22 - oktabr kuni Enter Engineering kompaniyasi ishchilarining to‘planib qolgan oyligi to‘lana boshlandi. Bu haqda Ozodlikka Enter Engineering shirkatidagi norozilik oqibatlarini tekshirayotgan kasaba uyushma mulozimi bildirdi.
Voqea joyida turib Ozodlikka xabarlar yuborayotgan mahalliy jurnalist esa, "shirkatning 12 mingdan ziyod ishchisining keyingi uch oyda to‘lanmagan oyligini to‘lash uchun ikki mashinada pul olib kelishganini" ko‘rganini aytdi. Ozodlik suhbatlashgan ikki ishchi oyliklarini olganligini aytdi.
Ishchilar 21 - oktabr kechki ovqat va 22 - oktabrdagi nonushta sifati sezilarli yaxshilanganini aytishdi:
"Kechki ovqat sergo‘sht va portsiyasi ko‘p bo‘ldi. Ertalabki nonushtaga sariyog‘ ham qo‘shildi va tuxum soni ko‘paydi".
21 - oktabr kuni ertalab soat 7:30da Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanida Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasining minglab ishchisi stixiyali norozilik aksiyasiga chiqqan edi.
Ommaviy norozilik aksiyasi kuch ishlatar tizimlar xodimlari yordamida bostirilgani haqida Ozodlik 21 - oktabr kuni o‘z tasarrufidagi video va fotosuratlarga tayanib ma’lumot berdi. O‘zbekiston mahalliy matbuoti va Enter Engineering kompaniyasi ishchilar noroziligi oshxona o‘z vaqtida ochilmagani sababli yuzaga chiqdi deb bildirgan edi.
Qornimga emas qadrimga...
Ozodlik suhbatlashgan va o‘zini Muzaffar Xurramov deb tanishtirgan ishchi “ovqat norozilikning asosiy sababi emas” der ekan, fikrini bunday davom ettirdi:
“4 oylab oylik bermadi. 30 kundan beri ishchilar yotoqxonasida bit bosib yotibmiz. “Prado” moshinlarda yurgan har qanday rahbar bizga past nazar bilan qaraydi. Ertalab 7 dan kechqurungi 7 gacha ishlaymiz. Ish tugagach, yotoqxonaga boradigan avtobusni ba’zan soatlab kutamiz. Oshxonada asosan rahabarimizning samarqandlik tanishlari ishlaydi. Oshxonadagilar bizga burga yoki bitga qaraganday past nazar bilan qaraydi. Kecha ertalab ochiqchasiga so‘kishdi. Shundan boshlandi. Qornimizga emas, qadrimizga yig‘laymiz”.
Shu bilan birga Xurramov karantinni sabab qilib dam olishsiz ishlagani bois, ishchilar o‘ta toliqqanini aytdi:
“Oldin 30 kunlik ishning ichida 8 kun dam olishi bor edi. Shuhrat Arziyev (Enter Engineering mulozimi) karantinni sabab qilib dam olish kunlarini yo‘q qildi. Keyin 30 kun o‘rniga ikki oylab ham ishlatdi. Xotin-bola-chaqani ko‘rmay ahvolimiz bir turli bo‘lib ketdi”.
Enter Engineering mulozimi: Shuhrat Arziyev kaltaklangan
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning mahalliy matbuotga bildirishicha, G‘uzordagi voqea prokuratura xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda.
Shirkatidagi norozilik oqibatlarini tekshirayotgan kasaba uyushma mulozimining Ozodlikka aytishicha, 21 - oktabr kuni Enter Engineering mulozimi Shuhrat Arziyev kaltaklangan.
“Hozirda Arziyev jabrlanuvchi sifatida prokuratura tergovchisiga ko‘rsatma yozib berdi. U yengil jarohat olgan. Ishchilar Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayevni ham kaltaklamoqchi bo‘lgan. Ammo Mirzayev mashinasiga o‘tirib qochib qolishga ulgurgan".
Shirkat mulozimi kaltaklanayotgani aks etgan video Ozodlikda bor.
G‘alayonda necha kishi ishtirok etgan?
Enter Engineering Pte.Ltd. shirkatining Toshkentdagi bosh ofisi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda G‘uzordagi zavod qurilishida kelib chiqqan g‘alayonda 400 ishchi faol ishtirok etganini bildirdi:
“Hamma ishchilar tartibsizlikda ishtirok etmadi. Faqat 350 dan 400 nafarga yaqin ishchi g‘alayon ishtirokchisi bo‘lgan".
Ayni mulozim 21 - oktabr kuni oshxona eshigi elektron monoblok tizimidagi nosozlik tufayli buzilgani oqibatida eshik oldida tirbandlik yuzaga kelgani va oqibatda ovqatlanishga kira olmagan ishchilar noroziligi kelib chiqqanini Ozodlikka aytgan edi.
Energetika vazirligi Uzbekistan GTL’dagi vaziyat barqarorlashganini, barcha muammo va masalalar joyida ijobiy hal etilganini xabar qilgan edi.
Voqea joyiga muxbir va blogerlar borishi uyushtirildi
22 - oktabr kuni AOKA rahbari Asadjon Ho‘jayev boshchiligida tashkiliy ravishda ommaviy norozilik yuz bergan hududga olib kelingan muxbir va blogerlar guruhiga G‘uzor hokimi ziyofat va sovg‘a-salomlar bergan.
Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan muxbirlardan birinig Ozodlikka aytishicha¸ ularga 21 - oktabr kechqurun mavzuni qanday yoritish haqida “tavsiya” berilgan:
“Ovqatning ustida tartibsizlik chiqdi” deb yozish va aholida norozilik bildirish madaniyati yo‘qligini “tanqid qilish” bo‘yicha kecha “tavsiyaviy instruksiyani” oluvdik. Bugun esa ,"muammo tinch yechim topdi" deb yozishga "maslahat" oldik."
Jurnalistlar bilan suhbatda G‘uzor hokimi vazifasini bajaruvchi Behzod Suyunov 22 - oktabr kuni ishchilarga konsert qo‘yib berishni va’da qilgan:
"Bugun katta konsert qo‘yib beraman, ishchilar tashvishni unutsin", dedi hokim bobo. Yana u kishi ertaga 10 ta qo‘y so‘yib ishchilarga ziyofat qilib berishini aytdi".
Ozodlik voqea tafsilotlarini kuzatishda davom etmoqda.