O‘zbekistonda taniqli bloger va jurnalistlarning Telegram akkauntlariga hakerlar hujumi kuzatildi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi rahbari Komil Allamjonov blogerlarning Telegram akkauntlarini buzib kirishga urinishlarni qoralab, buni so‘z erkinligiga tahdid deb baholadi.
O‘zkomnazorat davlat inspeksiyasi buni mo‘may pul ishlamoqchi bo‘lgan “mobil firibgarlar” ishi deya izohladi.
Keyingi 3 kun ichida O‘zbekistondagi taniqli bloger va jurnalistlarning Telegram akkauntlarini buzib kirishga urinishlar kuzatildi.
Bloger Zafarbek Solijonov (@Zafarbek_Solijonov) Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, 6 avgust kuni uning ham Telegram akkauntiga kirishga urinish bo‘lgan:
- Telefonimga sms keldi. “Bu beshtalik Telegram kodingiz va shu link orqali siz Telegramga kira olasiz” degan sms keldi. Keyin Telegramimga kirsam, u yerga ham beshtalik kod kelgan. Bu kod boshqa qurilmadan kimdir nomeringizni tersa keladi. Men hayron bo‘ldim, boshqa qurilmadan kirmagan bo‘lsam, kim vzlom qilib kirmoqchi bo‘ldi ekan, deb Telegramimni tekshirdim. O‘zimdan boshqa kirmaganini ko‘rib, xotirjam bo‘ldim. Lekin kim vzlom qilib kirishga harakat qilganini haliyam tushunmayapman.
Xuddi shu kuni bloger Eldar Asanov ham Telegram akkauntini buzib kirishga urinish bo‘lgani haqida yozdi.
“Telegram’dagi akkauntimni buzib kirishga urinish ro‘y berdi. Kimligini bilmadim. Lekin maqsadlari pul emas edi”.
Bu haqda o‘zining Telegram sahifasida batafsil yozgan Asanovga ko‘ra, Mobi.uz kompaniyasi raqamidan qo‘ng‘iroq qilib, viktorina o‘ynalayotganini aytib, koronavirus bilan bog‘liq savollar berishgan va g‘olib chiqdingiz deb, uning hisob raqamiga 84 ming so‘m pul o‘tkazib berishgan. Biroq Asanovning yozishicha, undan Telegramiga kirish kodini so‘rashgan:
“Telefoningizga kod yubordik, shuni bizga aytib yuboring”, deyishdi. Qarasam – Telegram’dan kelgan kod. Ya’ni uzoqdan turib akkauntimga kirishga urinishyapti. Juda sodda, jo‘n yo‘lini tanlashibdi".
Xuddi shunday holatga O‘zA muxbiri, o‘zining tarmoqlardagi keskin chiqishlari bilan tanilgan Anora Sodiqova ham tushgan.
Anora bu haqda Ozodlikka aytar ekan, voqea tafsilotlarini Feysbuk sahifasida batafsil yozganini ta’kidladi.
Anoraning postidan ma’lum bo‘lishicha, u ham bloger Asanov singari viktorinada qatnashgan va uning hisobiga 100 ming so‘m o‘tkazishgan.
“Men esa ajablangan holda telegram tarmog‘imni xavfsizligini tekshirib ko‘rdim. Mening telegram tarmog‘imga Nyu-Yorkdan kimdir kirgani haqida ma’lumot kelgandi. Men tabiiyki tezlik bilan begona mehmonni o‘chirdim”, deya yozdi Anora Sodiqova o‘z postida.
Kun.uz nashri ham keyingi haftalarda “sayt serverlariga turli hujumlar odatdagidan ko‘paygani”i haqida yozdi.
Telegram tarmog‘ida 11 mingdan ziyod foydalanuvchisi bor @tentakminds ham hakerlik hujumi bo‘lgani haqida yozdi:
“@tentakminds bloklanishiga harakat boshlandi. Uch kundan beri akkauntimga kirishga kuchli harakat boshlandi, haddan ziyod kirishga urinish ko‘p bo‘lyapti”.
Bloger Solijonovning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Telegram akkauntlarini buzib kirishga urinish faqat taniqli blogerlar bilan sodir bo‘lgan:
- Men oddiy odamlar akkauntiga bu kabi kirishga harakat bo‘lgani haqida eshitmadim.
7 avgust kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi rahbari Komil Allamjonov blogerlarning Telegram akkauntlarini buzib kirishga urinishlar bo‘layotganini qoralab, bu harakatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘z erkinligiga tahdid deb baholadi.
“Kuni kecha bir necha blogerlarning Telegram tarmog‘idagi akkauntini buzishga urinishlar bo‘lgani haqida yozishdi. Buni kim, nima maqsadda qilgani hozircha aniq emas, lekin buni bevosita OAV va blogerlarga, so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholash mumkin”, deb yozdi Allamjonov o‘zining Telegram sahifasida.
Keyinchalik Allamjonov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondining Yutubdagi sahifasiga 15 daqiqalik video joylab, blogerlar “ovozini o‘chirishga” urinishlarni qoraladi.
Biroq Allamjonov blogerlarga qarshi harakatlar ortida kim turganini ochiqlamadi.
Bloger Solijonov esa blogerlar akkauntiga hujumlarda hukumatni ayblashdan yiroqligini aytadi.
- Dastlab Feysbukka to‘siq qo‘yildi. Hozir Feysbukka VPN orqaligina kirish mumkin. Hozir bloger, jurnalistlarga bo‘lgan narsa ham shunga ulanib ketdi...Hozir ko‘pchilik xulosa qilyaptiki, bu narsa xuddi OAV, mass-mediyaga ogohlantirish, signal deb tasavvur qilishyapti. Xuddi senzurani bildirib qo‘ymoqchi bo‘lganday, deyishyapti. Ko‘pchilik o‘sha tarafga buryapti bu narsani. Xuddi so‘z erkinligi tugayapti O‘zbekistonda. Men ochig‘i bunday xulosa qilishga shoshmagan bo‘lardim. Chunki bizdagi davlat tashkilotlariga vzlom qilish kerakmas. Ularning ish uslubi boshqacha, deydi bloger Solijonov.
Bu haqda bloger Ozodlik bilan suhbatda batafsil to‘xtaldi. Suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Akkauntlariga Mobi.uz kompaniyasi telefon raqamidan hakerlik hujumi bo‘lgan blogerlar mobil shirkatiga murojaat qilib, izoh so‘rashdi.
Mobi.uz ushbu voqeadan so‘ng rasmiy bayonot e’lon qilib, firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
“Firibgarlar taklif qilayotgan harakatlarni amalga oshirmasdan, tezkorlik bilan Mobi.uzga bu haqida xabar berishingizni iltimos qilamiz”.
Ozodlik 8 avgust kuni Mobi.uz shirkatiga bog‘lanib, “Kompaniya telefon raqamlari orqali hakerlik hujumlari qilingani holatini shirkat tekshiryaptimi?” deya so‘radi. Biroq Ozodlik bog‘langan shirkat xodimi bu savolimizni javobsiz qoldirdi.
O‘zkomnazorat davlat inspeksiyasi ham blogerlar akkauntini buzib kirishga urinishlarni “mobil firibgarlar ishi” deya izohladi.
“O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilarining akkauntlariga kirib olib, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki akkauntni qaytarib berish evaziga mo‘may pul ishlashga urinayotgan mobil firibgarlar paydo bo‘ldi”, deya O‘zkomnazorat o‘zbekistonliklarni “mobil firibgarlari”dan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.