Belarus muxolifatining g‘oyib bo‘lgan a’zosi Ukraina chegarasida «qo‘lga olindi»

Mariya Kolesnikova

Belarus Davlat chegara xizmati rasmiylari va guvohlar taniqli muxolifatchi Mariya Kolesnikova 8 sentabrda Belarus-Ukraina chegarasida qo‘lga olinganini ma’lum qildilar.

Xabarlarga ko‘ra, Kolesnikova chegaraga ertalab soat 5:00 da bir kun oldin g‘oyib bo‘lgan boshqa ikki muxolifat yetakchisi – Anton Rodnenkov va Ivan Kravsov bilan borgan.

Ularning uchalasi ham Muxolifat muvofiqlashtiruv kengashining a’zolaridir. Muxolifat muvofiqlashtiruv kengashi 9 avgustda o‘tgan saylovda Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘lgani e’lon qilingani ortidan tashkil etilgan.

Belarus Davlat chegara qo‘mitasi vakili Anton Bichkovskiy boshida muxolifat yetakchilari mamlakatni tark etganini e’lon qilgan edi.

Ammo keyinroq Belarus davlat telekanali Bichkovskiy Kolesnikova chegarani kesishga urinayotganida «qo‘lga olinganini» aytganini xabar qildi.

Rodnenkov bilan Kravsov esa Ukrainaga o‘tib ketgani aytilmoqda. Ukraina Davlat chegara xizmati Kolesnikova Ukrainaga o‘tmaganini, ammo Rodnenkov bilan Kravsov chegaradan o‘tganini tasdiqladi.

Kolesnikova Ukrainaga kiritilishi oldini olish uchun o‘z pasportini yirtib tashlagani haqidagi xabarlarni tasdiqlab bo‘lmadi.

Saylovda Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya Kolesnikovani zudlik bilan ozodlikka chiqarishga chorladi.

7 sentabr kuni Tut.by nashri guvoh so‘zlariga tayangan holda Kolesnikova Minsk markazida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini xabar qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay Rodnenkov va Kravsov yaqinlari ular bilan ham aloqa yo‘qolganini ma’lum qildilar.

Yevropa Ittifoqi muxolifatning ko‘zga ko‘ringan vakillari g‘oyib bo‘lishi ortidan Lukashenkoni muxolifatni qo‘rqitib, taslim qilishga urinishda aybladi.

Tinch namoyishlar boshlanganidan bari minglab odam qo‘lga olindi, jurnalistlarga bosim kuchaydi.

Germaniya Belarus rasmiylaridan g‘oyib bo‘lganlar haqida ma’lumot berishni hamda siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishni talab qilmoqda.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas:

«Belarusdagi barcha siyosiy mahbuslar qaerdaligi oydinlik kiritilishini va ular ozodlikka chiqarilishini talab qilamiz», dedi.

8 sentabr kuni saylov ortidan Litvaga qochib o‘tgan muxolifat nomzodi Tixanovskaya Yevropa kengashining Parlament assambleyasi qoshidagi Siyosiy ishlar qo‘mitasining virtual yig‘inida ishtirok etib, Belarusdagi vaziyatni muhokama qildi.

Joriy haftada Tixanovskaya Polshaga borib, yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashadi.

Belarusda prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari qariyb bir oydan buyon davom etmoqda. Norozilarning ko‘pi qo‘lga olindi, qiynoqqa solindi va tahqirlandi.