"O‘TY"ning Sardobada ko‘prik qurayotgan ishchilari ikki oydan beri maoshsiz ishlamoqda. Gulistonda portlagan majmuani tiklayotganlar ham

"O‘zbekiston temir yo‘llari" vagon kuzatuvchilari yer usti metrosining Qo‘yliq hududidagi qurilishida ishlagan edi.

Sirdaryo viloyat, Oqoltin tumanida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan hududda ko‘prik qurayotgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning yuzlab quruvchisiga avgust oyidan buyon maosh berilmadi.

Ishchilardan olingan bu ma’lumotni "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning kadrlar bo‘limi mulozimi tasdiqladi.

Shu oy boshida portlash ro‘y bergan Gulistondagi "Alpomish" sport majmuasini tiklayotgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning ellikka yaqin quruvchisi ham ish haqlari berilmayotganidan norozi.

O‘z xavfsizligini o‘ylab Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan quruvchiga ko‘ra, "O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ ning 200 dan ziyod ishchisi may oyidan buyon Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sardoba suv omborining yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan uylarni ta’mirlash hamda ko‘prik qurilishi ishlarida qatnashmoqda:

"Sardobada to‘rtta ko‘prik qurdik. Uylarni ham tikladik, lekin avgust oyidan buyon bizga pul bergani yo‘q".

Ishchilar vakillari Bosh vazirning 1-o‘rinbosari¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ kengashi a’zosi (AJning oldingi rahbari) Ochilboy Ramatovning og‘zaki buyrug‘i bilan Sardobadagi qurilishlarga safarbar etilganliklarini aytishdi.

Shu oy boshida “O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning yana ellik quruvchisi Gulistonda portlashdan vayron bo‘lgan "Alpomish" sport majmuasini tiklashga yuborilgani ham ma’lum bo‘ldi.

Covid-19 ga chalingan bemorlar yotqizilgan bu sport majmuasida 7 - oktabr kuni 10 tonnalik kislorod sisternasi portlagan edi. Bu majmuani tiklayotgan ishchilar ham oylik berilmayotganidan norozi ekanliklarini aytishdi.

"Oldin Sardobada ishladik. Keyin ellik nafarimizni bu yerga jo‘natishdi. Oylik bir haftadan keyin bo‘ladi, deb ikki oydan beri bermayapti. Bola-chaqani tashlab kelganmiz bu yerga. O‘ta og‘ir sharoitlarda, vagonlarda yashaymiz. Buni ustiga oylik ham yo‘q", - deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ishchisi.

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJning Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi markaziy idorasi kadrlar bo‘limi mulozimi bankda pul taqchilligi sabab avgust oyidan maoshlar kechikayotganini tasdiqladi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim o‘zi va shirkatning Toshkentdagi markaziy idorasi xodimlari ham oyliksiz ishlayotganini aytdi:

"Oylik masalasida bir oy keyin yuramiz. Avgust oyligi sentabr oxirida, sentabr oyligi oktabr oxirida beriladi. Chunki qilingan ish ob’yomi degan narsa bor. Shuni har oyning oxirida tasdiqlashadi. Avgust oyi tasdiqlangan, lekin bankda pul yo‘qligi uchun kechikish bo‘lyapti. Ikki oydan beri muammo bo‘lyapti. 200- 300 ishchiga 2 milliondan bo‘lganda ham katta pul bo‘ladi. Bizning o‘zimiz ham oyliksiz o‘tiribmiz, lekin oylikni beradi. Shu oy oxirigacha hal bo‘lishi kerak".

Vagon kuzatuvchilari ham oyliklar berilmayotganidan norozi

Shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkatining vagon kuzatuvchilari ham oyliksiz ishlayotganliklarini aytdi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan buxorolik vagon kuzatuvchi avgust va sentabrda Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarni olib kelishga borib, koronavirus yuqtirgani, ammo oylik ham ish vaqtida kasallik orttirgani uchun kompensatsiya ham berilmaganini da’vo qildi:

"15 - martdan boshlab 4 oy karantinda ishlamadik. Oylik bermadi. 24 - avgustda ishga chaqirishdi. 4 million so‘mdan oylik beramiz dedi. Rossiyada qolib ketgan o‘zbeklarni Samaradan olib kelish kerak deyishdi. "Bizaga kasal tegsa nima bo‘ladi" dedik. Kasal tegsa 11 million so‘m kompensatsiya puli va’da qilishdi. Shu bilan 27 avgustda o‘zbeklarni olib kelishga bordik. Kelganimdan bir haftadan keyin Kovid bo‘lib qoldim. Oylik ham bermadi. Kovid bo‘lsang 11 million beramiz degandi, u ham yo‘q. Oylikni so‘rab borsak, Samaradan ro‘yxatga olinmagan 20 o‘zbekni vagonga olgan ekansizlar, deb shtraf bilan qo‘rqitishadi. Lekin, shu poyezdda Milliy gvardiya ham bo‘lgan, Sog‘liqni saqlashdan ham bo‘lgan, rahmimiz kelib, savob uchun vagonga olgandik ularni".

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ ishchilarining oylik berilmayotgani haqidagi shikoyatlari Qashqadaryoda ishchilar g‘alayon ko‘targan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Enter Engineering kompaniyasi ishchilari noroziliklariga bir necha oy maoshsiz qolgani hamda kechki ovqat va nonushta berilmagani asosiy sabab bo‘lgani aytildi.

GTL Enter Engineering ширкатининг минглаб ишчиси ғалаëн кўтарди

G‘alayon ortidan shirkat rahbariyati ishchilarga oylik maoshni to‘lab berishga va boshqa muammolarni hal etib berishga va’da bergan.

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ vagon kuzatuvchilari bundan oldin Sardoba va Buxoroda o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlanganliklari, lekin buning uchun qo‘shimcha haq berilmagani haqda Ozodlikka aytishgandi.

Ozodlik "O‘zbekiston Temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatiga qarashli "Toshkent mexanika zavodi" (sobiq Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi) ishchilarining yer usti metrosi qurilishlariga safarbar etilgani haqida ham xabar bergan edi.