“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun 15 sentabrdan boshlab kuchga kirdi.
Qonun 2020 yil 13 mart kuni imzolangan va oradan 6 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan edi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga umumiy tartibda, soddalashtirilgan tartibda, alohida tartibda qabul qilinadi.
Mazkur qonunga asosan O‘zbekiston fuqaroligini umumiy tartibda olish uchun ariza topshirgan shaxs davlat tilini bilishi shart bo‘ladi.
“Mazkur qonunda avvalgisidan farqli o‘laroq “vatandosh” degan tushuncha kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanadi”,-deyiladi qonunga berilgan sharhda.
O‘zbekiston hududida tug‘ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lmagan, O‘zbekiston hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan keyingi qarindoshlari, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshlari O‘zbekiston hududida yashayotgan bo‘lsa, ular vatandosh deb yuritiladi.
Bundan tashqari qonunda O‘zbekiston fuqaroligiga alohida tartibda qabul qilish, fuqarolikni tiklash va tugatish, fuqarolikdan chiqish hamda fuqarolikni yo‘qotish asoslari ham belgilab qo‘yilgan.
1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs istak bildirgan taqdirda O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinadi. Buning uchun u O‘zbekistonda yashash guvohnomasiga ega bo‘lishi zarur.
Bundan tashqari, ota-onasi (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston fuqarolari deb tan olingan bola ham yuqoridagi asoslarga ko‘ra O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinadi.
Qonunga asosan 1992 yil 28 iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistonda doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi bo‘lmagan va O‘zbekistonning fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga umumiy va soddalashtirilgan talablarni qo‘llamagan holda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.
Mustaqillikka erishilganidan boshlab to 2016 yilga qadar O‘zbekiston fuqaroligini olish juda murakkab jarayon bo‘lgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 1991 yildan 2007 yilga qadar respublikada jami 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.
2007 yildan 2016 yilning dekabriga qadar esa, bir kishi ham O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinmagan.
2016 yilning dekabrida Shavkat Mirziyoyev 179 kishiga fuqarolikni berish to‘g‘risidagi birinchi farmonni imzoladi.
2017 yilda 10 ta farmon bilan 1064 nafar shaxs, 2018 yilda 15 ta farmon bilan 2759 nafar shaxs fuqarolikka qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda jami 5441 kishini O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi 25 ta farmonni imzoladi.
Uch yil ichida jami 51 ta farmon bilan 9443 shaxs fuqarolikka qabul qilindi.