Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 74 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) raislaridan 30 nafardan terimchini yotoqqa Bo‘z tumaniga jo‘natish talab qilinmoqda.
Tumandagi mahalla fuqarolar yig‘ini faollaridan birining OzodMikrofon rukniga arz qilishicha, terimga jalb qilinish rejalangan "Temir daftar"dagi oilalar yotoqqa ketishga rozi bo‘lmayapti.
Natijada mahalla raislari o‘z hisobidan terimchilarni yollab, yotoqqa jo‘natishga majbur bo‘layotgani aytilmoqda.
Ozodlik bilan suhbatlashgan mahalla faoliga ko‘ra, Asaka tumani hokimi o‘rinbosari - Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tumandagi vakili nomidan kelgan ko‘rsatmada terimchilarni 15 sentabrdan yotoqqa yuborish so‘ralgan.
Ovozi yozib olinmasligi va o‘zi ishlayotgan fuqarolar yig‘ini nomini oshkor qilmaslikni so‘ragan mahalla faoli hokimiyat vakilidan Telegram tarmog‘i orqali kelgan ko‘rsatma matnini Ozodlikka yo‘lladi.
(Matn tahrirsiz berilmoqda - tahr.)
"TOPShIRIK, Xurmatli MFY rais va uning o‘rinbosarlari ertaga soat 7.00 ga Mustakillik maydoniga (eski sobiq lenin maydoni)ga 30 nafardan temrimchilarni olib ko‘rpa to‘shaklari bilan birga olib kelasizlar. Bo‘ston tumaniga yotoqqa olib ketiladi. kech kolmanglar. Xabarni olganlar IZOX qoldiringlar."
Mahalla faoli bu ko‘rsatmaning ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llangan nushasi va uni jo‘natgan mulozimning Telegram tarmog‘idagi akkauntini ham Ozodlikka taqdim qildi. (Faolning xavfsizligi uchun bu yozishmalar hamda uning shaxsiga oid ma’lumotlar oshkor qilinmayotir. - tahr.)
Mahalla faolining da’vo qilishicha, Asaka tumanida mavjud jami 74 ta MFY raislari hokimiyatdan tushgan ko‘rsatmani bajarishga majburlanmoqda.
"Ishdan bo‘shaysizlar, deyishyapti raislarga. Chunki yotoqqa boradigan odamlar yo‘q-da hozir, ular odam topolmay sarson. Bitta rais 10 ta, yana biri 5 tadan mardikor yollab, jo‘natdi yotoqqa. Bir mardikorga 10 kunga 200 ming so‘m. Raislar aslida ishdan bo‘shasa-bo‘shamasa ,farqi yo‘q, hozir odam topib jo‘natishi shart, majbur".
Bu faol shu kunda mahalladagi "Temir daftar"ga kirganlar - kam ta’minlangan, ishsiz va nogironligi bo‘lgan oilalarga bir kishini yotoqqa jo‘natishini iltimos qilib, yalinib yurganini ochiq tan oldi.
"Shaharda gigiyena yo‘q, daladagi yotoqda karantin paytida qanaqa gigiyena bo‘lishi mumkin?! Shunga odamlar qo‘rqyapti. Buning ustiga, "Temir daftar"dagilarning ko‘pida bolasi, keksa ota-onasi yoki nogironini tashlab ketadigan odami yo‘q, oilasining yolg‘iz boquvchisi ko‘pchiligi. Kunlik bo‘lsa, qatnab paxta terishga davogar ko‘p. Kilosiga ming so‘mdan pul ishlaydi. Lekin yotoqqa rozi bo‘lishmayapti-da!"
U shuningdek, mahalla raislari terimchilarni yotoqqa yo‘llamasdan, avtobus yollab ,kunlik terimga olib chiqishni yo‘lga qo‘yish uchun hokimlikdan ruxsat so‘ragani, ammo hokimlik ruxsat bermaganini aytdi.
"O‘tgan yili terimchilarni avtobus tashkil qilib jo‘natgandik. Hamma o‘zi rozi bo‘lib borgandi. Bu yil ham shunaqa qilaylik, deyishsa , hokimiyat ruxsat bermayapti", - deydi mahalla faoli.
Ozodlik mahalla raislariga bu ko‘rsatmani bergan rahbar, deya taqdim qilingan mulozim - Asaka tumani hokimi o‘rinbosari - Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tumandagi vakili Muqaddas Qurbonovaga bog‘lanishga urindi.
Ozodlik bu mas’ulning qo‘l telefoniga kun davomida bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo bog‘lana olmadi.
Shuningdek, Asaka tumani hokimining paxtaga safarbarlik masalalari uchun ma’sul ekani aytilgan o‘rinbosari Oybek Zaynobiddinovdan ham biror izoh ololmadi.
O‘zbekistonning aksar viloyatlarida paxta terimiga start berilganiga 15 kundan oshdi.
Hukumat bu yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi, terimga asosan “temir daftar”dagi oilalar, ishsizlar va ayollar jalb qilinishini va’da qilgan esa-da, ayrim viloyatlarda byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlari paxtaga majburan safarbar etilayotgani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘limlari xodimlarining xabar qilishicha, ulardan "o‘z xohishi bilan paxtaga chiqishi" haqida majburiy tilxatlar olingan, paxtaga borishni xohlamaganlarga o‘rniga yonidan pul to‘lab, terimchi yollash tayinlangan.
Bank xodimlari, xususiy shirkatlardan ham paxtaga odam chiqarish talab qilinayotgani aytiladi.
Ozodlikka yetib kelgan xabarlarga ko‘ra, xususan, Sirdaryo viloyati Oq oltin tumanidagi "Xalq banki" "Hamkorbank", "Savdogarbank" bo‘limlari xodimlariga paxta terimi uchun o‘z o‘rniga odam yollash buyurilgan.