Chet ellik investor puli to‘langan tuxumni O‘zbekistondan olib chiqib keta olmayapti

Afg‘onistonga yuborish uchun qutilangan tuxumlar

Afg‘onistonlik investor¸ ETHAD BARADARAN FARAHI LTD' LTD shirkati direktori Abdul Razzoq (Mr.Abdul Razek) shartnomadagi to‘liq qiymati - 22 ming dollar to‘langan tuxumni O‘zbekistondan olib chiqib keta olmayapti.

Ozodlik bilan suhbatda janob Abdul Razzoq joriy yilning 29 - sentabrida Xorazm viloyatidagi “Qo‘shko‘pir Parranda” shirkati direktori Ulug‘bek Madaminov bilan 5 million AQSh dollariga shartnoma tuzganini aytdi.

Unga ko‘ra, shu paytgacha 800 ming dollarlik investitsiya kiritgan. Ammo 14 -oktabr kuni Qo‘shko‘pirdagi mahalliy mulozimlar uchta furaga tuxum yuklashni taqiqlab qo‘ygan. Ozodlikda nusxasi bo‘lgan shartnomaga ko‘ra¸ tuxum yuklangan yuk mashinalari 13 - oktabr kuni Afg‘onistonga yo‘l olishi kerak edi.

“O’zparrandasanoat” uyushmasi vakili 14 - oktabr holatiga tuxum eksportini cheklaydigan hujjat mavjud emasligini aytdi.

Ayni paytda uyushma mulozimi keyingi 10 kun ichida ichki bozorda tuxum narxi keskin oshgani bois mahalliy mulozimlar "vaziyatni barqarorlashtirish uchun muvaqqat choralarga qo‘l urishgan".

Tuxumlar qutilarga solib markirovkalangan

Sarmoyador Abdul Razzoqga ko‘ra¸ eksportga ketadigan tuxumlari maxsus markirovka qilinib, qutilarga solingan.

“Mavjud qoidaga ko‘ra, markirovka qilingan tuxumni ichki bozorda sotish mumkin emas. Shirkatimiz bu uch fura tuxumlar uchun shartnomada belgilangan 22 ming dollar pulni to‘ladi. Mana hujjati. Shirkatimiz quti buyurtma qildi¸ furalarga pul to‘ladi. Lekin oxirgi minutda mahalliy mulozimlar tuxumlarni ortishga izn bermadi. Ular tuxum eksportini cheklovchi biror hujjatni ko‘rsatishgani yo‘q”, - deydi afg‘onistonlik sarmoyador.

Ozodlik muxbiri “Qo‘shko‘pir Parranda” shirkati bilan bog‘landi¸ ular bir kun ichida yuk ortish masalasi hal bo‘lishi va "iloji boricha bu voqeani matbuotga chiqarmaslik"ni so‘rashdi.

Investor Abdul Razzoq Ozodlik muxbiri bilan muloqot chog‘ida mobil telefoni yoqilgan holda Xorazm viloyati hokimligiga borib, “tuxumlarni mashinaga ortmaslik uchun asos bo‘ladigan hujjat"ni so‘radi.

Mahalliy mulozimlar bunday hujjat yo‘qligini aytib investorni Bosh vazir qabulxonasiga jo‘natishdi. Qabulxonadagilar esa, investor arizasi Toshkentga jo‘natilishi va "o‘n kunlarda" javob kelishini va’da qilishdi.

Ozodlik mobil muxbiri Qo‘shko‘pirdagi parrandachilik fabrikasi oldida turgan yuk mashinalari va ortishga tayyorlanib, markirovka qilingan tuxumlar solingan minglab qutilarni ko‘rdi. Muxbirimizning aytishicha¸ tuxumlar yana bir kun shu holda tursa, aynib qolishi xavfi bor.

To‘lov qog‘ozi

Ozodlik tuxumlar uchun amalga oshirilgan to‘lov qog‘ozlarini ko‘rdi. Iqtisodiy masalalar bo‘yicha nizolarga ixtisoslashgan huquqshunos Marim Rajabovga ko‘ra¸ eksport cheklovi qonun yoki farmon shaklida chiqqani bilan bu eski shartnomalarga ta’sir qilmaydi.

“Shartnoma imzolangan 29 - sentabrda eksportga cheklov yo‘q edi. Shartnoma bo‘yicha pul o‘tkazilgan. Pul o‘tkazilgan kunida ham eksportga cheklov bo‘lmagan. Bunday cheklov bugun, 14 - oktabr kuni ham yo‘q. Mabodo 15 -oktabrda eksport cheklansa, bu cheklov 20 - sentabrdagi shartnomaga ta’sir qilmaydi. Konkret bu holatda “Qo‘shko‘pir Parranda” nohaq. Chunki 100 foiz predoplata bo‘lgan. “Qo‘shko‘pir Parranda” yukni ortib berishga majbur. Qonun shuni taqozo qiladi”, - deydi huquqshunos

Shartnoma

Afg‘onistonlik investor¸ ETHAD BARADARAN FARAHI LTD' LTD shirkati direktori janob Abdul Razzoqning aytishicha, (Mr.Abdul Razek) shartnomaga ko‘ra “Qo‘shko‘pir Parranda” besh million AQSh dollariga teng tuxum yetkazib berishi kerak. Shartnoma 2021 - yilga qadar amal qiladi. Shu paytgacha Afg‘oniston tarafi 800 ming dollarlik tuxumni "Qo‘shko‘pir Parranda” shirkatidan sotib olgan.

O‘zbekiston tuxumining eng yirik xaridori Afg‘oniston bo‘lib qolmoqda.

Afg‘onistonga tuxum eksportidan tushgan mablag‘lar ortidan mahalliy tovuq fermalari kengaymoqda.

Xorazm viloyatidagi “Qo‘shko‘pir Parranda” tovuq fermasi tashkil etilganida, bu yerda bor-yo‘g‘i 300 ta tovuq boqilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib parrandalar soni 200 mingdan oshgani aytiladi.

To‘liq modernizatsiya qilingan fermaga Ukrainadan so‘nggi rusumdagi uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan.