OzodDayjest: Respublika maxsus shtabi a’zosi koronavirusga qarshi kurashda xatolarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibullo Oqilov.

Parlament MB raisiga muammolar yuzasidan so‘rov yubordi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibullo Oqilov COVID-19 bilan poygada ortda qolish sabablarini aytdi. Qonunchilik palatasi deputati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan holatlarni sanab o‘tdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_________________________________________________________

Parlament Markaziy bank raisini “duel”ga chaqirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirishga doir muammolar yuzasidan Markaziy bank raisiga parlament so‘rovi yubordi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 29 iyul).

Qayd etilishicha, tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirishda tijorat banklarida resurslar yetishmasligi bilan bog‘liq tizimli muammolar mavjud. Qolaversa, nobank kredit tashkilotlari xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lsa-da, mamlakatda faoliyat olib borayotgan nobank kredit tashkilotlarining kredit bozoridagi salmog‘i pastligicha qolmoqda. Nobank kredit tashkilotlarining umumiy soni 118 ta bo‘lib, shundan mikrokredit tashkilotlari 57 ta, lombardlar soni esa 61 tani tashkil etadi. Ularning ham 53 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Qoraqalpog‘istonda birorta nobank kredit tashkiloti yo‘q, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida 2 tadan, Qashqadaryoda esa atigi 1 ta.

Quyi palataning navbatdagi majlisida mamlakat Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodovning yuqoridagi masalalar bo‘yicha axborotini eshitish rejalashtirildi.

Gazetaning eslatishicha, 2019 yili turli idoralar rahbarlariga yuborilgan 175 ta deputatlik so‘roviga o‘rinbosarlar javob qaytargan, aslida esa parlament so‘roviga mansabdor shaxslarning o‘zi javob berishi kerak.

Mutaxassis koronavirus bilan poygada ortda qolish sabablarini aytdi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, professor Habibullo Oqilov 5 oy oldinga –O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi boshlangan vaqtga yana qaytish imkoni tug‘ilsa, qanday xatolarga yo‘l qo‘ymasligi haqida gapirdi (www.kun.uz, 26 iyul).

O‘tgan besh va hatto undan oldingi davr ham biz, ya’ni sog‘liqni saqlash tizimi hamda koronavirus o‘rtasidagi o‘ziga xos poyga davri bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi. Imkonim bo‘lganida, biz nisbatan orqada qolgan jihatlarimizni to‘g‘rilagan bo‘lardim. Ya’ni koykalar sonini yanada ko‘paytirardim, raqamli rentgenlar, pulsoksimetrlar, kislorod beruvchi moslamalarni katta miqdorda xarid qilish ustida ishlardim. Ayniqsa, laboratoriya sohasi, PZR tizimlarni ko‘p joyda tashkillashtirib qo‘yardim”, degan professor H.Oqilov.

Respublika maxsus shtabi a’zosi tayyorgarliklarga qaramay baribir oqsashlar kuzatilganini tan olgan.

Professor H.Oqilov 8 iyul kuni qilgan chiqishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi resurslar “poyoniga yetgani”, bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmaganini ma’lum qilgan. 9 iyuldagi brifingda esa u koyka-o‘rinlar, dori zaxirasi mavjudligini, tizim har qancha bemorni qabul qila olishini ta’kidlagan.

Deputat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan holatlarni sanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhammad Valiyev oliy ta’lim muassasalarida kuzatilayotgani korrupsiyaga daxldor holatlarga e’tibor qaratdi. Qayd etilishicha, OTMlarni ta’mirlash va yangi binolar qurilishi jarayonida mablag‘ o‘zlashtirish, tender hujjatlarini soxtalashtirish, qurilish materiallarini “tanish” korxonalardan narxni oshirilgan holda sotib olish va o‘rtadagi farqni haq sifatida olish kabi holatlar kuzatilmoqda. Shuningdek, universitet hamda institutlarga texnik jihozlarni OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindosh tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxda xarid qilish ham mavjud. Deputatga ko‘ra, muammolar ro‘yxati bu bilan cheklanmaydi. Bu kabi tizimli muammolar yillar davomida bartaraf etilmagani ta’limga ham to‘sqinlik qilmoqda.

Yangi tuzilgan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga shu kabi muammolarga e’tibor qaratish, o‘rganish natijalarini jamoatchilikka oshkor etish tavsiya etilgan.