OzodDayjest: O‘zbek matbuoti korrupsiyada ayblangan jinoyatchilarga amnistiya qo‘llashni taqiqlashni taklif qilmoqda

Korrupsionerlarga nisbatan jazoni kuchaytirish taklif etildi. Qamoqdan ozod etilgan Akrom Malik jamoatchilikdan uning faoliyatini siyosiylashtirmaslikni so‘radi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Korrupsionerlarga nisbatan jazoni kuchaytirish taklif etildi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tkazilgan so‘rovlar aholi korrupsionerlarga nisbatan jazoni kuchaytirish va muqarrarligini ta’minlash orqaligina unga qarshi samarali kurashish mumkin deb hisoblashini ko‘rsatmoqda (“Mahalla” gazetasi, 2 sentabr).

“Masalan, amaldagi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bunday ishga qo‘l urgan shaxs keltirgan zarari miqdoriga qarab 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Lekin bu jazo kamdan-kam hollardagina qo‘llanadi. Ayrim paytlarda korrupsioner keltirgan zararini qoplash (qo‘lga tushgan epizodi bo‘yichagina) bilan jazodan qutulib qolishi ham mumkin” deb yozadi gazeta.

Qayd etilishicha, qamoq jazosi qo‘llanganda ham ko‘pdan-ko‘p yengillashtiruvchi sabablar hisobga olinib, ancha kam muddat belgilanadi.

Bundan tashqari, jinoyatchi muddatdan oldin ozod qilinishi holatlari ham yo‘q emas.

“Bizningcha ham, muqarrar va qat’iy jazolar belgilanmas, qonunlarda bunday jinoyatlar uchun “yumshatuvchi holatlar”, amnistiyaning qo‘llanishi taqiqlanmas ekan, quruq tadbir uyushtirib, forum o‘tkazish bilan ovora bo‘lamiz va muammoni hal etish, xalqaro reytingimizni ko‘tarishga erisholmaymiz” deb yozadi gazeta.

Ozodlikka chiqqan Akrom Malik kelajak rejalarini ochiqladi

Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston prezidenti tomonidan e’lon qilingan afvnomaga ko‘ra ozod qilingan adabiyotshunos olim Akrom Malik Kun.uz nashriga intervyu berdi.

Abdulloh Nusrat taxallusi bilan tanqidiy maqolalar yozgani aytilgan Akrom Malik 2016 yil iyul oyida qamoqqa olingan va keyinchalik sud tomonidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi (konstitutsion tuzumga tajovuz) hamda 244-moddasi (jamoat xavfsizligiga tahdid) bilan ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Suhbat asnosida jazo muddatini o‘tash jarayonida xatolarini tushunib etganini qayd etgan va afv etgani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan.

Akrom Malik bundan keyin faoliyatini ilmiy izlanishlarga bag‘ishlash, xususan, Alisher Navoiy asarlarini sharhlash istagida ekanini ma’lum qilgan.

“Yoshlik – juda katta imkoniyatlar, qiziqqonlik, shijoat davri. Hayotni anglamagan paytda kichik bir nohaqlikni ko‘rsa ham inson yonib ketadi, biroz shoshib munosabatda bo‘lishi mumkin. Yoshlarga aytmoqchimanki, albatta nohaqlik qarshisida sukut saqlamaslik kerak. Inson unga qarshi turishi zarur. Faqat sodir bo‘layotgan o‘sha voqeaning mohiyatiga, zamiriga nazar solishni o‘rganish juda muhim” degan u.

Ayni choqda, A.Malik jamoatchilikdan uning shaxsi yoki faoliyatini siyosiylashtirmaslikni iltimos qilgan.

Bog‘chalarda yirik moliyaviy qonunbuzarliklar fosh etildi

Maktabgacha ta’lim vazirligi Hisob palatasi bilan hamkorlikda tizimda byudjet mablag‘ining samarali ishlatilishi yuzasidan o‘tkazgan o‘rganishlarda 48,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi (www.xabar.uz, 2 sentabr).

Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahrining 10-son maxsus bog‘chada 900 mln so‘mlik noqonuniy xarajat fosh etildi. Vazirlikning ichki audit xizmati tomonidan 2019 yil va 2020 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy chora ko‘rish uchun 904 ta tekshirish hujjatlari yuborildi.

Maktabgacha ta’lim tizimini bola haqqiga xiyonat qiladigan vijdonsiz insonlardan xalos etish borasida ishlar davom ettiriladi, deyiladi vazirlik xabarida. Qayd etilishicha, 2019 yilda MTV 680 ta tashkilot bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Ular asosida prokuratura tomonidan bir qator jinoyat va ma’muriy ishlari qo‘zg‘atilgan, vazirlik esa moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mudira va hisobchilarni ishdan bo‘shatgan.

Vazirlikka ko‘ra, kamomad va korrupsiya sabab ishdan bo‘shatilgan bog‘cha mudiralari orasida ijtimoiy tarmoqda yolg‘on xabar tarqatib, jamoat fikrini manipulyatsiya qilishga urinayotganlari ham bor.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda 6 mingga yaqin davlat MTTlarida 223 ming xodim faoliyat yuritadi.