O‘zbek faollari: Shveysariya Karimova pullarining yana o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak!

Tergov ma’lumotlarida aytilishicha, Gulnora Karimova 12 yil davomida 51,1 milliard so‘mlik aktivlarga egalik qilgan uyushgan guruhni nazorat qilgan.

Muhojiratda yashayotgan o‘zbekistonlik huquq faollari, sobiq siyosiy mahbuslar Shveysariya hukumatini Gulnora Karimovaning O‘zbekistonda korrupsion yo‘llar bilan o‘zlashtirgan aktivlarining yana o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirmoqda.

Faollarning bu haqdagi murojaati Shveysariya marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ishtirokidagi noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida muzlatilgan pullarning bir qismini qaytarish shartlari to‘g‘risida O‘zbekiston bilan kelishuvga erishgani haqidagi xabar ortidan e’lon qilindi.

O‘zbekiston-Germaniya forumi tashabbusi bilan tayyorlangan ochiq xat "Uzbekforum.org" saytida 16 sentabr kuni e’lon qilindi.

Faollar qaytarilajak pul korrupsiyaga qarshi islohotni rag‘batlantirish uchun ishlatilishini talab qilmoqda.

Shveysariya hukumati, O‘zbekiston bilan imzolagan kelishuvga muvofiq, 2012 yilda pul yuvish va korrupsiya yuzasidan Gulnora Karimovaga nisbatan olib borilgan tergov doirasida muzlatib qo‘yilgan mablag‘ning 131 million dollari, "muayyan shartlar asosida", O‘zbekistonga qaytarilishi haqda 11 sentabr kuni ma’lum qilgan edi.

O‘nga yaqin o‘zbekistonlik huquq faoli, jurnalist hamda sobiq siyosiy mahbus 16 sentabr kuni imzolagan ochiq maktubda Shveysariya Gulnora Karimovaning jinoyat ishi doirasida muzlatilgan pullarini O‘zbekistonga qaytarishda "shaffoflik" kafolatlanishini talab etgan.

"Uzbekforum.org" saytida e’lon qilingan maktubda O‘zbekistonda ba’zi ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, hali hukumat korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashmayotgani aytilgan.

"Shu bois, o‘zbek xalqining korrupsion yo‘llar bilan talon-toroj qilingan boyligi yana qaytib korrupsionerlarning o‘zlariga qaytarilishi ehtimoli yuqori", - deyiladi ochiq maktubda.

Maktub ostiga O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova, Qoraqalpog‘istondagi "Chiroq" inson huquqlari tashkiloti rahbari Azimbay Ataniyazov, Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva, o‘zbekistonlik fuqarolik jamiyati faoli Farida Sharifullina, fotojurnalist Timur Karpov, Shveysariyada yashovchi mustaqil jurnalist Alisher Taksanov, mustaqil jurnalistlar Shohida To‘laganova va boshqalar imzo chekkan.

Faollar qaytarilajak pul korrupsiyaga qarshi islohotni rag‘batlantirish uchun ishlatilishini talab qilmoqda.

Bern ham pulni qaytarib berish evaziga "ulardan O‘zbekiston aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun foydalanish, xususan, ijtimoiy va ekologik ahamiyatga ega loyihalarga sarflash"ni Toshkent hukumatiga shart qilib qo‘ygan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yuqoridagi shartlarning bajarilishi shaffofligini ham ta’minlashi kerakligini eslatgan.

Agar O‘zbekiston qo‘yilgan shartlarni bajarmasa Karimovaning muzlatib qo‘yilgan mablag‘larining qolgan (650 million shveysar franki, ya’ni 715 mln dollar) qismi unga qarshi davom etayotgan jinoyat ishi doirasida muzlatilib turaveradi.

Shveysariya hukumati qolgan pullarning taqdiri qo‘yilgan shartlarning bajarilishiga bog‘liq, demoqda.

Ya’ni pullar O‘zbekiston xalqining manfaatiga xizmat qilishi kerak.

Londonda yashaydigan siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov fikricha, Shveysariya pullarni qaytarishdan oldin O‘zbekiston hukumatidan telekommunikatsiya sohasidagi ulkan miqdordagi poraxo‘rlikka sabab bo‘lgan muammolarni hal etish yo‘lida muayyan qadamlar qo‘yayotganiga oid isbotlarni talab qilishi lozimligini aytadi.

Bu haqda Ilhomov o‘z Facebook sahifasida yozdi:

"Gulnora aktivlarini hech qanday shartlarsiz qaytarib bergan Fransiyadan farqli Shveysariya hech bo‘lmaganda ba’zi shartlarni qo‘ydi.
Biroq, ushbu shartlarning barchasi umumiy va mavhum shaklda tuzilgan.
Ammo endi umid shuki, bu hali ham faqat "O‘zaro anglashuv memorandumi" bo‘lib, u qonuniy jihatdan majburiy emas. Ushbu memorandumga binoan, hozirda qonuniy, ammo bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita hujjat hali imzolanmagan. Ulardan biri aslida pul o‘tkazish to‘g‘risida (masalan, qabul qilish va topshirish akti), ikkinchisi esa, aktivlardan foydalanish uchun aniqroq ishlab chiqilgan shartlar. Agar ushbu ikkinchi bosqichda tomonlar kelishmasa, unda barcha kelishuvlar memorandum bo‘lib qoladi. Ya’ni, ushbu memorandumni imzolashning o‘zi uning amalga oshishiga hali yuz foiz kafolat bermaydi".

Maktub imzolaganlardan biri, Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva fikricha, bu talablar yillardan beri aytib kelinadi, lekin o‘zbek hukumati shu kungacha korrupsiya bilan bog‘liq institutsional muammolarni hal qilish borasida hech qanday qadamni amalga oshirgani yo‘q.

- Bu pullar O‘zbekistonga qaytariladigan bo‘lsa ularning yana o‘g‘irlanmasligiga kafolat yo‘q, - deydi Atayeva.

Shveysariya Gulnora Karimovani xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan yirik miqdorda pora olganlikda ayblab keladi.

Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgani aytiladi.

Shu yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Sud Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

Tergov ma’lumotlarida aytilishicha, Gulnora Karimova 12 yil davomida 51,1 milliard so‘mlik aktivlarga egalik qilgan uyushgan guruhni nazorat qilgan.

Bundan tashqari Gulnora Karimova 1 milliard 942,8 million dollarlik (qariyb 2 milliradlik dollar) xorijiy valyutani yashirishda gumonlanmoqda. U ushbu mablag‘ni turli shaxslarning manfaatlarini «ilgari surish» uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga «bo‘naklar» olish, ulushlarni sotish va dividendlarni to‘lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish orqali yashirgan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, guruhning 12 ta xorijiy davlatda legallashtirgan mablag‘lari aniqlashtirilgan.

Ularning umumiy miqdori 1,5 milliard dollarga yaqin legallashtirgan mablag‘lari aniqlashtirilgan.

AQSh, Gollandiya, Shvetsiya va Shveysariya hukumatlari Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishini tergov qilgan.