga chorladi. Ular Kongressga yuborgan maktubda Germaniyadagi AQSh qo‘shinlari Amerikaning Yevropadagi harbiy amaliyotlari hamda NATOning chora ko‘rish qobiliyati uchun juda muhim ekanligi aytildi.