Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani Tibbiyot birlashmasiga yaqin hududda 30 - sentabr kuni 20 yoshli yigitning jasadi topildi.
Zarmiton oltin konida g‘ayriqonuniy tosh qaziyotgan payti tog‘ jismlari bosib qolgan bu yigit shifoxonaga olib borilayotganda vafot etgani aytilmoqda.
Voqeadan xabardorlar hamda marhum qarindoshlaridan olingan bu xabarni Qo‘shrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka tasdiqladi.
IIB xodimiga ko‘ra, tuman prokuraturasi hozirda mazkur xolat yuzasidan tergov olib bormoqda.
Bu Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Zarmiton oltin konida so‘nggi bir oy ichida ro‘y bergan ikkinchi o‘lim holatidir.
Sentabr oyi boshida noqonuniy tosh qazib olish uchun shaxtaga tushgan A.Q. ismli fuqaro katta kuchlanishdagi yerosti kabelidan tok urishi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgandi.
G‘ayriqonuniy oltin qazuvchilar bilan tanish bo‘lgan samarqandliklardan birining Ozodlikka aytishicha, konda tosh bosib qolgan yigitni sheriklari chalajon ahvolda shaxtadan olib chiqib, shifoxonaga olib borayotgan paytda jon bergan.
Jasadni sheriklari yo‘lga tashlab ketgan.
"Tuman hokimiyati bilan kasalxona orasidagi ko‘chaga tashlab ketishgan. Men u yigitni yaxshi taniyman. "Quralos" mahallasidan. Tosh bosib qolgan ekan, sheriklari uni chalajon chiqarib olib, tuman kasalxonasiga olib borishmoqchi bo‘lishgan. Yo‘lda o‘lib qolgan. Jo‘ralari qo‘rqib shu yerga tashlab ketishgan", - deydi u.
Marhumning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan qarindoshi ham Ozodlikka hodisani tasdiqladi.
"Otasi ham noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanib, to‘rt yil avval bevaqt hayotdan ko‘z yumgan edi. Beva qolgan onasini yolg‘iz farzandi edi. 30 - sentabr kuni saharda bular to‘rt yigit, qay yo‘l bilan konga kirishgan, bilmaymiz, ma’danli toshlarni qaziyotganida tog‘ jinslari bosib qolgan. Sariq ajal deydi-da buni. Noto‘g‘ri ish umrini hazon qildi".
Qo‘shrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka 20 yoshli T.S.ning jasadi 30 - sentabr kuni topilgani, tuman prokuraturasi hozirda mazkur holat yuzasidan tergov olib borayotganini aytdi.
Marhumning ismini Ozodlik tergov siri vajidan ochiqlamaydi.
Oltin mafiyasi
Zarmiton va Qoraqo‘tan oltin konlarida noqonuniy oltin qazuvchilar tosh ostida qolib halok bo‘lgani haqida Ozodlik bundan oldin ham xabar bergan.
Oltin konidagi so‘nggi fojia sentabr oyi boshida bo‘lgandi.
Noqonuniy tosh qazib olish uchun shaxtaga tushgan A.Q. ismli fuqaro katta kuchlanishdagi yerosti kabelidan tok urishi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgandi.
Zarmiton oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olinadi.
Kon maxsus qo‘riqchilar tomonidan qo‘riqlanadi.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan konchilarning aytishicha, garchi bu hudud "rejimli zona" hisoblansa-da, mahalliy va yollanma ishchilardan iborat g‘ayriqonuniy guruhlar bemalol kon hududiga kirib, oltin qaziydi.
G‘ayriqonuniy oltin qazuvchilar bilan tanish bo‘lgan samarqandliklardan biri o‘g‘riliklar "qo‘riqchilarning ko‘z o‘ngida" sodir bo‘lishini aytar ekan, bunday dedi:
- Kombinatni qo‘riqlash xizmati bor. Qo‘riqlash xizmatini boshlig‘i bo‘ladi. Bitta puldor beshta o‘nta bolani yollaydi. Boyagi boshliq bilan kelishib pastga tushirib yuboradi. Hammasi uyushgan. Qo‘riqchilarni ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Boyagi o‘lgan bola ham qaysidir boshliqni ishini qilgan. Ularga bir qop tosh olib chiqsa 100 ming, 150 ming so‘m beradi. Tushib chiqishini, konga o‘tishini xo‘jayin ko‘taradi. Bunaqa puldorlar tumanda juda ko‘p. Oltin mafiyasi bular va ularni IIBda orqalari bor. Lekin ularni ishini qilayotgan yigitlar tosh ostida qolib o‘lib ketyapti.
Ozodlik bu iddao yuzasidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatidan izoh olishga urindi.
Kombinat matbuot kotibi Abdumajid Jo‘rayev Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchilari Zarmiton va Qoraqo‘tanda oltin rudasi o‘g‘rilari so‘nggi yillarda avj olgani, unga qarshi chora ko‘rilmayotganini aytishadi.
Kombinat ishchilaridan biri shu yil may oyida o‘zi guvoh bo‘lgan "oltin rudasi o‘g‘irligi holati"ni qo‘l telefoni yordamida videoga tushirib, Ozodlikka jo‘natgandi.
Sariq ajal
Paxtachilik Akbarning Ozodlikka aytishicha, Paxtachi tumanining 70 foiz ishsiz aholisi noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanadi.
"Yosh-yosh yigitlar jonini garovga qo‘yib shu ish bilan shug‘ullanadi. 100 metr, 200 metr chuqurlikka kirib ketib, tosh bosib qolgan qancha-qanchadan qancha fojia bo‘ldi. Sariq ajal bu" , - deydi Akbar.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning qimmatbaho metallarni qazib olishi O‘zbekiston prezidentining 2018 - yil 26 - noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.