Buxoroning UNESCO himoyasidagi tarixiy markazida mehmonxona qurilmoqda - topshiriqni prezident Mirziyoyev bergan

Buxoro markazidagi qurilish

Buxoroning UNESCO himoyasidagi qadimiy qismidagi Govkushon mavzeida ko‘p qavatli xususiy mehmonxona qurilishi boshlab yuborilgan.

Joriy yilning 12 - oktabr kuni ekskavatorlar va uzunligi 12 metrlik svaylarni qoqa boshlagan texnika aks etgan videotasvirlar Ozodlikka yetib keldi.

Buxoro shahar hokimligi mulozimi Ozodlikka mehmonxona qurilishi borayotganini tasdiqladi.

Mulozimning aytishicha, tarixiy meros obyektlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun va qarorlarga zid qurilish prezident Mirziyoyev topshirig‘iga asosan boshlangan.

Ozodlik tasarrufida hokimlikning bino qurilishi uchun yer ajratish haqidagi qarori nusxasi mavjud.

UNESCO himoyasidagi hududda qurilish qilish uchun “ruxsat bergan” bu hujjatning qonuniyligi savol ostida.

"Bitta mix ham qoqish mumkinmas"

O‘zbekistonning madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hamda hukumat qarorlariga muvofiq, Buxoroning UNESCO himoyasidagi qadimiy qismida zamonaviy bino qurishga ruxsat berilmaydi.

O‘zbekiston tarixchilar jamiyati Buxoro viloyat bo‘limi rahbari Azalshoh Hamroyevning Ozodlikka aytishicha, “ UNESCO himoyasi ostidagi hududda ruxsatsiz bitta mix ham qoqish mumkin emas”.

Buxoroning qadimiy qismida quruvchilar chuqur qazmoqda

Aholi norozi

Govkushon madrasasi va Olimjon karvonsaroyi orasida yashaydigan mahalliy aholi vakillari Ozodlik bilan suhbatda “noqonuniy qurilishga chek qo‘yish uchun” turli tashkilotlarga arz qilishganini aytishdi.

Buxorolik Qudrat Niyozovning iddao qilishicha, “bu qurilish ortida qudratli mulozim (Ozodlikka mulozimning ismi ma’lum va uning qurilishga qanchalik aloqadorligi tekshirilmoqda-tahr) turgani bois ularning arzini hech kim eshitmayapti".

Ozodlik bino qurilishini olib borayotgan Prime Real Estate shirkati vakili bilan gaplashdi.

Shirkat vakili Buxoroning qadimiy qismida mehmonxona qurilayotganini tasdiqladi, ammo mahalliy aholi vakillari nomini tilga olgan mulozimning qurilish bilan aloqasini rad etdi.

Madaniyat vazirligi ruxsat berganmidi?

Buxoro shahar hokimligining Ozodlikka bildirishicha¸ yangi bino qurilishi uchun O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ruxsat bergan.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati Ozodlikning murojaatiga javoban "bu masala o‘rganilayotgani"ni bildirdi.

Madaniy meros departamenti Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Mahmudov esa, Ozodlikning bu boradagi savolini javobsiz qoldirdi.

Buxoro viloyat huquq-tartibot idoralaridan biridagi mulozimning Ozodlikka bildirishicha, hozirda Bosh prokuratura Madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasida taftish olib bormoqda.

Nomi oshkor etilishini istamagan mulozimga ko‘ra, Bosh prokuratura Madaniy meros departamentining faoliyatsizligi bois qadimiy obidalar qarovsiz qolib ketganini tekshirmoqda.

Buxoro markazidagi mexmonxona qurilish boshlangan joy

Ko‘pas Yepifanov uyini qayta qurish bahonasidagi ulkan qurilish

Prime Real Estate shirkati vakiliga ko‘ra¸ XX asr boshida qurilgan va hozir qoldiqlari qolgan rus ko‘pasi (kupets - savdogar - tahr.) Yepifanov savdo uyi asliga uyg‘un tarzda qayta quriladi. Bino mehmonxona sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Shirkat Buxoro markazida 500 kvadrat metr maydonda qad ko‘tarishi rejalangan bino tarxini Ozodlikka taqdim qildi.

Qurilayotgan mehmonxona reja surati

Rasmlarda ustki qismi pishiq g‘isht shaklidagi dekor bilan qoplangan, ammo ichi beton va briketlardan quriladigan uch qavatli bino aks etgan.

Mavjud qoidalarga ko‘ra¸bu bino Buxoroning qadimiy markazida qad ko‘tarishi mumkin emas.

O‘lkashunos Azalshoh Hamroyevga ko‘ra¸ XX - asr boshida yana ham aniqrog‘i 1910 - yilda Chor imperatori tashrifi arafasida qurilgan binolardan biri rus ko‘paslar gildiyasi a’zosi Yepifanovning savdo uyi bo‘lgan. Hamroyevga ko‘ra, uy qisman saqlangan.

San’atshunos va me’mor Abdumalik Turdiyevning aytishiga ko‘ra¸“Yepifanov uyini tiklaymiz degan bahonada ulkan tijorat obyekti quriladi”.

“Qurilish hujjatlari bilan tanishdim. Shakllangan va UNESCO tarafidan himoyaga olingan landshaftni buzadi. Ikkinchidan, tarixiy Olimjon karvonsaroyi obidasiga taqab quriladi. Zazor juda oz. Bu esa Olimjon karvonsaroyi ko‘rinishiga xalaqit beradi. Qurilishga O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova imzo chekkan hujjat bilan ruxsat berilgan. Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti ilmiy ekspert kengashining 2019 - yil 12 - dekabrdagi majlis bayoni 36 - bandida bu zamonaviy 3 qavatli qurilishga ruxsat berilgani aks etgan. Lekin bu amaldagi qonunchilikka zid-ku”, deydi Turdiyev.

Ozodlikda Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari imzolagan hujjat bor. Hujjatda “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi 2018 - yil 20 - apreldagi 1-10/1293 - bayoni asosida Buxoro shaxar Bahouddin Naqshband va Xo‘ja Rangrez ko‘chasidagi “Olimjon karvonsaroyi” g‘arb tarafidagi bo‘sh yerda mehmonxona qurishga izn berilishi aytilgan.

Hujjatda qurilish ishlari 2020 - yil 20 - iyulda 673 - sonli raqam bilan ro‘yxatdan o‘tganligi aytilgan.

Buxoro shahar hokimi qarori

Prezident tashabbusi

Buxoro shahar hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ Buxorodagi mehmonxona "prezident tashabbusi bilan" bunyod qilinmoqda.

“O‘zi mumkinmas bu joyda imorat qurish. UNESCO kartasida bo‘sh joy qilib ko‘rsatilgan. Ammo 2018 - yil fevralida prezident Buxoroga kelgan paytda shaxsan topshiriq berdi. Bu "topshiriqqa asosan", degan jumlani biz qarorga kiritdik, o‘zimizdan ma’suliyatni kamaytirish uchun. Buxoroda turizmni rivojlantirish haqida prezidentning 2017 - yil 19 - mayda chiqargan PK 2980 - qarori ham bor. Qolaversa, o‘sha paytdagi hokim rahmatli O‘ktam Barnoyev nazoratga olgan edi bu ishni.”

Hujjat

Buxoro shahar hokimi imzolagan va “Buxoroning qadimiy qismidan Prime Real Estate shirkatiga yer ajratish haqidagi qaror nusxasi Ozodlikda bor. Hujjatda yer uchastkasi "O‘zbekiston prezidenti qarori va topshirig‘i asosida" ajratilgani yozilgan. Bundan oldin O‘zbekiston prezidenti Samarqand tarixiy markazida Tibbiyot instituti yotoqxonasi qurilishiga izn beruvchi hujjatni imzolagan edi. Mavjud qonunlarga zid bu hujjat ijrosidan keyin kamida uchta tarixiy bino buzib tashlangan edi.

Pirovardida tarixiy binolarning buzilgani yuzasidan tekshiruv ortidan Madaniy meros departamenti Samarqand bo‘limi boshlig‘i ishdan olingan.

Buxoro