AQShda 13 nafar senator Belarusda tinch namoyishchilarga qarshi keskin kuch ishlatilishiga aloqador rasmiylarga qarshi sanksiya joriy qilishga chorlovchi rezolyutsiyani taqdim etdi.
14 sentabr kuni Senat tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Jim Rish Belarusda muxolifatga qarshi zo‘ravonlik va repressiyani «vijdonsizlik» deb atadi. Ham demokratlar, ham respublikachi senatorlar tayyorlagan rezolyutsiyada 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan va amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqan saylov «na ochiq, na adolatli» o‘tkazilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, rezolyutsiya Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan natijalarni tan olmadi va qo‘lga olingan siyosiy mahbuslarni va namoyish qatnashchilarini ozodlikka chiqarishga chorladi.
Rezolyutsiya kuchga kirsa, unda belgilangan sanksiyalar Yevropa Ittifoqi va boshqa xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda joriy qilinadi.
Senator Rish rezolyutsiya AQShning Belarus xalqiga bo‘lgan qo‘llovi ramzi ekanligini aytdi. Senator Bob Menendes esa «Belarus xalqi ko‘rsatgan jasoratni qattiq hurmat qilishini» aytib, xalqaro hamjamiyatni Belarus xalqining erkin va demokratik kelajak qurish istagini to‘liq qo‘llashga chorladi.
«Janob Lukashenkoda zarracha legitimlik qolmadi va u iste’foga chiqishi kerak. AQSh va Yevropadagi hamkorlarimiz tezkorlik bilan u va uning tarafdorlarini Belarus xalqiga qarshi qilgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortishi kerak. Buni kechiktirish mavjud tuzum yanada chuqurroq o‘rnashishi uchun zamin yaratadi», dedi Menendes.
Rezolyutsiyada namoyishlar boshlanganidan beri 7 mingdan oshiq Belarus fuqarosi qo‘lga olingani, ularning aksari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qiynoqqa tutilgani va kaltaklangani aytiladi.
Shuningdek, rezolyutsiyada Belarus rasmiylari muntazam ravishda matbuot erkinligini cheklayotgani ta’kidlandi. Bugunga qadar mamlakatda o‘nlab jurnalist qo‘lga olindi. Bundan tashqari, namoyishlarni yoritgan 50 dan oshiq xabar saytiga to‘siq qo‘yildi, ikki mustaqil gazeta faoliyati to‘xtatildi, xorij xabar agentliklari muxbirlarining akkreditatsiyasi bekor qilindi.
AQSh Senatorlari rezolyutsiyasi e’lon qilinishidan ortidan Human Rights Watch (HRW) tashkiloti BMT Inson huquqlari kengashini hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotini Belarusda namoyishchilarga qarshi ko‘rilgan keskin choralarni «zudlik bilan tergov qilishga» chorlagan edi.
Tashkilot 15 sentabr kuni e’lon qilgan bildiruvda xavfsizlik kuchlari «minglab odamni o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olgani, yuzlab odamga yomon munosabatda bo‘lib, ularni qiynoqqa tutgani» aytiladi.
HRW tashkilotiga intervьyu bergan guvohlar politsiya sodir etgan do‘pposlashlar va hatto zo‘rlash holatlari haqida so‘zlab bergan.
Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson: «Shafqatsiz zo‘ravonliklar Belarus rasmiylari xalq ovozini o‘chirish uchun har narsaga tayyor ekanligini ko‘rsatdi, ammo o‘ng minglab tinch namoyishchi adolatli saylov o‘tkazilishi va zo‘ravonliklar uchun adolat o‘rnatilishini talab qilishda davom etmoqdalar», dedi.