Turkiyaning bir necha shahrida IShIDga aloqadorlikda gumonlangan o‘nlab o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Illyustrativ surat

Turkiyaning Istanbul¸ Adana¸ G‘oziantep va Xatay kabi shaharlarida 1 va 2 sentabr kunlari Turkiya xavfsizlik kuchlari tarafidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida kamida yigirmaga yaqin O‘zbekiston vatandoshining qo‘lga olingani aytildi.

Qo‘lga olinganlar IShIDning Turkiyadagi "amiri" Mahmud O‘zdan(Mahmut Özden)ga logistik qo‘llov berganlik va terrorchilikka aloqadorlikda gumonlanmoqda. Qo‘lga olinganlar shaxsiga oid ma’lumot hozircha Ozodlik ixtiyorida yo‘q.

Qo‘lga olinganlar orasida kamida 20ga yaqin o‘zbek borligi haqida Ozodlikka Turkiya xavfsizlik tizimiga yaqin istanbullik tadbirkor va Turkiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimi ma’lum qildi.

Ularning aytishicha¸ 31 avgust kuni IShIDning Turkiyadagi “amiri” Mahmud O‘zdan qo‘lga olinganida¸ “amir”ga oid o‘nlab kompyuter va boshqa elektron jihozlardan Turkiyadagi o‘zbek va tojiklarning ismi-sharifi va yashash manzillari ro‘yxati chiqqan.

Turkiyadagi dindorlarga yordam beradigan ikki gumanitar tashkilotning Ozodlik gaplashgan vakillari keyingi ikki kun ichida O‘zbekiston vatandoshlarining IShIDga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olinganini tasdiqladi.

Aytilishicha¸ Tojikiston xavfsizlik idorasi keyingi ikki kun ichida Turkiyada qo‘lga olingan markaziy osiyoliklar¸ xususan tojik vatandoshlari haqida ma’lumotga ega va hozirda ular shaxsini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston xavfsizlik idorasiga ham qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar haqida xabar berilgan.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsini ochiqlamagan turk mulozimi¸ qo‘lga olinganlarning jami soniga oid aniq ma’lumot bermadi.

Turkiya diplomatik idorasiga aloqador suhbatdosh mamlakatda IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotgan shaxslarni qo‘lga olish hafta mobaynida davom etishi va ushlanganlar sonining o‘sish ehtimoli borligini ta’kidladi.

"Amir" qo‘liga kishan taqildi

1 sentabr kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘yli (Süleyman Soylu) Twitterdagi sahifasida IShIDning Turkiyadagi to‘daboshisi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

“O‘zini IShIDning Turkiyadagi amiri deb atagan kimsa ushlanib, qamoqqa olindi. Tashakkurlar¸ tabriklar xavfsizlik tashkiloti!”

Vazir bu ochiqlama ortidan jurnalistlar bilan uchrashib “Turkiyaning Adana shahrida o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida IShIDning Turkiyadagi amiri Mahmud O‘zdan qo‘lga olinganligi” haqida ma’lumot berdi.

Turkiya Ichki ishlar vazirining matbuotga bildirishicha¸ IShIDning qo‘lga olingan yetakchisi 10-12 kishilik guruhlar tuzib¸ Istanbulda masjidga aylantirilgan Ayo Sofiya obidasiga qarshi terror hujumi o‘tkazishni rejalagan.

Vazir boshqa qo‘lga olinganlar¸ xususan¸ ular orasidagi O‘zbekiston vatandoshlari borligi haqida gapirmadi.

Hurriyet gazetasining 2 sentabr kuni yozishicha¸ IShID amiri ushlangan 31 avgust kuni yana 11 kishi qo‘lga olingan. Nashr e’lon qilgan videolavhada qo‘liga kishan taqilgan o‘nlab soqolli odamlarning xavfsizlik kuchlari yetovida olib ketilayotgani aks etgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Turkiya Milliy xavfsizlik tashkilotiga yaqin tadbirkorga ko‘ra¸20 ga yaqin O‘zbekiston vatandoshi IShID amiri hibsga olingan kunning ertasi - 1 va 2 sentabr kuni o‘tkazilgan amaliëtlar chog‘ida qo‘lga olingan.

Qo‘lga olingan o‘zbekiston vatandoshlari Turkiyaning Istanbul¸ Adana¸ G‘aziantep va Suriya chegarasidagi Xatay shaharlarida istiqomat qilgan.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorning aytishicha¸ “31 avgust kuni qo‘lga olingan IShIDning Turkiyadagi amiriga oid o‘nlab elektron divayslardan o‘zbeklarning ismi va yashash manzili chiqqan.”

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “qo‘lga olish yana davom etadi. Turkiyadagi IShID va boshqa diniy tashkilotlarga moyil o‘zbeklar xavotir bilan yashashmoqda”

Samarali amaliyot

CNN TÜRK telekanali 1 sentabr kuni Turkiya xavfsizlik kuchlariga tayanib mana bu xabarni tarqatdi:

"Keyingi paytdagi eng muhim va samarali amaliyotdan biri. Amaliyotga tayyorgarlik oylarcha davom etdi. Ilk amaliyot o‘tkan hafta amalga oshdi. IShIDning muhim bir bombachisi qo‘lga olindi. Kalashnikov qurollari musodara qilindi. Reina (O‘zbekiston vatandoshi Masharipov tarafidan terror xujumi o‘tkazilgan tungi klub) hujumi kabi bir hujumni Taqsimda (Istanbul markazi) amalga oshirish rejasiga barham berdik. Istanbul Terrorga qarshi kurash idorasi va Istihborat (razvedka) sho‘’ba mudirligi bu terrorchilarni qadamba qadam izladi. Minglarcha soatlik videotasvirlarni tahlil qilishdi. Oxirida ushlashdi”.

Turkiya IShIDga moyil o‘zbeklar uchun inkubator

Turkiya¸ish izlab xorijga ketayotgan o‘zbekistonliklar uchun Rossiya va Qozog‘istondan keyingi yirik mehnat bozoriga aylangan.

O‘zbekiston pasporti bilan 30 kungacha vizasiz qolish mumkin bo‘lgan bu mamlakatda hozirda qancha o‘zbekistonlik ishlayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Taxminlarga ko‘ra¸ ular soni bir millionga yaqinlashgan.

Ayni paytda¸ turli islomiy guruhlar erkin faoliyat yurg‘izayotgan Turkiya O‘zbekiston hukumatining dindorlarga nisbatan munosabatidan qoniqmayotganlar uchun ham qulay boshpanaga aylangan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ Turkiyada Suriyadagi harbiy nizoda ishtirok qilgan va qilayotgan 3 mingga yaqin Markaziy Osiyo respublikalari vatandoshlari va ularning oilalari istiqomat qiladi. Ulardan kamida ming nafarining O‘zbekiston vatandoshi ekani aytiladi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ kamida 4 ming o‘zbekistonlik shu kunda Suriyadagi nizolashayotgan jangari to‘dalari¸ xususan IShID jangarilari safida faoliyat yuritmoqda.

Istanbulda qirg‘in uyushtirgan o‘zbek hujumchi

2017 yilning 1 yanvariga o‘tar kechasi Istanbuldagi mashhur tungi klubda terror hujumi sodir etgan o‘zbekiston vatandoshi¸ IShID hujumchisi Abdulqodir Masharipovga Turkiyada umrbod qamoq jazosi berilgan.

2017 yili Istanbulda o‘zbek terrorchi Masharipovnig qo‘lga olinish jaraëni

Masharipov konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga uringanlik va 39 kishini qasddan o‘ldirganlikda aybli deb topildi.