Tadbirkor deputat Rasul Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma berishga majburlanganini iddao qilmoqda

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev

24 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat Oqqo‘rg‘on tuman sudi sudyasi Jahongir Saidov raisligida o‘tayotgan mahkamada sudlanuvchi Javohir Zokirjonov dastlabki tergov jarayonida Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangani xususida bayonot berdi.

Sudlanuvchining advokati Umid Davlatovning fikricha, uning mijoziga nisbatan Toshkent viloyat prokuraturasi jiddiy protsessual qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan.

Toshkent viloyat prokuraturasidan bu iddaolar yuzasidan izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Zokirjonovning iddaosicha, Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davomida, agar u Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma bersa, ya’ni uning biznesi aslida deputatga tegishli ekanini tan olsa, javobgarlikdan qutulishi mumkinligini ta’kidlashgan.

“Menga qamalgan kunimdan boshlab doimiy ravishda Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma berasan deyishdi. Avval iltimos, so‘ng bosimlar qilishdi. Men boshqaradigan karyerning asl xo‘jayini deputat ekanini, uning foydasini ham u olib turishini yozib berasan, deyishdi. Aslida meni shuning uchun qamashgan”, dedi Javohir Zokirjonov.

272593/2020-2-sonli jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a” bandi bilan ayblanayotgan “Qo’sh yo’goch oltin fayzli baliqlari” MChJ sobiq rahbari Javohir Zokirjonov Chirchiq daryosi havzasidagi karyerdan qonunga xilof ravishda qum va shag‘al sotganlikda ayblanmoqda.

Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan shu yilning 24 yanvarida qamoqqa olingan Javohir Zokirjonov olib borilayotgan sud jarayonlari davrida o‘ziga nisbatan bosim o‘tkazgan va zo‘raki iqrorliklar talab qilgan tergov organi xodimlarini va deputatni sudda so‘roq qilishni talab qilmoqda.

Sudlanuvchining advokati Umid Davlatovning fikricha, uning mijoziga nisbatan Toshkent viloyat prokuraturasi jiddiy protsessual qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan. Dastlabki tergovlar davrida undan parlament vakiliga qarshi ko‘rsatmalar olishga harakat qilingan.

“Javohirning ishi bo‘yicha yuzlab shikoyatlar kiritganmiz. Foydasi bo‘lmagan. Unga havodan olib yozilgan ayblov xulosasi adolatli sudda chok-chokidan so‘kilib bormoqda. Talon-toroj qilindi deyilgan qum va shag‘al “Obod qishloq” dasturi doirasida Yangiyo‘l tumani mahallalariga ishlatilgani ma’lum bo‘ldi. Bu borada tuman hokimi o‘rinbosarlari sudda ko‘rsatma berishdi”, - dedi Umid Davlatov Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkent viloyat Oqqo‘rg‘on tumani sudining Zokirjonov ishi bo‘yicha navbatdagi majlisi 27 avgustga belgilandi.

Zokirjonov ishi yuzasidan Toshkent viloyat prokuraturasidan hamda Oqqo‘rg‘on tuman sudidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Bosh prokuratura gumondor va deputatga bosim iddaolarini rad qilgandi

Shu yilning 25 mayida Rasul Kusherbayevga nisbatan bosimlar tufayli ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan xavotirlar yuzasidan O‘zbekiston Repsublikasi Bosh prokuraturasi bayonot e’lon qilgan.

Unda deputatning siyosiy faolligi tufayli bosim o‘tkazilganligi haqidagi gap-so‘zlar yuzasidan Bosh prokuraturada deputatning bevosita ishtirokida o‘rganish o‘tkazilgani aytilgan.

“Rasul Kusherboyev bilan Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma’lumot markaziy mahkamaning o‘zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan to‘liq tekshirildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, deputat Rasul Kusherboyevga prokuratura organlari tomonidan biron bosim yoki tazyiq o‘tkazilganligini tasdiqlovchi obyektiv dalillar aniqlanmadi.

Jumladan, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MChJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Mazkur hujjatlar asosida 24.01.2020 yilda JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan...

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu uydirmalarni aholi orasida obro‘ qozongan jamoatchilik vakillari nomidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, tergov natijasiga ta’sir o‘tkazishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan urinish deb baholaydi” deyilgan Bosh prokuratura bayonotida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat, Oqqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishi aynan Bosh prokuratura tilga olgan jinoyat ishidir.

Rasul Kusherbayev o‘z ovoziga ega kam sonli deputatlardan biri

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universtitetinngg xalqaro jurnalistika fakulteti bitiruvchisi bo‘lgan 33 yashar Rasul Kusherbayev mamlakat Parlamentidagi kam sonli faoli deputatlardan biridir.

Parlamentdagi O‘zbekiston Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi bo‘lgan Rasul Kusherbayev mamlakatdagi avtosanoat monopoliyasi va uning atrofidagi muammolar, ichki ishlar tizimlaridagi qonunsizlik va boshqa ijtimoiy muammolar vajidan jamoatchilikka taniqlidir.

Internet tarmog‘ining GOOGLE tizimi “Rasul Kusherbayev” jumlasi so‘rovi talabiga ko‘ra, 0,35 soniyada 269 000 ta natijani qayd etdi.

Ozodlik kun davomida Rasul Kusherboyevning o‘zi bilan bohlanishga urindi, biroq deputat telefonini ochmadi.