Qashqadaryoda yeri olib qo‘yilgan 62 fermer kreditga olgan texnika pulini to‘lay olmaydigan holga tushdi

Muborakdagi fermerlar

Qashqadaryo viloyat Muborak tuman Guliston xo‘jaligida faoliyat yurituvchi 62 nafar fermer "yersiz qoldi va bankdan kreditga olgan texnikasi uchun to‘lov qila olmaydigan" sharoitga tushib qoldi.

Bu haqda fermerlarning O‘zbekiston prezidentiga shikoyatida hamda ulardan Ozodlikka kelgan videoda aytilgan.

Tuman hokimligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda shikoyatchilarni buzg‘unchi deb atadi va ularning yeri qonunsiz olib qo‘yilmaganlgini aytdi. Fermerlar g‘alla ekkan yerni olib qo‘yilgani aytilgan klaster vakili esa, xorijiy sarmoyadorning o‘zi ham mahalliy mulozimlar yaratgan muammo qurboni bo‘lganini bildirdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

62 nafar fermer O‘zbekiston prezidentiga shikoyat ëzishdi

Muboraklik 62 nafar fermerning O‘zbekiston Bosh prokurori va Qishloq xo‘jalik vaziriga ham yuborilgan bu shikoyat xatining nusxasi Ozodlikda bor.

Ariza

Ozodlik «Qarliq», «Bo‘ston», «B.Saidov», «Turkiston» va «Xitoy» hududlaridan 4500 gektar yer maydoni tegishli bo‘lgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan gaplashdi. Ulardan biri¸ tumandagi “O. O. T ” fermer xo‘jaligi rahbari 45 yashar A.H (ismi to‘liq aytilishini istamadi) Ozodlik bilan suhbatda¸ yillardan beri mehnati singib xosildorligi yaxshilangan 980 gektar yerini «MT Amir tex» MChJ klasteri kelishuvda ko‘zda tutilmagan tarzda olib qo‘yganligidan shikoyat qildi:

“Muborak tumanining 9000 gektar paxta ekiladigan maydoni «MT Amir tex» qo‘shma korxonasi MChJ uchun ajratilgani to‘g‘ri. Buni xujjatini ham ko‘rganmz. Ammo «MT Amir tex» endi g‘alla yerlarini ham olib qo‘ymoqda. Olib qo‘yilgan yer o‘rniga oqin suvlardan uzoq faqat nasos bilan sug‘oriladigan kamhosil yerlarni taklif qilishdi. Men g‘alla yeridan ajralganim bois bankdan kredit va lizingga olgan traktor va kultivatorlar bo‘yicha to‘lov qila olmaydigan ahvolga tushdim. Mendan boshqa 60 fermer ham shu ahvolda. Asosiy e’tirozim «MT Amir tex» yillar davomida mehnatim singgan serxosil g‘alla yerini olib qo‘ymasin”.

Ozodlik «MT Amir tex» qayddan o‘tgan “O‘ztekstilsanoat” uyushmasi bilan bog‘landi. Uyushma vakili Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 noyabrda qabul qilingan «Respublika hududlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini joriy etish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Muborak tumanining 9000 gektar maydoni «MT Amir tex» qo‘shma korxonasi MChJ uchun ajratilganligini aytish bilan kifoyalandi.

Muborak tuman hokimi Ulug‘bek Ernazarov kasal ekanini aytib Ozodlik savollariga javob bera olmasligini aytib uzr so‘radi.

Muborak tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Rustambek Xolmo‘minov Ozodlik bilan suhbatda “fermerlarning yerlari qonunga zid tarzda olib qo‘yilmaganligini" ta’kidladi:

"Sizga shikoyat qilgan buzg‘unchilarning hammasini g‘alla yeri bor. Hozir birovnig yerini oladigan zamon emas” .

Shu bilan birga mulozim 2019 yil 27 dekabrida «MT Amir tex» QK MChJ tomonidan tuman hududida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klaster shaklini joriy qilishni tashkil qilish to‘g‘risida o‘sha vaqtdagi xokim G‘ayrat Jovliyev imzosi bilan qaror qabul qilinganini bildirdi.

Mulozim qarorda "fermerlarning g‘alla yerlari klasterga berilsin", degan aniqlama yo‘qligini aytdi.

Yerni olib qo‘yishga huquqiy asos bormi?

Ozodlik gaplashgan bu ikki mulozim ham nega «MT Amir tex» klasteri o‘ziga paxta ekiladigan yerlardan ajratilgan 9000 gektar ustiga qo‘shimcha g‘alla yerlarini ham olib qo‘yayotganiga huquqiy asos topib bera olmadi.

Muborak tumanining yangi saylangan hokimi Ulug‘bek Ernazarov hamda tuman prokurori g‘alla yeri olib qo‘yilgan fermerlar bilan joriy yil avgust oxirida uchrashgan edi. (Bu uchrashuvga oid videotasviralrni Ozodlik muxbiri ko‘rdi)

Bu uchrashuvda qatnashgan “O. O. T” fermer xo‘jaligi rahbari Ozodlik bilan suhbatda qaysi qonuniy asosida fermerlar yeri olib qo‘yilganiga rahbarlar javob bera olmaganligini aytdi:

“Qaysi sharoitda fermerni yeri olib qo‘yiladi deb so‘radim. Yerdan neft¸ gaz kabi foydali qazilma chiqsa¸ xavfsizlik bilan bog‘liq favqulloda xollarda olib qo‘yiladi deyishdi. Men qayta savol berib “fermerni yerini klasterga olib berish” bormi qonunda deb so‘radim. Rahbar bo‘lsa qo‘lini tepaga qaratib bu prezidentning siyosati dedi. Nima prezident qonundan balandmi?”

Suhbatdosh norozi fermerlar shikoyati aks etgan videotasvirlarni Ozodlikka taqdim qildi.

Qashqadarë

Videotasvirda dalada turgan 20 dan ziyod fermer oldida gapirgan erkak kishi Muborak tumani “Sardoba” MFYdagi 60 fermer xo‘jaligida band bo‘lgan 400 dan ziyod odam yerlari olib qo‘yilgani oqibatida ishsiz qolganidan shikoyat qiladi.

Muborakdagi klaster ofisi

Klasterchining ham boshi g‘alvada

Ozodlik «MT Amir tex» QK MChJ rahbari, Turkiya vatandoshi Medhat Demirning vakili Arslonbek bilan bog‘landi. Vakil Medxat Demir hech kimning g‘alla yerini olib qo‘ymagani va Demirning "o‘zi ham yer taqsimoti bilan bog‘liq mahalliy hamkorlar tovlamachiligi va taxdidi qurboni bo‘lganligini" aytdi.

Klaster rahbari Medhat Demir

Arslonbekning aytishicha¸ Medhat Demir bu tovlamachilik sxemalari va tahdidlar haqida huquq-tartibot organlariga shikoyat qilgan.

Medhat Demirning mahalliy hamkorlar tovlamachiligi va taxdididan shikoyat qilgani yozilgan videotasma Ozodlikda bor.

Vidxeotasmada turk sarmoyadori mahalliy hamkor va mulozimlar uni g‘alla yerlari bilan bog‘liq janjal ichiga atay tiqqani va prokuror bilan qo‘rqitib klasterga oid mablag‘lar hamkorlar tarafidan maqsadsiz sarflagani iddao qilinadi.

Muborakda fermerlar va mahalliy hokimlik vakillari o‘rtasida ziddiyat anchadan beri davom etib kelgani aytiladi. Muborak tuman sobiq hokimi G‘ayrat Jovliyev fermerlar bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining qarorini bajarmagani ortidan ishdan bo‘shatilgan edi.