OzodDayjest: Mirzo Ulug‘bek madrasasi hujralari omborga aylantirilgani ma’lum bo‘ldi

Buxoro manzarasi.

Farzandiga Ronaldo deb ism qo‘ymoqchi bo‘lgan ota FHDYo bo‘limida janjal ko‘tardi. “Suyunchi” filmidagi Naziraning daragi Afrikadan chiqdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Buxoroda tarixiy obidalarga hurmatsizlik: qadimiy madrasa hujralari omborga aylantirilgan

Buxorodagi tarixiy obidalar va madaniy meros obyektlarini muhofaza etish borasida kamchilik va muammolar aniqlandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmatiga tayanib qator matbuot nashrlari xabar beradi.

“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, aholi uy-joyi mahalliy ahamiyatga molik moddiy madaniy meros obyektlari tegrasidan kamida 50 metr, respublika ahamiyatiga molik bo‘lganlaridan esa 100 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Ammo Buxoro viloyatidagi ko‘plab obyektlarda mazkur talab bajarilmayapti.

G‘ijduvondagi Mirzo Ulug‘bek madrasasining 3 ta hujrasi oziq-ovqat va boshqa buyumlar omboriga aylantirilgani aniqlangan.

“Qassaboni bolo” masjidi yonida esa chiqindixona tashkil etilgan. Bu kabi holatlarda tarixiy obyekt muhofazasi talablari qo‘pol ravishda buzilgan va obidalar qiymatiga putur yetkazilgan.

Qayd etilishicha, Senat va xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashi qo‘shma qarori bilan muammolarni bartaraf etish borasida tegishli idoralarga ko‘rsatma berilgan.

Farzandiga Ronaldo deb ism qo‘ymoqchi bo‘lgan ota FHDYo bo‘limida janjal ko‘tardi

Ona tiliga bo‘lgan muhabbatni farzandlarimizga o‘zbekona ism qo‘yishdan boshlashimiz kerak, deb hisoblaydi Toshkent viloyati Bo‘ka tumani FHDYo bo‘limi mudirasi Mahliyo Usmonova (“Inson va qonun” gazetasi, 27 - oktabr).

Ammo chaqaloqlarga yoqimsiz, xunuk, ma’nosiz yoki xorijlik insonning ismini qo‘yish holatlari hamon uchrab turibdi.

“Yaqinda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish uchun Milliarder ismli ota keldi. Guvohnomaning otasi degan ustuniga o‘z ismini qo‘yishdan uyalishini aytdi. Sababi, ismi Milliarder bo‘lsa-da, o‘zi mardikor bozorida tirikchilik qilar ekan.

Yana bir ota o‘g‘il farzandli bo‘lib, FHDYo bo‘limimizga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish uchun mast holatda kelib, o‘g‘liga Ronaldo deb ism qo‘yishini aytib janjal ko‘tardi. Biz unga to‘g‘ri tushuncha berib, ertaga kelishini aytib jo‘natib yubordik. Ertasi kuni hushyor holatda kelib, guvohnomaga Ronaldo deb yozib bermaganimiz uchun minnatdorlik bildirdi. Farzandiga Muslimbek deb chiroyli ism qo‘ydi”, - deb yozadi M.Usmonova.

Ta’kidlanishicha, chiroyli ism qo‘yish ham ota-onaning burchlaridan hisoblanadi. Farzandga qo‘yilgan ism kuni kelganda uni noqulay ahvolga soladigan, har safar o‘z ismini eshitganida aziyat chekadigan bo‘lmasligi lozim.

“Suyunchi” filmidagi Naziraning daragi Afrikadan chiqdi

O‘zbek kinosining oltin fondidan munosib joy olgan “Suyunchi” badiiy filmida Nazira rolini ijro etgan Shahnoza Shamsiyeva (Hamroyeva) ayni paytda Afrika qit’asidagi Zambiya Respublikasida istiqomat qilayotgani ma’lum bo‘ldi (www.daryo.uz, 28 - oktabr).

“Epizod rol orqali tomoshabinlarning tiliga tushishni tasavvur qilmaganman. Balki u paytlarda yosh bo‘lganim uchunmi yoki mashhurlikka qiziqmaganmanmi, bilmadim... Haligacha ijrom haqida iliq fikrlar aytishsa, quvonaman”,-deydi Sh.Shamsiyeva.

Qayd etilishiyaa, “Suyunchi”dan keyin ko‘plab filmlarga takliflar bo‘lgan, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Nigora obrazini ham Sh.Shamsiyevaga topshirmoqchi bo‘lishgan, ammo otasi ko‘nmagan.

“O‘zimda san’atga qiziqish kuchli bo‘lsa-da, ammo uydagilarning qarshiligi sabab rosa ikkilanganman va oxiri o‘qishimni ustun bildim. Ota-onam xohlagandek, bolalar shifokori bo‘ldim. Toshkent pediatriya institutini tamomlagach, Toshkent shahridagi 1-bolalar shifoxonasida ishladim... 1997 yilning aprelida turmush o‘rtog‘im ikkimiz Zambiyaga kelishga qaror qildik. Hozir shifoxonalardan birida pediatr bo‘lib ishlayman” , - deydi Sh.Shamsiyeva.

Sobiq aktrisaning aytishicha, u vatandan olisda bo‘lsa-da, hamisha qalban o‘zbekistonlikdir. “O‘zbekcha gapirish va o‘zbekona urf-odatlarimizni hech qachon unutmaganman” deydi u.

“Suyunchi” filmi 1982 - yilda taniqli rejissyor Melis Abzalov tomonidan suratga olingan bo‘lib, kartina salkam 40 yildan buyon ekranlardan tushmay keladi.