OzodDayjest: Taniqli biolog o‘zbek olimlari nega Nobel mukofoti ololmasligini aytdi

Toshkentdagi ilmiy tadqiqot institutining tashlandiqqa o‘xshagan binosi.

Tog‘li Qorabog‘ masalasida O‘zbekistonning rasmiy pozitsiyasiga oydinlik kiritildi. Telejurnalist Iroda Nosirova qora ro‘yxatga tushgani haqida gapirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Siyosatshunos: “O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘ masalasida to‘liq Ozarbayjon tomonda”

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bugungi kunning eng muhim voqeasi – Ozarbayjon va Armaniston ziddiyati bo‘yicha rasmiy Toshkentning pozitsiyasi qanday ekaniga aniqlik kiritdi (www.sof.uz, 30 - sentabr).

“O‘zbekistonning Kavkaz mintaqasidagi geosiyosiy qarashlariga xos bir necha nuqtani eslatib o‘tmoqchiman: 1) O‘zbekistonning barcha MDH davlatlarida elchixonalari, favqulodda va muxtor elchilari bor. Faqat bitta davlat – Armaniston hududida elchixona mavjud emas. O‘zbekistonning Armaniston bilan aloqalarini ta’minlovchi mas’ul diplomatik muassasa Rossiya hududidagi elchixona hisoblanadi; 2) O‘zbekiston davlat rahbarlari – Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligi davrida tashrif buyurmagan yagona MDH davlati Armanistondir”, - deb yozadi siyosatshunos.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2016 - yilda hokimiyat almashgach, rasmiy Toshkent Kavkaz hududida o‘z geosiyosiy ohangini qayta ko‘rib chiqishga moyil bo‘ldi. Lekin bugungi kungacha O‘zbekiston Armaniston bilan aloqalarini yuqori darajaga ko‘targani yo‘q.

“Kavkaz hududida O‘zbekistonning ijobiy aloqalari va geosiyosiy prioritetini quyidagicha tasvirlash mumkin: Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston. Qorabog‘ atrofidagi bugungi mojarolar fonida, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining bayonotidagi asosiy urg‘u “hududiy yaxlitlik” bo‘ldi. Bu bilan O‘zbekiston ohista, lekin to‘liq Ozarbayjon tomonida turadi” , - deb xulosa qiladi K.Rabbimov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 27 - sentabrdan buyon Tog‘li Qorabog‘ hududida Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasida shiddatli qurolli to‘qnashuv davom etmoqda.

Taniqli biolog: “Hilvirayotgan, nurayotgan, shuvalayotgan binoda ishlayapmiz!”

Taniqli yozuvchi va biolog olim Baxtiyor Abdug‘afur O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti binosi o‘ta achinarli ahvolda ekani haqida yozdi (www.human.uz, 28 - sentabr).

“Necha yilki hilvirayotgan, nurayotgan, shuvalayotgan binoda ishlaymiz. Olimlar hammasiga ko‘nikkan, gapirgan yoki yozgan bilan foyda bo‘lmasligini bilamiz. Eng qizig‘i, ikki yil avval “O’zbekiston 24” kanalida institutning ahvoli haqida tanqidiy ko‘rsatuv berilgandi. Endi vaziyat o‘zgarsa kerak degan xayollarga ham borgandik. Ne ajabki, tanqidlar havoga uchdi-ketdi”, - deb yozadi biolog olim.

Qayd etilishicha, bino ta’miri bir necha yildan beri paysalga solib kelinyapti.

“Gap davlat yoki prezidentda emas. Prezident Sh.M.Mirziyoyev iqtidorga kelgan kundan boshlab ilm-fan va olimlarga e’tibor ijobiy tomonga o‘zgardi”, - deb yozadi B.Abdug‘afur.

“Shu binolarda ishlab o‘zbek olimi Nobel olishi tugul, zamonaviy ilm bilan bellasha olishiga ko‘zingiz yetadimi? Bo‘m-bo‘sh laboratoriyalarda xalqning koriga yaraydigan, iqtisodga xizmat qiladigan ilmiy ishlar (ishlanmalar, ixtiroyu kashfiyotlar) bo‘lishiga ishonasizmi? Covid-19’ga o‘xshagan baloyu tahdidlarga bunaqa sharoitlarda qanday chora ishlab chiqiladi? Yana bu institutda biologiyaning asosiy yo‘nalishlari – genetika, o‘simliklar seleksiyasi, bioximiya va fiziologiyasi, shuningdek, patogen va foydali mikroorganizmlar bilan loyihalar bajariladi. Paradoks emasmi?” - deya mutasaddilarni savolga tutadi tadqiqotchi.

Taniqli teleboshlovchi: “Birovning nafsini qondirishni rad etganim sabab “zapret”ga tushganman”

Jurnalist, aktrisa va xonanda Iroda Nosirova nima sababdan televideniyeda qariyb 20 yil ko‘rinmagani sababini ochiqladi (www.daryo.uz, 25 - sentabr).

“Hamma soha bo‘yicha “zapret”ga tushganman. Birinchi “zapret” 21 yoshimda televideniyeda ishlab yurganimda bo‘lgan. Siyosiy xato qilmaganman, o‘sha vaqtda jamoaning eng kichkinasi, eng yosh jurnalisti edim... Menga ishdan tashqari takliflar bo‘lgan. Kimgadir yo‘q deganingizdan keyin kimga ham yoqasiz. Televideniyega tanish-bilish orqali yoki kimdir orqali kelmaganman. Nima uchun o‘sha ishim davom etishi uchun men birovning nafsini qondirishim kerak?” - deya taqiq sababiga oydinlik kiritgan I.Nosirova.

Ushbu hodisadan keyin u 18 yil davomida davlat telekanallariga yaqinlashtirilmagan.

“Shu takliflardan so‘ng o‘z xohishim bilan ishdan ketishga majbur bo‘lganman va bundan afsuslanmayman. Balkim boshqa yo‘lni tanlaganimda mansab pillapoyalaridan yuqori chiqib, shuncha vaqt ishsiz yurmagan bo‘lar edim”, - degan boshlovchi ayol.

Iroda Nosirova “Davr” informatsion dasturida faoliyat yuritgan. 18 yillik norasmiy taqiqdan so‘ng 2020 - yildan Zo‘r TV kanalida qayta ish boshladi.