Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Xumson va Xo‘jakent qishloqlaridagi ayrim dala hovlilar noqonuniy qurilganlik vaji bilan buzib tashlanmoqda.
Ugam daryosi bo‘yida joylashgan ushbu dala hovli egalarining Ozodlikka aytishicha, “dacha”lari ular yo‘q payti yashirin ravishda buzib tashlanmoqda.
Bo‘stonliq tuman hokimligi mulozimi dala hovlilarning yashirincha buzilayotganini inkor qilib, “snos”lar noqonuniy qurilmalarni buzish haqidagi hukumat qaroriga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Joriy yil yozida Bo‘stonliqdagi buzilishlar tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi.
Yashirincha buzilayotgan dachalar
Ozodlikka 4 avgust kuni murojaat qilgan bo‘stonliqliklardan biri ikki hafta ichida Xumson va Xo‘jakent qishlog‘idagi o‘nga yaqin dala hovli egalari yo‘q payti buzib tashlanganini bildirdi.
“Ugam daryosi qirg‘og‘idagi dala hovlilar egalari yo‘qligida buzilyapti. Odamlar dachalari buzilayotganidan xabar topib, yetib kelgan payti buzayotganlar mashinalariga o‘tirib, qochib ketishyapti. Hech qanday qaror ham taqdim etmayapti”.
Xumsonda dala hovlisi buzilganlardan birining ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, uning hovlisini ham egasi yo‘q payti ogohlantirishsiz buzishgan.
“Dachamiz buzilayotganini qo‘shnilarimiz telefon qilib aytishdi. Yugurib kelsak, devorlarni buzib bo‘lishgan ekan. Ikkita mashina va bitta ekskavator, o‘nga yaqin odam bor ekan. Onam ekskavatorning oldiga turib oldi. Bizga buzish haqidagi birorta qarorni ko‘rsatishmadi. Keyin sekingina ketib qolishdi. Shu bo‘yi hali kelishmadi. Dachaning 40 foiz joyini buzishgan”.
Mulozim bilan "dacha" egalari o‘rtasidagi mojaro
Ozodlikka Bo‘stonliqdan jo‘natilgan videolardan birida o‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirgan mulozim bilan dala hovli egalari o‘rtasidagi mojaro aks etgan.
Videoni yo‘llagan manbaning aytishicha, tasvirlar Xumson qishlog‘ida olingan bo‘lib, voqea dala hovli yashirincha buzilayotgan payti egalari kelib qolganidan keyin sodir bo‘lgan. U dala hovli egalari shaxsini ochiqlamaslikni istadi.
Tasvirlarda dala hovli egalari IIB mashinasida kelib, o‘zini prokuratura xodimiman deb tanishtirgan mulozimdan buzish haqidagi qarorni ko‘rsatishni bir necha marta so‘rashgani, biroq mulozim hech qanday hujjat ko‘rsatmagani aks etgan.
"Siz kimsiz o‘zi? Tanishtiring o‘zingizni! Dokumentingiz bormi? Kimsiz o‘zi siz? ...Qaroringni ko‘rsatmaysanmi? Ko‘rsat qaroringni! Odamni chaqirmaysanlarmi? Hech kimga hech narsa demasdan buzishga kelasan!".
Videoning davomida ikki o‘rtada nizo chiqqani va mulozimning dala hovli egalaridan biriga qo‘l ko‘targani ham ko‘rinadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Mazkur videoni Ozodlikka yo‘llagan bo‘stonliqlik mushtariyga ko‘ra, dala hovli egalari mulozimning o‘zlariga qo‘l ko‘targani borasida hech qayerga murojaat qilmagan.
Bo‘stonliq tuman IIBsidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu borada ularga ham biror ariza tushmagan.
Mulozim: "Snos"lar qonuniy qilinyapti!
Bo‘stonliq tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi dala hovlilar yashirincha buzilayotgani haqidagi da’volarni inkor qildi.
“Nimaga yashirincha buziladi? Ikki yil avval Vazirlar Mahkamasi noqonuniy qurilmalarni snos qilish haqida qaror chiqargan. Keyin prezident farmoni ham chiqdi. Bu dala hovlilarning hammasi noqonuniy qurilgan. Ular snos qilingan taqdirda ham egalariga kompensatsiya to‘lanmaydi, sababi hujjati yo‘q”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan hokimlik mulozimi.
2018 yilgi prezident farmoniga ko‘ra, Bo‘stonliqda “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu rejani amalga oshirish uchun Chorvoq va Ugam daryosi bo‘yidagi 50 metr masofada joylashgan noqonuniy qurilmalarni buzishga ko‘rsatma berilgan.
Matbuotda ko‘p yoritilgan Bo‘stonliq "snos"lari
Keyingi ikki yil davomida Bo‘stonliqdagi buz-buzlar matbuot orqali eng ko‘p yoritilgan mavzulardan biriga aylandi.
Dastlab prezident trassasi - Chorvoq yo‘lidagi hashamatli uylar buzildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Keyinchalik Chorvoq va Ugam daryolari bo‘yidagi dala hovlilar buzila boshlandi.
Joriy yozda Bo‘stonliqda boshlangan keng ko‘lamli buzilishlar mahalliy matbuot orqali ham ko‘p bora yoritildi.
2 iyul kuni Bo‘stonliqda noqonuniy dala-hovlilarning buzilishi yuzasidan mahalliy OAV vakillari uchun press-tur uyushtirildi.
O‘sha kuni Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov jurnalistlarga Bo‘stonliqdagi dala hovlilar buzilishining legalligi va legitimligini isbotlab berishga harakat qildi.
Biroq Yodgorovning bu chiqishi tarmoqlarda keskin tanqidga uchradi.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ham buni qoralab chiqdi:
“Press turda Oliy sud raisi o‘rinbosarining "snos" masalasida tushuntirish berishi va shu yerning o‘zidayoq "snos" qilayotganlarning yonini olib, odamlarni noqonuniy qurilma qurganligini aytib, aybdor qilishga intilishi mustaqil sud uchun g‘alati emasmi? Bu sud hokimiyatining ijro hokimiyatiga advokatlik qilayotganiga, joyiga borib uning topshiriqlarini so‘zsiz bajarayotganiga o‘xshamayaptimi? Agar shunday bo‘lsa bu dahshat!”.
Toshkent viloyatidagi Chimyon-Chorvoq dam olish zonasida 100 million AQSh dollari miqdoridagi loyiha asosida erkin turistik zona tashkil qilish rejalangan.
Rejaga ko‘ra, bu yerda yangi zamonaviy mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar majmualari quriladi.
Prezident farmonida hududga qatnovchi transport tizimini ham yaxshilash ko‘rsatilgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди