Sirdaryo viloyat, “Oq oltin tumanida faoliyat olib borayotgan “ARK OQOLTIN” klaster korxonasi fermerlarga shartnomada ko‘rsatilgan bo‘nak(avans) pulini to‘liq bermadi.
Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, ular chorvasini, traktorini sotib, pulini g‘o‘za parvarishiga sarflashga majbur bo‘lmoqda.
“ARK OQOLTIN” klaster korxonasi rahbari fermerlarga g‘o‘za parvarishi uchun mablag‘ o‘z vaqtida yetkazib berilganini aytar ekan, pulni nomaqsad sarflashda fermerlarning o‘zlarini aybladi.
Klaster korxona bilan shartnoma tuzgan oqoltinlik fermerlardan birining aytishicha, klaster 1 sentabrga qadar bo‘nak pulini yuz foiz o‘tkazish borasidagi shartnomani bajarmagan:
Ish haqi, mexanizator xizmatlari, solyarkaga pul bermadi. Hozir gektarining 200 ming so‘mdan chekanka qildirdik, uni pulini hali berolmayapmiz.
“Misol uchun menga 350 million so‘m berishi kerak edi, lekin hozirgacha shuning 200 millionini berdi, xolos. Bu pulga biz faqat paxtaga mineral o‘g‘it oldik. Lekin ko‘sak qurtiga va boshqa hasharotlarga qarshi dorilarni o‘zimizning yonimizdan sotib oldik. Ish haqi, mexanizator xizmatlari, solyarkaga pul bermadi. Hozir har gektarini 200 ming so‘mdan chekanka qildirdik, uning pulini hali berolmayapmiz. Suv qo‘ydirdik, uni haqi turibdi. Traktorlarni remont qilib, paxta terimiga tayyorlashimiz kerak, u turibdi hali. Hozir to‘rtinchi kundirki Oq oltin tumaniga umuman solyarka kelmayapti. Shularni yetkazib berish kerak-da, klaster degani. Lekin uning na bir ofisi bor, na izlab topa olasan. Fermerlar molini, qo‘yini, traktorini sotib o‘z yonidan qilyapti. Davlat bilan shartnoma tuzib ishlaganimizda bunaqa muammo yo‘q edi”.
Fermerning aytishicha, ular o‘tgan yillari davlat bilan shartnoma tuzganda kredit 6 foizlik edi, klaster esa 16 foiz qilib ko‘tarib qo‘ygan:
“Masalan davlatdan g‘allaga 200 million so‘m kredit olib, 208 million qilib qaytib to‘ladim. Klasterdan 200 million olgan bo‘lsam, 232 million so‘m to‘layman. Ham bo‘yidan uryapti, ham enidan!”.
Ismi sir qolishini so‘ragan oqoltinlik boshqa fermer ham, “ARK OQOLTIN” klaster korxonasi ularga faqat zarar keltirayotganini aytadi:
Men 40 million so‘mga paxtani choptirgan bo‘lsam, klaster 15 million so‘m berdi.
“Bu klaster dehqonning sho‘rini qurityapti. Hamma ishlari chalkash, dori olaman, solyarka olaman deb orqasidan yugurib o‘lib ketasan. Misol uchun dori bermadi, emas, berdi. Lekin o‘sha dorini g‘o‘zaga solish muddati 15 kun o‘tib ketganidan keyin berdi. Ungacha g‘o‘za enasini uyiga kirib ketadi. Texnikasi ham, normalniy bir ofisi ham yo‘q. Masalan, avvalgi yillarda o‘g‘it bilan solyarkadan hech qanday muammo bo‘lmagan edi, klasterga o‘tganimizdan keyin voobshe problema bo‘lib ketdi. Boshida bermadi emas, berdi. Masalan men 40 million so‘mga paxtani choptirgan bo‘lsam, klaster 15 million so‘m berdi. Chekankaga ham 15 million so‘m pulim ketdi, ulardan bir so‘m ham ololganim yo‘q. 60 foiz avansning uchdan bir qismini oldim, xolos. Endi paxta rejamiz to‘lmay qolsa, 25 foizlik jarima bosadi”.
Ozodlik suhbatlashgan oqoltinlik yana ikki fermer ham, paxta parvarishini asosan o‘z yonlaridan qilayotganliklarini aytdi.
“Oq oltin” tumani fermerlarining Telegram guruhida ham aksariyat fermerlar klaster faoliyatidan qoniqmayotgani haqida yozadi:
“Bu klaster bir ozodlikda reklama bo‘lgisi kelyapti o‘zi. Butun O‘zbekistonga sharmanda bo‘lishni xoxlayapti. Qolgan klasterlarda axvol bizni klasterdan 100 marta yaxshi ekan so‘rab surishtirdim. Faqat bizni klasterda shu axvol davlatni puliga qarab qolgan o‘zini yonidan rasxod qilgisi kemaydi”.
“Jarima qilishga xaqqi yo‘q xujjatlarni qilib ogohlantirib qo‘yganmiz kerakli tashkilotlarni. Jarima to‘lagisi kemasa xujjatlarni qilib qo‘ysin fermer o‘zi uchun”.
“ARK OQOLTIN” klaster korxonasi rahbari Sherzod Yoqubov Ozodlik bilan suhbatda fermerlarga g‘o‘za parvarishi uchun mablag‘ o‘z vaqtida yetkazib berilganini aytar ekan, avansni nomaqsad sarflashda fermerlarning o‘zlarini aybladi:
“Ular biz bergan dorilarni bug‘doyga ishlatib yuborgan, biz ish haqiga, solyarkaga pul tashlab beryapmiz, fermerlar esa g‘allaning kreditini yopib yuboryapti. Normativ bo‘yicha bir gektarga 400 kilogram mineral o‘g‘it solinishi kerak, lekin ularda bir gektarga 680 kilogacha solgan joylari bor. Sardoba suv toshqinida yerlarini suv yuvib ketgan fermerlarda shunday muammo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, paxtasi bor fermer xo‘jaliklarida hech qanday muammo yo‘q. Barcha avans puli belgilangan tartibda to‘liq o‘tkazib berilgan”.
Ozodlik suhbatlashgan fermerlar yerlari suv toshqinidan zarar ko‘rmaganini, aynan paxtachilik bilan shug‘ullanishini aytgan edi.
Ozodlik joriy yilning 23 yanvar kuni tuman hokimligi va "Agrobank"ning tuman bo‘limiga paxta pulini berilishini talab qilib borgan oqoltinlik fermerlarning bankda to‘polon qilgani haqida xabar bergan edi.
Oradan bir kun o‘tib, 24 yanvar kuni Sirdaryo viloyat, Oqoltin tumani fermerlariga 2019 yil paxta puli yuz foiz to‘lab berilgan edi.