Izboskandagi klaster ketmonchi ayollarning pulini bermayapti(VIDEO)

Paxta chopiq

Andijon viloyat, Izboskan tumanidan OzodMikrofonga qo‘ng‘iroq qilgan, paxta dalasida uch oy ketmon chopgan ayolning aytishicha, “Best Textile International” OOO klaster korxonasi 60 nafardan ortiq yollanma ishchining maoshini bermayapti:

Iyul-avgust oylariga ish haqimizni klaster bermayapti.

“Uch nafar farzandim bor, pandemiya davrida bekor o‘tirmay, bolalarning u-busiga yarab qolay deb 1 gektar paxta olib, ishlagan edim. Iyul-avgust oylariga ish haqimizni klaster bermayapti. Boshida har oyga 400 ming so‘mdan beramiz, deb og‘zaki shartnoma qilgan edik. May-iyun oylariga berdi. Avgust oyida qilgan chekankamizga 130 ming so‘m berdi xolos. Qolgan 270 ming so‘mini bermay qochib yuribdi. Biz keyin shikoyat qilib tuman hokimligiga bordik”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Izboskandagi klaster ketmonchi ayollarning pulini bermayapti

Ayolning aytishicha, ular jazirama issiqda “orqasi kuyib, qo‘llari qavarib”, yosh bollarini o‘zi bilan dalaga olib borib g‘o‘zani chopib, yagana, chekanka qilib bo‘ldirib bergan:

"Ketmon chopdik, ikki bukilib yagana qildik, qora mehnat qildik.

“Hokimiyatga ham, klaster vakillariga ham aytdik. Biz bollarimizka patinka, daftar, ruchka olamiz deb, tushlik qilib bermasalaring ham, o‘zimiz non suv olib borib ishladik. Biz sizlar uchun arzimagan pul bo‘lgan 400 ming so‘m uchun ketmon chopdik, ikki bukilib yagana qildik, qora mehnat qildik. Lekin qolgan 270 ming so‘m ham biz uchun pul, bollarimiz xarajatining bir kemtigiga yaraydi, dedik. Lekin ulardan sado yo‘q.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Izboskandagi klaster ketmonchi ayollarning pulini bermayapti

Ozodlikka yuborilgan videoda ketmonchi ayollarning tuman hokimligi oldida o‘z noroziligini aytayotgani aks etgan:

“Biz bahorda klaster bilan og‘zaki shartnoma qilib ish boshlaganmiz. Endi ish haqimizni bermayapti. Chunki yozma shartnoma qilmagan ekanmiz. Ish haqimiz bizga kerak, bollarimizga maktab boshlanyapti. Kim klasterga chora ko‘radi, kim ular ustidan nazorat olib boradi?”

“Best Textile International” OOO klaster korxonasining Akram ismli rahbarining telefoni o‘chgani bois u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Klaster korxonasi bosh buxgalteri Nozimjon Qurbonov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.