O‘zbekistondagi maktablarning yarmidan ko‘pida koronavirus pandemiyasi sabab darslar onlayn-masofaviy rejimda olib borilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bunday maktab o‘qituvchilariga uydan turib ishlash aytilgan esa-da, ayrim maktablarda o‘qituvchilar har kuni 8.00 va 15.00 da maktab binosida to‘planib, yo‘qlamadan o‘tkazilmoqda.
Ozodlikka bog‘langan o‘qituvchilarga ko‘ra¸ular maktab binosiga kelib yo‘qlovdan o‘tmasa, oylik maoshi qirqilishidan ogohlantirilgan.
Xalq ta’limi vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi bunday holatlarni "ayrim maktab direktorlarining o‘zboshimchaligi" sifatida izohladi.
Mulozimga ko‘ra, 14 - sentabrdan onlayn rejimda ish boshlagan maktab rahbarlariga zarurat bo‘lmasa o‘qituvchilarni maktab binosida to‘plamaslik haqida topshiriq berilgan.
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi 18-maktabning Ozodlik suhbatlashgan bir necha o‘qituvchisi darslar onlayn bo‘lishiga qaramay¸ maktab direktori ularni maktab binosida to‘plab, har kuni ikki martadan yo‘qlov qilayotganini aytdi.
- Kasal tarqalmasin, deb uydan turib ondayn dars berish aytilgandi. Lekin, direktorimiz "hammang oylik olyapsizlar, uyda o‘tirish bo‘lmaydi", deb hammani ertalab 8 da va kunduz 3 da maktab binosida to‘plab, yo‘qlov qilyapti. Xudo ko‘rsatmasin¸ kasal tarqaladigan bo‘lsa, maktab kelasi oyda ham ochilmaydi, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mirzaobodlik muallim.
Farg‘onaning Quva tumanidagi 11-son maktab o‘qituvchilari ham pandemiyaga qaramay¸ har kuni maktab binosida yo‘qlov qilinayotgani, kelmaganlar oyliklari qirqilishidan ogohlantirilganini aytdi.
- Isitmasi bilan kelganlar bo‘ldi. O‘zi o‘qish onlayn bo‘lsa, nima zarurat maktab binosiga hammani to‘plab? Shu yo‘qlov zarur bo‘lsa, uni ham onlayn qilsa bo‘ladiku. Mantiqqa umuman to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bo‘lyapti. Agar o‘qituvchilarda kasallik bo‘ladigan bo‘lsa, maktab hali beri ochilmaydi.
Bu maktab o‘qituvchilari direktor yo‘qlovga kelmaganlar oyliklari qirqilishi haqida tahdidli xat yozganini qo‘shimcha qildi.
11-son maktab o‘qituvchilariga Telegram orqali jo‘natilgan xatda¸ jumladan shunday deyiladi:
"Hurmatli o‘qituvchilar, ishga kelib-ketishda kadrlar menejeri tomonidan daftarga imzo qo‘yib ketishlaring zarur. Aks holda¸onlayn o‘qish bo‘lsa ham oylik olyapsiz. Agar daftarda kelish va ketish imzoyingiz yo‘q bo‘lsa¸ ish haqingiz qirqiladi. O‘tgan hafta shanba kuni vazirlik tomonidan tekshirish kutilayotgan vaqtda maktabda yo‘qlama qilinganda ish joyida bo‘lmagan ustozlar ish haqingiz qirqildi".
Ozodlik Quva tumanidagi 11-son maktab direktori Mamatvali Tursunovga bog‘lana olmadi - direktor uyali telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Xalq ta’limi vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi o‘qituvchilarni maktab binosiga to‘plab yo‘qlov qilishini ayrim maktab direktorlarining o‘zboshimchaligi sifatida talqin etdi.
Mulozimga ko‘ra, 14 - sentabrdan onlayn rejimda ish boshlagan maktab rahbarlariga zarurat bo‘lmasa o‘qituvchilarni maktab binosida to‘plamaslik haqida topshiriq berilgan.
- Hozir 57 foiz maktabda darslar onlayn bo‘lyapti¸ o‘qituvchilar uyidan ishlaydi. O‘quvchilar ham uyida, ya’ni o‘qish masofadan bo‘lyapti. Kelasi oy boshiga qadar shunaqa bo‘ladi. Keyin maktablardagi holatlar o‘rganilib, asta-sekin an’anaviy ta’limga o‘tiladi. Shunga qadar maktablar sanitariya ahvolini yaxshilash, binoda ko‘p odam to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida topshiriqlar berilgan. Bu siz aytayotgan narsa ayrimlarning o‘zboshimchaligi bo‘lsa kerak, biz qaytanga o‘qituvchilar uyidan ishlasin, deyapmiz. Shu haqda barcha tuman bo‘limlariga aytilgan, - dedi vazirlik mulozimi.
Onlayn darslar
Farg‘onaning Quva tumanidagi 11-son maktab o‘qituvchilaridan biri onlayn darslar Telegram kanalida olib borilayotgani, lekin internet yo‘qligidan¸ kamida uchtadan bitta bola unda qatnasha olmayotganini aytadi.
Bunday vaziyatda¸ o‘qituvchilar ta’kidicha¸ ta’lim tizimi rahbarlarining asosiy e’tibori onlayn dasrlarga qatnasha olmayotgan bolalarning bilimsiz qolib ketmasligiga qaratilishi lozim.
- Telegramda o‘quvchilarga topshiriqlar beramiz, ular shu topshiriqlarni bajarib bo‘lganlaridan keyin, varoqlarini suratga olib qo‘yishadi. Darslarni videomuloqot tarzida yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldik, lekin Zoomni hammaning Interneti ko‘tarmaydi. Hozir ham 30 foiz bola Internet yo‘qligidan qatnasholmayapti. Ularning uylariga borib, darslarini tekshirishga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga¸ maktab direktori, yo‘qlamaga kelmasangiz oylikni qirqaman, deb po‘pisa qiladi. Undan ko‘ra Internet yo‘qligidan darsga qatnasholmayotgan bolalar muammosi bilan qiziqsa bo‘lardi, - deydi quvalik muallim.
Shu yilning 16 - martidan O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi ortidan barcha ta’lim muassasalari yopilib, o‘quvchilar ta’tilga chiqarilgandi.
30 - martdan boshlab maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim boshlandi.
Xalq ta’limi vazirligi 2020-2021 - yangi o‘quv yilida an’anaviy darslar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan.
Bunga qadar 2020-2021 - o‘quv yili, ota-onalarning tanloviga binoan, an’anaviy, onlayn yoki gibrid (an’anaviy va onlayn) tarzda boshlanishi aytilgan.
An’anaviy maktablar ochilishi uchun esa qator shartlar qo‘yilgan.
9-10 - sentabr kunlari Ozodlik, viloyat va qishloqlarda maktablarning asosiy qismi ochilishga hozir emasligini o‘rgandi.
Ozodlik surishtiruvi davomida, o‘quv yili boshidan yoppasiga tekshirilayotgan o‘qituvchilar orasida koronavurus yuqtirib olganlari ko‘pchilik ekani aniqlandi.
12 - sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiya sharoitida o‘qituvchi va o‘quvchilar sog‘lig‘ini himoya qilish uchun maktab o‘qituvchilaridan ommaviy ravishda COVID-19 uchun test olinayotganini bildirgandi.
"11 - sentabr holatiga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining jami 486 521 nafar o‘qituvchilarning 275 616 nafari (56,6 foizi) maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning aksariyatida kasallik simptomsiz va yengil shaklda kechayotgani ko‘rinmoqda", deb xabar qildi vazirlik.
Bu rasmiy xabardan so‘ng qator tumanlardagi hokimliklar, jumladan, Samarqand viloyatining Payariq (60 nafar) va Jomboy (40 nafar) tumanlaridagi o‘qituvchilardan koronavirus aniqlangani, tahlil natijalari hanuz to‘liq chiqmagani ma’lum qilindi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda 10 mingga yaqin maktab bor, o‘quvchilar soni 6 million 200 mingdan ortiq, o‘qituvchilar soni esa yarim millionga yaqindir.