Hokimiyatdan So‘xda yig‘ilgan muammolarga yechim so‘raganlar nega qamaldi?

Bosh vazir A. Aripov va Farg‘ona viloyati hokimi Sh. G‘aniyev So‘x tumanida, 12 avgust, 2020

So‘nggi 10 kun ichida So‘x tumanida rasman 7 kishi, norasmiy manbalarga ko‘ra, 20 dan ortiq odam hibsga olindi.

Bosh prokuratura qo‘lga olinganlarni shu yilning 31 mayida So‘x tumanida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizlik va viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev hamda boshqa mulozimlarning toshbo‘ron qilinishiga aloqadorlikda ayblab, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksidagi og‘ir moddalar bilan ayblov e’lon qildi.

Yaqinlari va advokatlari, bu ayblovdan norozi. Ularga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning aksari hukumatdan muammolariga yechim so‘ragan faollardir.

Ayrim tahlilchilar, to‘laligicha Qirg‘iziston ichida joylashgan So‘x tumanidagi bu nizo va unda Farg‘ona hokimining kaltaklanishiga hukumat qaysidir shaklda chora ko‘rishga haqli¸ degan fikrda.

Ayni paytda¸ bu chora¸ Ozodlik gaplashgan kuzatuvchilar ta’kidicha¸ xalq dardini Bosh vazirga ochiq aytgan yoshlar emas, avvalo nizoga sabab bo‘layotgan muammolarni yecholmagan rahbarlarga nisbatan ko‘rilishi lozim.

Hokim G‘aniyev: Qaysi yoshlarimiz bilib-bilmay sho‘xlik qilgan bo‘lsa, shularga tegmaysizlar!

Shu yilning 31 may kuni ikki qshni davlat aholisi o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgani ortidan Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga borgan Bosh vazir Abdulla Aripov mojaroga aralashib qolgan so‘xliklarga chora ko‘rilmasligini aytgan edi.

Voqea joyiga borganida so‘xliklar tomonidan toshbo‘ron qilingan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev esa, nizoga aralashib qolganlarga chora ko‘rilmasligini va’da qilgan edi.

"Men harbiylarga ham, ichki ishlar xodimlariga ham - hammasiga aytaman: qaysi yoshlarimiz bilib-bilmay sho‘xlik qilgan bo‘lsa, shularga tegmaysizlar! Shuning uchun, jon ukalarim, jon o‘g‘illarim men qolay, bir ikkita oqsoqollarimiz qolsin, bizlarning ishlarimizga xalaqit qilmanglar!.. Manga qara, xo‘y, gap bo‘lmagin! Men tirik bo‘lsam, bir qarich yerimni ham, bir paqir suvimni ham berib qo‘ymayman! Shuning uchun, sizlardan iltimos mening ishlashimga xalaqit qilmanglar! Yoshlik qilib qo‘ymanglar!"

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Shuhrat G‘anievning so‘xliklarga bergan va’dasi

Bu va’dalardan uch oy o‘tar-o‘tmas¸ So‘xda qama-qama boshlandi va aynan shu voqealarga "bilib-bilmay aralashib qolgan" yoshlar hibsga olindi.

25 avgust kuni Bosh prokuratura to‘qnashuvga aloqadorlikda ayblangan 6 so‘xlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bu shaxslarga nisbatan, Jinoyat Kodeksining 219 (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddalari (ommaviy tartibsizliklar) bilan ayb e’lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Farg‘ona vodiysining eng qaltis nuqtalaridan biri sanalgan So‘xdagi qamoqqa olishlar jamoatchilik nazarida qolayotgan ayni kunlarda Ozodlik o‘zbekistonlik kuzatuvchilarning bu jarayonga oid fikrini o‘rgandi.

Ozodlik suhbatdoshlari xususan¸ Bosh vazir va Farg‘ona viloyat hokimining va’dalariga qaramay¸ stixiyali janjalga aralashgan yoshlarning qamoqqa olinishi sabablariga oid o‘z mulohazalarini bildirdi.

"Hukumat xalq bosh ko‘tarishi oldini olishga kirishdi!"

Shu kunda Toshkentda yashayotgan so‘xlik sobiq mulozim, “Chashma” bulog‘i ustidagi janjalga yillardan beri yechim topmay kelayotgan suv muammosi sabab bo‘lganini aytadi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan sobiq mulozim fikricha, hibsga olingan so‘xliklar qirg‘izlar bilan chiqqan janjaldan so‘ng So‘xga borgan Bosh vazir Abdulla Aripovdan shu va boshqa surunkali muammolarga yechim talab qilganlardir.

Sobiq mulozim¸ So‘xdagi qama-qamalarni davlat va prezident vakili sanalgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning kaltaklanishi uchun "o‘ch olish" deb atayotganlar bahosida jon borligini aytadi.

«Haqiqatan ham so‘xliklarning sabrlari qolmagan edi. Bir tomondan¸ bu o‘ch olish¸ deyish mumkin. Ammo, ikkinchi tomondan, davlat bor – bunday vaziyatlarda odamlarni sal tartibga keltirmasa ham adolatsizlik bo‘ladi. Lekin, qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi haqiqiy aybdorlar emas, shu masalada so‘xliklarga nisbatan adolatsizlik bilan muomala qilinyapti. Aripov bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi bugun hisobot bermoqda. Hukumatning maqsadi kelajakda bosh ko‘tarmasligi uchun, so‘xliklarning og‘izini yopib qo‘yish bo‘lyapti».

"Muammoga yechim so‘raganlarni "davlatga qarshi" deb qamash noto‘g‘ri siyosat!"

Farg‘onalik Bahodir Eliboyev yillardan buyon So‘x tumani muammolarini ko‘tarib kelayotgan huquq faoli.

31 may kungi voqealardan buyon tumandagi faollar bilan aloqada bo‘lib turganini aytgan Eliboyev, so‘nggi bir necha kundan buyon so‘xliklar bilan bunday aloqa uzilganini aytadi.

- So‘xliklar menga ochiq aytishyapti: “Internet, blogerlar boshqa dunyoda ekan, asl hayot boshqa. Sizdan bizga yordam, bir foyda yo‘q”, deb. So‘xliklar to‘liq “duxiga o‘tirdi”¸ sodda aytganda. Bundan buyog‘iga ulardan sado chiqishi qiyin.

Bahodir Eliboyev ham So‘xda mayda chiqqan nizoning asl sababi suv edi va bu muammo hanuz hal qilinmadi, degan ishonchda.

-Men to‘g‘risi, rasmiylarni uncha tushunolmay qoldim. Bu rasmiylar borganda, qo‘shni davlat fuqarolari bilan mojaro boshlanib, suv talashish jazavasi qo‘zigan edida. Bunaqa to‘polonlarda o‘rtaga tushgan odam bir -ikkita musht yeb qolishi aniqda. Ko‘pchilik yigitlar buni to‘g‘ri tushunadi, “ajrataman, deb kaltak yeb oldim” deb aytadiganlar ko‘p. So‘xda shunday holatning kattarog‘i bo‘ldi. Qirg‘iziston fuqarolari bilan so‘xliklar suv ustida janjallashganda borib qoldida rasmiylar va endi o‘rtada g‘alva paydo bo‘lib qoldi – sen nimaga meni urding, deganday. Chashma voqeasidagi asosiy sabab suv edi. Suv muammosini bular haliyam hal qilishgani yo‘q. O‘sha paytda ikki tomonni ajratmoqchi bo‘lishganida, bularga ham bir-ikkita shapaloq tushib qolgan edi, so‘xliklarni davlatga qarshi, deb qamashyapti. Bu umuman noto‘g‘ri narsa.

Huquq faoliga ko‘ra, So‘xdagi voqealarga ishtirok etgan va bu jarayonda hokimiyat vakiliga zo‘rlik ishlatgan yoki yengil tan jarohati yetkazgan shaxslarga, O‘zbekistonda mavjud qonunchilikka binoan, jarima yoxud eng ko‘pi bilan 15 sutkalik qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin edi.

Ayni paytda, Eliboyev qaltis hududda joylashgan So‘xda davlat mulozimlarining kaltaklanishini hukumat javobsiz qoldirmasligi kutilgan hol ekanini ham qo‘shimcha qildi.

- So‘xni bir qarang: yer O‘zbekistonniki, atrofi Qirg‘izistonniki, ichida tojik millatiga mansub aholi yashaydi. Rostdan ham mojaroli hududda o‘zi. Vodiyning shu qismida uchta davlat kesishgan – Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston. Aslida So‘xdagi muammolarni uch davlat rasmiylari o‘tirib olib, birga hal qilishi lozim. Lekin, mana endi kattalar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish – bu masalaning yechimi deyapti. Bilmayman, bu qanchalik yechim bo‘la oladi? Balki chegaralar ochilib, qirg‘iz birobarlar bilan bemalol bordi-keldi qilarmiz. Mana bugun So‘x-Vodil yo‘li ochildi, balki Rishton yo‘li ham ochilib qolar, hozircha yaxshilikka umid qilyapmiz”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Bahodir Eliboev bilan suhbat

"Bu - Shuhrat G‘aniyevning qasd olishi emas, yuqoridan hal qilingan masala"

So‘x voqealarini muttasil kuzatib borgan jurnalist Zarif Sultoniy, 22 avgustdan So‘x tumanida boshlangan hibsga olishlar 31 maydagi kabi to‘polonlarning takrorlanmasligi uchun ko‘rilgan chora, degan fikrda.

Jurnalistga ko‘ra, bu chorani qo‘llash qarori ham Farg‘ona viloyati yoki uning hodisalarda toshbo‘ron qilingan hokimi Shuhrat G‘aniyev darajasida qabul qilinmagan.

-Masala juda jiddiy. Bu Shuhrat G‘aniyevning qasd olishi emas, bu yuqoridan hal qilingan masala, menimcha. Maqsad xalqni qo‘rqitish. Agar indamay qo‘yilsa, boshqa regionlar ham bundan xulosa chiqarib, demak haqqimizni talab qilib chiqsak bo‘ladi, degan fikrga kelishlari mumkin. Natijada, norozilik harakatlari yoyilib ketish ehtimoli bor. Shuning oldini olish uchun hukumat xalqning ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish kerak, degan mantiq bilan harakatga tushgan”.

Ijtimoiy tarmoq: Hokim G‘aniyevga jazo yo‘qmi?

So‘xda may oyida bo‘lgan voqealar ortidan yosh-yosh yigitlarning hibsga olinishi va ularga nisbatan davlat tuzumiga tajovuz hamda hokimiyat vakiliga qarshi zo‘rlik ishlatish kabi ayblovlar e’lon qilinishi tarmoqlarda ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, bloger Telegram tarmog‘idagi bakiroo​ kanali O‘zbekistonning xalqaro huquq ustuvorligi indeksida past o‘rinda qolayotgani sabablaridan biri - mansabdorlarning noqonuniy harakati uchun jazolanmasligi ekani, So‘xdagi ahvol esa buning yaqqol isboti ekanini yozdi.

"So‘x ishi" bo‘yicha bu holat yanayam yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Janob G‘aniyev butun bir xalq va tumanni haromi desa - jazo yo‘q, kartadan o‘chirib tashlayman desa - jazo yo‘q, yo‘lni yopaman desa - jazo yo‘q.

Hokimiyat va davlat organlariga qarshilik ko‘rsatganlarga esa mahkama ochilmoqda va yopiq sudlar bilan hukm o‘qilmoqda. Bu transparent emas. Bu huquqni va qonunni tanlama, bir yoqlama qo‘llanilishi.

Reyting, O‘zbekiston imidji deb qayg‘urayotganlar bilsinki, afsuski, G‘aniyevning o‘zi bugungi O‘zbekistonning asl yuzi".

Prezident: 50 yilda hal bo‘lmagan muammoni 3 oyda hal qilib bo‘lmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 6 iyulida Farg‘onada viloyat va tumanlar hokimlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda So‘xdagi voqealar haqida gapira turib, tumanda uzoq yillardan beri hal bo‘lmay kelayotgan muammolar yig‘ilganini tan olgan edi.

"So‘x voqealari ham sinov bo‘ldi. Bitta narsani bilishimiz kerak, oxirgi 3-4 yilda qo‘shnilarimiz bilan, qirg‘iz xalqi bilan, qirg‘iz do‘stlarimiz, birodarlarimiz, jon qo‘shnimiz bilan juda katta ishlarni amalga oshirdik. O‘ylaymanki, birodarligimiz, do‘stligimiz, qavm-u qarindoshchiligimiz davom etadi. Bu nojo‘ya voqealar do‘stligimizga, bordi-keldimizga, ertangi kun uchun rejalarimizga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak...

Muammolar yo‘g‘amas, bor. Lekin tasavvur qilinglar, 50 yil hal bo‘lmagan muammolarni 3 yilda hal qilib bo‘lmaydi. Qonun kerak, vazminlik kerak, qonunni amalga oshirish kerak, hammasini taroziga qo‘yib, to‘g‘ri xulosa qilib, do‘st bo‘lishimiz kerak, saboq chiqarishimiz kerak. Kelajakda bordi-keldimiz, do‘stligimiz bundanam mustahkam bo‘ladi. Qo‘shnichilik - ming yilchilik".

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Mirziyoev So‘x haqida: 50 yil hal bo‘lmagan muammolarni 3 yilda hal qilib bo‘lmaydi

Shu yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyat, So‘x tuman, Chashma qishlog‘ining Qirg‘izistonning Botken viloyat, Kadamjay tuman, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan Chashma bulog‘i bo‘yida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa 4 mingga yaqin odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

O‘zbekiston tomoni bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, So‘x tumani shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Chegarada boshlangan dahanaki mojaroning keyinchalik to‘qnashuvga aylanib ketishida mahalliy rahbarlar, xususan, Farg‘ona hokimini ayblagan norozilar Shuhrat G‘aniyev va So‘x tumani sobiq hokimini toshbo‘ron qilgan edi.