COVID-19 uchun SESga topshirilgan test natijasi kechikayotgani uchun tomografiyaga navbat ko‘paydi

Termiz shahrida joylashgan “Mashhura” tibbiyot markaziga eshigi oyinasiga ilingan e’lon, 14 sentabr, 2020

Surxondaryo viloyat, Termiz shahridagi “Mashhura” tibbiyot markazida kompyuter tomografiyasi uchun mijozlar tungi soat 3 da navbatga yozilmoqda.

Klinikadan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘pka va nafas yo‘llarini tekshirtirishni istagan bemorlar soni ortmoqda va klinika kuniga 40 bemorni tekshiruvdan o‘tkazishga arang ulgurmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan surxondaryolik shifokor va bemorlarga ko‘ra, aholi orasida koronavirusga chalinish va pnevmoniya bilan kasallanish holatlari keskin oshgan.

Shu bois, o‘zida COVID-19 alomatlarini seza boshlaganlar, Sanitariya va epidemiologik osoyishtalik agentligi laboratoriyalari yoki xususiy klinikalarda test uchun navbat kutish o‘rniga, darhol o‘pkani tekshirtirishga oshiqmoqda.

Termiz shahrining Bo‘stonliq mahallasida yashaydigan 29 yashar Dilrabo Yo‘ldosheva 14 sentabr kuni shahardagi “Mashhura” tibbiyot markazida kompyuter tomografiyasidan o‘tgani va buning uchun tungi soat 3 da navbatga yozilganini aytdi.

Dilrabo 8 sentabrda turmush o‘rtog‘ida COVID-19 alomatlarini kuzata boshlagan, 2 kun so‘ngra o‘zi, yana bir kun o‘tib ukasida isitma ko‘tarilgach, koronavirusga test topshirish harakatiga tushgan.

Uning aytishicha, avvaliga eri uchun Sanitariya va epidemiologik osoyishtalik agentligi Surxondaryo viloyat markaziga test topshirish yo‘lini qidirgan.

Ammo, so‘rab-surishtirgach, buning uchun oldin “Tez yordam” xizmati orqali buyurtma berish kerakligi, 2 kun ichida undan test uchun tahlil olinishi, natijani esa yana kamida 4 kun kutishiga to‘g‘ri kelishini aniqlagan.

- Tanish-bilish qilib yurib, SESga (Sanitariya va epidemiologik osoyishtalik agentligining xalq orasida yoyilgan eski nomi – tahr.) test topshirdim. Lekin natijasi chiqavermadi. Keyin xususiy klinikaga bordim. Ular qondan tahlil olib, virus yo‘q, deyishdi. Oradan 1 kun o‘tib, isitma ukamga o‘tdi. Keyin xavotir olib, tomografiya qidirishga tushdik, chunki testni natijasini kutib yotsak, pnevmoniya kuchayib ketishi mumkin. Butun Surxondaryoda bitta “Mashhura” xususiy klinkasida ishlayapti ekan. Borsak, eshigiga yozib qo‘yibdi: “Kechasi soat 3 da kelib, navbat olish mumkin”, deb. Isitma ichida erim ikkalamiz borib, mashina ichida kutib, kechasi navbatga yozildik. 14 sentabr kuni ertalab soat 10 da tomografiya qidirdik, qarasak ikki tomonlama pnevmoniya boshlangan.

Dilraboga ko‘ra, Sanitariya va epidemiologik osoyishtalik agentligining viloyat markaziga topshirilgan test natijasi 14 sentabr oqshom - tahlil namunasini topshirganidan 3 kun, koronavirus alomatlari ko‘rina boshlaganidan 6 kun o‘tib chiqqan va unga koronavirus yuqqani aniqlangan. Ammo, bu orada unda ikkitomonlama pnevmoniya boshlanib ulgurgan.

Dilrabo o‘zining o‘pkasini tekshirtirgan kuni, kompyuter tomografiyasi uchun 60 dan ortiq odam navbatga yozilgan ro‘yxatni ko‘rganini aytdi.

“Mashhura” tibbiyot markazining Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bergan xodimi, tomografiya uchun odamlar tungi soat 3 da navbatga yozilayotganini tasdiqladi.

“Navbatga kechasi soat 3 dan yozyapmiz, chunki odam juda ko‘p. Kuniga 40 tadan oshiq odamni apparatga tushirmaymiz. Shunga shunaqa navbat qilib qo‘yilgan. Kasal juda ko‘p. Qolganlarini keyingi kunga qoldiryapmiz. Chunki, kompyuter qizib ketyapti. Hammasi ham o‘pkasini tekshirtiradiganlarmas, bronxitlar bor, boshini tekshirtiraman, deganlar bor”, dedi klinikaning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Bu xodim, ba’zilari isitma bilan tekshiruvga kelayotgan bemorlar nega aynan tungi soat 3 da navbatga yozilayotgani sabablarini ochiqlay olmadi.

Shuningdek, aynan pnevmoniyaga chalinayotgan bemorlar ko‘rigi bo‘yicha savollarga klinika bosh vrachi Abdusamat Norqobulov javob berishi, ammo vrach favqulodda band bo‘lgani bois, undan hozircha ma’lumot olish juda mushkulligini aytdi.

Klinika xodimining qo‘shimcha qilishicha, shu kunda viloyat bo‘yicha kompyuterli tomografiya qurilmasi faqat 2 ta xususiy klinika – Termiz shahrida “Mashhura” xususiy tibbiyot markazi va Sherobod tumanidagi “Yevromed” klinikasida ishlab turibdi:

“Qolgan klinikalardagi mashinalar buzilgan. Chunki to‘xtovsiz ishlaganiga kompyuterlar qizib ketyapti. Oldiniga kuniga 70 ta, keyin 60 taga tushirdik. Hozir kuniga 40 tacha odamni tomografiya qilyapmiz. Bizdan tashqari, shu Sheroboddagi “Yevromed” klinikasida 1 ta mashina ishlab turibdi”.

Termiz shahar tibbiyot birlashmasida ishlaydigan vrachning Ozodlikka aytishicha, kompyuterli tomografiya qurilmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha 3 ta xususiy klinika va viloyat tibbiyot birlashmasidagina bor.

“Bitta shu “Mashhura” klinikasidagi ishlab turibdi hozir. Odamlarni ko‘payganiga sabab – pnevmoniya. Judayam ko‘paygan, lekin og‘ir formasi oz, 3-4 foiz, o‘lim soniyam shuncha, menimcha. Lekin, odamlarda vahima kuchaygan. Kovid simptomlari ko‘rinishi bilan tomografiyaga chopyapti. Chunki, koronavirus chiqsa ham, nafas qisish boshlanishi bilan yana baribir o‘pkani tekshirtirish kerak bo‘ladi. Shunga odamlar kovid testni ham kutib o‘tirmay, o‘pkani tekshirtiryapti”, deydi ismini oshkor qilmayotganimiz vrach.

Uning aytishicha, davlat tizimlari orqali koronavirus testini vaqtida topshirolmagan bemorlar, xususiy klinikada o‘pkasini tekshirtirib, o‘zini o‘zi davolashga majbur bo‘lmoqda:

“Internetda hozir pulmonologlar bor – bepul tibbiy yordam beraman, degan. Shularga telefon qilib, naznacheniye olib, uyida davolanib yotibdi. Bunday olganda, pnevmoniya bo‘lib qolganlarning asosiy qismi uyida o‘zini o‘zi davolayaptida. Chunki, davlatni shifoxonalarida vrach yo‘q, pulmonologlar umuman yetishmaydi. Yo‘talib, nafasi qisila boshlaganlar, tomografiya qildirb, Internetdan naznacheniye olib, davolanyapti”.

Ozodlik Surxondaryo viloyatidagi kompyuterli tomografiya qurilmalarining aslida mavjud va shu kunda ishlab turgan soniga oid tibbiyot xodimlaridan olingan ma’lumotga biror rasmiy izoh ololmadi. Surxondaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan kun davomida javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, o‘pkani tekshirtirish istagida bo‘lganlar nafaqat Surxondaryo balki, Samarqand va Toshkent shahrida navbat kutayotgani kuzatilmoqda.

Jumladan, Samarqand shahridagi Zarmed xususiy klinikasi mijozlarni bir yoki ikki kun avvaldan navbatga yozayotgani ma’lum bo‘ldi.

15 sentabr kuni mijoz tariqasida bog‘langan muxbir savollariga javoban, klinika xodimi xastalar avvalgidan ko‘payganini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerga kelayotgan mijozlar orasida ham o‘pka va nafas yo‘llaridagi xastaliklardan shikoyat qilayotganlar soni ortgan.

“Kuniga 40 tadan ko‘p bo‘lyapti bizda tekshiruv. Hammasi ham pnevmoniyamas, boshqa kasalliklar ham bor. Lekin, odamlarda kuz kelishi bilan vahima kuchayganda, sal kasal bo‘lsa, kelib o‘pkasini tekshirtiryapti”, dedi klinika xodimi.

Ozodlik Toshkent shahrida kompyuterli tomografiya qurilmasi bilan jihozlangan qator xususiy klinikalar va tibbiyot birlashmalarida ham mijoz favqulodda ko‘paygani, kamida 2 soat, ko‘pi bilan 1 kun navbat kutish kerakligi haqida javob oldi.

Toshkent shahridagi “Tez yordam” xizmatida ishlaydigan umumiy amaliyot shifokoriga ko‘ra, bu vaziyat - COVID-19 uchun test olish tizimining ehtiyojni umuman qoplay olmayotgani oqibatida yuzaga kelgan:

“COVID-19 test topshirish va uning natijasi chiqishi Toshkentda haliyam kamida 10 kuni, bo‘lmasa haftalarga cho‘zilyapti. Mana viloyatlardayam eng tez 4 bo‘lmasa, 1 hafta kutishyapti. Ayrim viloyatlarda 10 kun. Buni ichida virus o‘pkaga o‘tib, ikki tomonlama pnevmoniya rivojlanib ketyaptida. Shunga hamma MSKT (multispiral tomografiya)ga yuguryapti”.

Bu shifokorga ko‘ra, bunday bemorlar soni juda ko‘p va ular, milliardlab mablag‘ ajratilayotgan davlat sog‘liqni saqlash tizimi statistikasida umuman aks etmayapti.

“O‘zi oyog‘i bilan yurib, tomografiyaga borgan bemorlarni qo‘lida kovid spravkasi bo‘lmaydi, bo‘lsa, borolmasdida. Xususiy tartibda tekshiruvdan o‘tadi, xususiy tartibda vrach yoki hamshira yollab davolanadi. Og‘ir formasiga o‘tib ketsagina, “Tez yordam” bilan shifoxonaga tushadi – o‘shandan keyin ularga pnevmoniya tashxisi qo‘yiladi, keyin vrach kovid analizga yo‘llanma beradi, u yog‘i yana kamida 3 kunlik protsess. Xullas, vaziyat allaqachonlar nazoratdan chiqib ketgan”, deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan toshkentlik shifokor.

Shu kunda, Internet tizimi orqali bemorlarga bepul yordam ko‘rsatayotgan pulmonolog shifokorning aytishicha, keyingi paytlarda O‘zbekistonda ko‘payib ketgan pnevmoniya kasalligini COVID-19 kasalligini keltirib chiqarayotgan koronavirus infeksiyasi qo‘zimoqda:

“Aniq koronavirus qo‘zg‘ayapti, shaxsan menda bunga shubha yo‘q. Faqat, bir test topshirganda koronavirus chiqmayapti. Ba’zilarda ikki yoki uchinchi tekshiruvda chiqyapti. Ba’zilar vaqtida davolanishni boshlagani uchun, ularda umuman chiqmayapti. Lekin, davolanmaganlarda 4 kun, 1 hafta ichida pnevmoniya ikkitomonlama rivojlanib ketyapti. Shuning uchun, kovidga test topshirmay, tomografiya qildirganlar, bir tarafdan to‘g‘ri qilyapti. Faqat, bunda juda ehtiyot bo‘lish kerak – nafas tezlashib, siqish boshlanmaguncha MSKT qildirish sog‘liqqa juda xavfli, shuni unutmasli kerak”.

Ismini oshkor qilmayotganimiz pulmonolog kuzatuvlariga ko‘ra, hozir pnevmoniya o‘tgan yilgiga nisbatan 10 barobarga oshib ketgan:

“Shaxsan mening o‘zimning kuzatuvimga ko‘ra, 10 barobarga oshib ketgan. Juda ko‘p, juda ko‘p. Asosan yengil forma, o‘lim soni oz. Asosiy qismi uyida davolanayotganiyam to‘g‘ri, chunki shifoxonalar to‘lgan, vrachlar yo‘q. Koronavirus o‘rta va og‘ir kechgan bemorlarda, darhol pnevmoniya boshlanadi. Shuning uchun, davolanish qancha tez boshlansa, yallig‘lanish foizi shuncha oz bo‘ladi. Davolanish jarayoniyam og‘irmas, qonni suyultiradigan ukol va tabletkalar ichib, uyida yotishi kerak”.

O‘zbekistonda pnevmoniya kasalligi yoyilib borayotganini Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari ham qayd etgan, ammo bu boradagi aniq statistik raqamlar jamoatchilikka taqdim qilingani Ozodlikka ma’lum emas.

Shu yilning 4 avgustida Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibullo Oqilov mamlakatda koronavirusdan o‘layotganlar soni rasmiy statistikada ko‘rsatilganidan ancha ko‘proq ekani tan olarkan, qolgan o‘limlar pnevmoniya, deb hisoblanayotganini aytgan edi.

“Rasmiy statistikada berilgan o‘limlar soni bilan real hayotdagi o‘limlar soni o‘rtasida farq bor. Uyida davolanishga harakat qilib, keyin og‘ir ahvolda olib kelingan bemorlar 1-2 kun yotib, keyin vafot etadigan bo‘lsa va kelgan paytda qo‘lida tahlil (test) natijasi bo‘lmasa, ya’ni klinikada tahlil olinib, tasdiqlanmagan bo‘lsa, ular statistikada koronavirusdan o‘lgan deb hisoblanmaydi, pnevmoniya bo‘lib hisoblanadi”, degan edi H. Oqilov.

Ammo, rasmiy o‘shanda ham pnevmoniyaga chalingan yoki o‘lgan bemorlar soni haqida biror ma’lumot bermagan. Qo‘shni davlatlar - Qirg‘iziston va Qozog‘istonda koronavirus va pnevmoniyadan o‘lganlar soni birlashtirilgan. Bunga pnevmoniyani ham koronavirus keltirib chiqarayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ayni paytda, O‘zbekistonda mavjud kompyuter tomografiyasi qurilmalari aniq soni ham Ozodlikda yo‘q.

Ammo, Namangan, Andijon, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida ishlayotgan 10ga yaqin vrachdan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyatlardagi markaziy tibbiyot birlashmalarida 1 tadan, xususiy klinikalardan esa 1 yoki 2 tadan shunday qurilma bor, Toshkent shahrida esa bunday qurilma mavjud bo‘lgan tibbiyot muassasalari soni 10tadan ortmaydi.

Bu qurilma narxi 60 ming AQSh dollaridan boshlanib, 250 – 300 ming AQSh dollarigacha baholanadi.

Shifokorlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida asosan xususiy klinikalar tomografiya qurilmalari bilan jihozlangan, boisi hukumat qarori bilan ularga qator imtiyozlar berilgan.

Jumladan, O‘zbekiston prezidenti 2017 yil 1 aprelida “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda o‘sha yilning 29 dekabrida “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarorlarni imzolagan edi.

Bu qarorlar bilan xususiy klinikalar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan ixtisosliklar turi 50 tadan 129 taga ko‘paytirilgan, ularga 2022 yil 1 yanvargacha soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berildi. O‘sha yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 3 yarim mingta bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilning 1 iyuniga kelib, ularning soni 5 ming 612 taga yetgan.