Dunyoning aksar davlatlari qatori O‘zbekistonda ham koronavirus bilan bog‘liq keskin cheklovlar va karantin oqibatida bankrotlik yoqasida qolgan tadbirkorlardan tortib, o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqarilgan oddiy ishchilarga qadar bankdan olgan krediti to‘lovlarini to‘lashda olti oylik ta’til berilgandi.
1 - oktabr kuni kredit ta’tili muddati tugadi.
Ammo Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim tadbirkorlar va banklardan qarz ko‘targan mijozlar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar sabab iqtisodiy qiyin ahvolga tushib qolganliklari, kredit ta’tili davrida yig‘ilib qolgan foizlarni to‘lashga imkonlari yo‘qligini aytishmoqda.
Ayrim banklar o‘z mijozlari vaziyatini tushungan holda kredit ta’tili muddatini uzaytirish va qo‘shimcha imtiyozlar berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
O‘zbekistondagi banklar kredit ta’tili dasturi tugaganidan so‘ng, qarz oluvchilar to‘satdan qarzlarini to‘lash uchun pulga ega bo‘lishadi, deb umid qilgandi, ammo unday bo‘lmadi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida bankrotlik holatiga tushib qolgan tadbirkorlar kredit ta’tili, qaytaga, ularni "qarzga ko‘mib qo‘ygani"ni aytishadi.
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yashovchi fermer Shodiqul Matkarimov 2018 - yilda "Har bir oila — tadbirkor" dasturi doirasida "Xalq banki" tuman bo‘limidan uch yilga 30 million so‘mlik kredit olgan.
- Oylik to‘lovni o‘zi 1 million 150 ming so‘m atrofida edi. Hisoblab chiqsam, olti oyda qarzim 3 yarim million so‘mga ko‘payibdi. Hozir kechiktirgan olti oylik muddat hisobiga kredit muddati uzaytiriladigan bo‘lsa, qarzim yana ko‘payadi. Chunki uzaytirilgan muddat uchun yana foiz minadi. Koronavirus, buning ustiga suv toshqini deb ishimiz barbod bo‘ldi, endi olgan kreditni qanday to‘laymiz, deb boshimiz qotgan.
Andijonlik xususiy taksi haydovchisi Habibullo "Fortuna Mikrokredit Biznes" moliyaviy tashkilotidan mashina sotib olish uchun mart oyida ikki yilga 30 foiz stavka bilan 20 million so‘m kredit olgan.
- Taksichilikdan oyda topganimdan to‘lab boraman deb, yillik 30 foiz bo‘lsa ham shu kreditni olganman. O‘zimni yonimdan ham ozgina qo‘shib "Matiz" mashina olganman. O‘rtada koronavirus chiqib, ishim to‘xtab qoldi. Bular mayli qiynalsang yig‘ilib qolgan foizlar bilan birga karantindan keyin to‘laysan deyishgandi, men rozi bo‘lgandim. Hozir foizini o‘zi oyiga 700 ming so‘mdan oshyapti. Olti oyda 5 million so‘mga yaqin foiz yig‘ilibdi. Chunki 30 foizlik kredit. 20 million so‘mni ikki yilda 32 million qilib qaytarishim kerak. Hozir kechiktirilgan muddat hisobiga kredit muddatini uzaytirishsa, qarz yuki yana besh million so‘mga oshyapti.
O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida kredit ta’tili e’lon qilar ekan kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etishi va ushbu foizlar kechiktirilgan muddat tugaganidan so‘ng to‘lanishi lozimligini ma’lum qilgandi.
Ammo banklarga mijozlardan kredit bo‘yicha to‘lovlarni undirish oson bo‘lmayapti.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi "Xalq banki" bo‘limi xodimi kredit ta’tili tugaganidan so‘ng qarzdorlardan to‘lovlarni undirish uchun pandemiya payti uyma-uy yurishga majbur bo‘layotganliklarini aytadi:
- Har kuni janjal. Hamma yoq koronavirus bo‘lib yotgan paytda qarz undirish uchun uyma uy yuryapmiz. Kreditlarni yopish uchun tadbirkorlar bilan bittama bitta uchrashyapmiz, ko‘pchiligini biznesi kasod bo‘lgan, pul yo‘q. Boshlig‘imiz esa kreditni yopmasang ishdan bo‘shaysan, deb hammadan tilxat yozdirib oldi, - dedi ismi ochiqlanishini istamagan bank xodimi.
O‘zbekistondagi ayrim banklar pandemiya sharoitida ahvol qiyinligini tushungan xolda og‘ir vaziyatga tushib qolgan mijozlarga kredit ta’tilini uzaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Boshqa banklar esa, imtiyozli davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan summani qolgan davrlar uchun teng taqsimlamoqda, ba’zilari esa mijozlari to‘lov qurbiga qarab kredit umumiy muddatini cho‘zishmoqda.
Toshkentdagi "Asaka bank" xodimi pandemiya sabab qiyin ahvolda qolgan mijozlariga qarz to‘lovlari bo‘yicha har xil takliflar qo‘yilayotganini aytadi.
- Kredit ta’tili tugadi, degani, bo‘ldi, olti oyda to‘plangan foizlarni hozir hammasini to‘laysizlar, degani emas. To‘g‘ri, hozir ko‘pchilikda pul yo‘q, daromadi kamaygan. Shuning uchun har bir mijoz bilan uning vaziyatiga qarab bu masalani individual hal qilyapmiz. Karantin davrida ishlay olmadim, bundan buyog‘ida shuncha davr kerak bo‘ladi menga, desa istagi qondirilishi mumkin. Juda qiyin ahvolda qolgan bo‘lsa, to‘lov muddatini uzaytirishimiz mumkin. Agar uzaytirilishini xohlashmasa, yig‘ilib qolgan foizlar keyingi to‘lovlarga bo‘lib-bo‘lib taqsimlanishi mumkin, - deydi "Asaka banki" xodimi.
Uning aytishicha, kredit ta’tili davrida kechiktirilgan muddat uchun jarima qo‘llanilmas edi, bu yog‘iga kechikish bo‘lsa, jarima bo‘lishi mumkin.
"Chunki 1 - oktabrdan imtiyozlar bekor bo‘ldi", - deydi "Asaka banki" xodimi.
Toshkentdagi "U Credit" konsalting guruhi mutaxassisi Tohir Sobirovning Ozodlikka aytishicha, kredit ta’tilining hozirgi qiyin davrda og‘ir ahvolda qolgan ko‘pchilikka o‘zini tiklab olishiga yordami bo‘lgan.
- Olti oyga bo‘lsa ham, banklar nafas rostlab olish uchun fursat berdi. Shuning o‘zi yaxshi narsa. Ayniqsa qiyin ahvolda qolganlarga. Foiz masalasiga kelsak, qarz foizi bilan qarz. Foizga rozi bo‘lib olishgan qarzni, to‘g‘rimi? Chet elda, qarang, qarzni to‘lay olmasa, kredit istoriyasida qora dog‘ paydo bo‘ladi, uni yaxshilash uchun tadbirkor bir necha yil barqaror to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Aks xolda qarz ololmaydi. Bizda esa banklar tadbirkorlarga imtiyozli kreditlarni berib qo‘yib, qarzni qachon to‘laysan, deb ketidan yugurib yuradi, - deydi mutaxassis.
O‘zbekiston prezidenti 2020 - yil 20 - martda imzolagan "Koronavirusning iqtisodiyotga salbiy ta’siri va global inqirozni yumshatish bo‘yicha farmoni"da ham kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish va kechiktirilgan muddatda qarzdorlik uchun jarima qo‘llanilmasligi haqida aytilgan.
Prezident farmonida shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ajratilgan kreditlar to‘lovlarini ham jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda, 2020 - yil 1 - oktabrga qadar uzaytirish ta’kidlangan.