Kosoncha shou: "Hokim o‘rinbosari meni yolg‘on gapirishga majburlab, videoga olib ketdi"

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Shoymardon bobo hokimlik konyak ichirib, o‘z gapiga raddiya berishga majburlanganini iddao qildi

Qashqadaryo viloyat, Koson tuman, Do‘stlik mahallasida yashaydigan 76 yashar Shoymardon Jumayev Ozodlikning “Sizdan Telegram” kanalida mahalla kengashi va tuman hokimligi kambag‘al oilaga hech qanday yordam bermagani haqidagi tanqidiy chiqishidan so‘ng, tuman hokimi o‘rinbosari va axborot xizmati rahbari kelib, uni yolg‘on gapirishga majburlagani haqida OzodMikrofonga shikoyat qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Kosonlik 76 yoshli qariya: Hokim o‘rinbosari meni yolg‘on gapirishga majburlab, videoga olib ketdi

Bundan avval “Sizdan Telegram” kanalida 16 avgust kuni kosonlik Shoymardon Jumayevning videosi e’lon qilinib, uning kambag‘al oilasiga hech qanday moddiy yordam berilmaganidan shikoyat qilgan edi:

“Qashqadaryo Koson tumani Do‘stlik MFY Usmon Nosir ko‘chasidan murojaat qilyapman. Pensiya puli yetmaydi. Ehtiyojmandmiz. Ammo mahalla negadir yordam bermayapti. Prezidentimizdan bizga ham yordam berishlarini so‘raymiz”.

18 avgust kuni Koson.uz rasmiy Telegram kanali hokimlik axborot xizmatining Shoymardon Jumayevning ohori kiyimda, chiroyli bir xonada olingan videoreportajini e’lon qildi:

“Bugun Koson tumani hokimligi axborot xizmati mazkur murojaatni mas’ullar ishtirokida o‘rganib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, otaxonga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. Har oy ikki marotaba oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab turilgan. Qolaversa, bundan bir yil avval uyining tom qismini yopishda hokimlik mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratib bergan”.

Videoda Shoymardon Jumayev mahalla va hokimlikdan xursand ekanligini, unga doim moddiy yordam berilayotganini aytadi.

Ammo, 2 sentabr kuni Ozodlik bilan bog‘langan Shoymardon Jumayevning iddao qilishicha, hokim o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov tuman axborot xizmati rahbari Dilshod Nabiev va mahalla raisi Ali Xo‘jayev bilan birga kelib, avval otaxonni qamash bilan tahdid qilgan, so‘ngra spirtli ichimlik ichtirib, ular aytgan gapni videoga aytkizgan:

- Hokim o‘rinbosari Ochilov, Dilshod degan jurnalist, mahalla raisimiz Alivoy birga kelib, meni uyga qamab, eshikni mahkamlab, orqasiga odam qo‘yib qamaymiz deb avval qo‘rqitdi. Keyin osh bilan konyak olib kelib, meni ichishga majburlashdi. Men o‘zim araq ichmayman, namoz o‘qiyman. So‘ngra, aljiratib bir nima narsalarni aytib turishdi va videoga yozib olishdi. Aslida men birinchi sizlarga yuborilgan videoda hamma gapni to‘g‘ri aytganman. Hozir yana aytaman, menga faqat 220 ming so‘m prezidentni yordami berilgan. Yordam kelgan bo‘lsa, tadbirkorlar o‘zlari saxovat qilishgan. Mana uyimning tomini yopib berildi, deb hokimlik mulozim videoda aytibdi. Lekin tomim yopilgan yo‘q, hozir ham chayonu ilonlar tushib turadi. Hokimlik ko‘rsatgan videoda mening uyimni asl holatini ko‘rsatishmagan. Mana uyning asl holati”

Shoymardon Jumayevning uyidan olingan bu video va rasmlar uning haqiqatda qanday sharoitda yashayotganini ko‘rsatadi:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Shoymardon Jumaev va uning kelini hokimlik vakillari kelib ularni yolg‘on gapirtirgani haqida

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Shoymardon Jumaev qashshoq yashayotgan bo‘lsa ham kam ta’minlanganlar ro‘yxatiga kiritilmagan

67 yashar Shoymardon Jumaev og‘ir sharoitda yashayotganidan, mahalla va hokimlik yordam bermayotganidan shikoyat qiladi.

Shoymardon Jumaev hovlisi

Shoymardon Jumaevning hokimlik ta’mirlab berildi degan uyining tomi

--------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!