Yozuvchi va sobiq siyosiy mahkum Mamadali Mahmudov vafot etdi

Mamadali Mahmudov (Evril Turon) - Index on Censorship

Taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi – Evril Turon) 16 -oktabr kuni 79 yoshida Toshkentdagi shifoxonada olamdan o‘tdi.

Yaqinlariga ko‘ra, 14 - oktabr kuni yurak xuruji kechirgan yozuvchi “Jukovskiy” nomi bilan bilingan Respublika klinik shifoxonasiga yotqizilgandi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, u insult va zotiljamga ham chalingan.

Hammaslaklarining aytishicha, taniqli adib oxirgi bir oyda Do‘rmondagi Yozuvchilar bog‘ida ijod qilgan va bir vaqtning o‘zida muolaja olib turgan.

Shoira va faol Dilorom Ishovaning Ozodlikka aytishicha, yozuvchining ikkita romani nashrga topshirilgan va dunyo yuzini ko‘rish arafasida edi.

Mamadali Mahmudov O‘zbekistonda siyosiy qarashlari uchun eng uzoq vaqt qamoqda o‘tirgan yozuvchi.

U 2013 - yil aprelida ozod etilguniga qadar 14 yil umrini qamoqda o‘tkazgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ozodlik filьmi: O‘lmas G‘oyalar yoxud Evril Turon qismati

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, matbuotda Mamadali Mahmudovning o‘zi va asarlariga qo‘yilgan taqiq bekor qilinganiga qaramasdan, unga nisbatan, inson huquqlari tashkilotlari “siyosiy vajlar bilan chiqarilgani”ni aytgan ayblovlar rasman olib tashlanmagan.

Mamadali Mahmudovning o‘zi 2018 - yilda Mirziyoyev hukumati undan barcha taqiqlarni olib tashlagani va Toshkentning Yunusobod tumanidan uy ajratganini aytgan.

Mamadali Mahmudov 1940 - yil 12 - dekabrida Jizzax viloyatining Forish tumani Bog‘don qishlog‘ida tug‘ilgan.

O‘zining tarjimai holida yozishicha, otasi Mahmud Ahmad o‘g‘li Tog‘ begisi 1943 - yilda urushga ketib, bedarak ketgan, sho‘rolarga qarshi qurolli kurashda ishtirok etgan, bobosi Ahmad Bek esa, 1936 - yilda osib o‘ldirilgan.

"O‘lmas qoyalar"dan "Tumanli kunlar"gacha

Mamadali Mahmudov sovet davrida o‘zbek adiblari orasida birinchilardan bo‘lib “bosmachilar harakati” nomi berilgan milliy-ozodlik kurashi mavzusini qalamga olgan.

U 1981 - yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilgan "O‘lmas qoyalar" romani uchun sovet KGB si tomonidan ta’qib qilingan.

Romanning birinchi qismi chop etilishi ortidan adib Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan olingan va KGB tomonidan so‘roq qilingan.

Romanning yashirin yo‘l bilan olib chiqilgan qo‘lyozma nushasi Germaniyada chop etilganidan so‘ng, adibga bosimlar yanada kuchayadi.

Mamadali Mahmudovning o‘zi uni o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov “qamoqdan asrab qolgani” haqida yozgan edi.

Asar to‘laligicha faqat mustaqillikdan so‘ng, 1991 - yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rgan.

Mamadali Mahmudov O‘zbekiston mustaqilligi arafasi va mustaqillikning ilk yillarida bir muddat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi va Madaniyat Jamg‘armasi raisi lavozimlarida ishlaydi.

Taniqli yozuvchi va arbob 1994 - yil 3 - mart kuni muxolifatdagi "Erk" partiyasi bilan aloqalari uchun hibsga olinadi va rasman “davlat mulkini o‘zlashtirish” aybdor, deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

1996 - yil 6 avgust kuni avf qo‘llanib, muddatidan oldin ozod qilingan Mamadali Mahmudov 1999 - yil 16 -fevraldagi Toshkent portlashlari ortidan qayta hibsa olinadi.

Bir necha "Erk" faollari bilan birga portlashlarga aloqadorlikda ayblangan Mamadali Mahmudov mahkama jarayonida o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan va shafqatsiz qiynoqlarga tutilganini aytgandi.

Xalqaro inson huquqlari, matbuot va yozuvchilar tashkilotlari Karimov hukumatining Mamadali Mahmudovni qamoqqa tashlash qarorini qoralagan va uni ozod etishga chaqirib kelgan.

2018 - yil noyabrida Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga tiklanguniga qadar adibning asarlariga O‘zbekistonda norasmiy taqiq qo‘yilgandi.

2019 - yilda uning qamoqda yozgan ikki romani birin-ketin “Sharq yulduzi” va “Jahon adabiyoti” jurnallarida chop etildi.

“Oynur” va “Tumanli kunlar” romanlari adibning 1992 - yildan keyin O‘zbekistonda dunyo yuzini ko‘rgan ilk asarlari bo‘lgan.

Mamadali Mahmudov 2016 - yilda Londondagi "Senzura indeksi"(Index on censorship) xalqaro tashkilotining yillik mukofoti bilan taqdirlangan.