"Hokim og‘ziga erk bergan edi". Xiva tumani hokimining fermerlarni so‘kkan videosi tarqaldi

Xiva tuman hokimi va fermerlar -kollaj

Ozodlikka yetib kelgan video va audio materiallarda Xorazm viloyati Xiva tumani hokimi Ozod Matyoqubov tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda kamida 7 nafar fermerni turg‘azib qo‘yib, 20 daqiqa davomida uyat so‘zlar bilan haqorat qilgani aks etgan.

Ozodlik muxbiri bilan qisqa suhbatda hokim Ozod Matyoqubov “fermerlarni tergagani aks etgan video chiqqanidan xabari bor”ligini aytdi.

Shundan keyin Xiva tumani hokimligi matbuot xizmatining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi Ozodlik muxbiri bilan bog‘lanib, voqeaga izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, majlis 2018 - yilda bo‘lib o‘tgan va hokim o‘shanda rejani bajarmagan "fermerlarni ozroq tergab qo‘ygan".

“ bu 2018 - yildagi majlisdagi ko‘hna gap. Shu vaqtda hokim reja bajarmagan fermerlarni ozroq tergab qo‘ygan edi. Azbaroyi ish uchun. Davlat manfaatini o‘ylab. Shu eski videoni endi chiqarishibdi. Viloyat hokimligida kecha va bugun bu video jiddiy muhokama bo‘ldi. Xozir bu videoni kim va nima maqsadda chiqarganini tekshirib turibdilar. Tekshiruv natijasini sizga albatta zudlik bilan ma’lum qilamiz”, - deb aytdi Xiva tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi.

Hokim og‘ziga erk bergan edi

Bundan ikki yil oldingi majlisda qatnashgan G‘ovuko‘llik (Xiva tumani) fermerning Ozodlikka aytishicha¸ yig‘ilishda “hokim og‘ziga yaxshigina erk bergan”.

Viloyat hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ ikki yil oldingi yig‘ilish fermer xo‘jaliklarining paxta va sholi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi hamda yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan to‘liq yig‘ib olish to‘g‘risida bo‘lgan.

"Joningni sug‘urib tashlayman!"

Ozodlik muxbiri ko‘rgan videoda tuman hokimligi majlislar zaliga o‘xshash binoda 100 dan ziyod qalin kiyingan odamlar o‘tiribdi. Kadrda yetti nafar tik turib, boshini xam qilgan odam ko‘rinadi. (Tasvir mazmunidan ularning fermer ekani tushuniladi). Zal to‘ridagi teatr sahnasiga o‘xshash sahnadan dashnomli va o‘ta baland ovoz kelib turibdi. (Keyin aniqlanishicha, bu Xiva tumani hokimi Ozod Matyoqubov). Ovoz egasi fermerlarni tergaydi. Tergash paytida hokim fermerlarning onasi va o‘zini uyatli so‘zlar bilan haqorat qiladi:

“Na gap bu? Kim monitoring qiladi buni? Sen nimaga o‘tiribsan? Necha gektar bo‘ldi ey k...! K...! Qani qolgan gektar hay? (Ruscha so‘kinib boshlaydi) P... na... Pi.. ! Qani gektar? (Qattiq baqiradi) Hay! Qani gektar deyman. Qani gektar? Hay j...! Qani gektar, opongni..! Komissiya galajak k....!. Buyoqqa chiq. Buyoqqa chiq, qani. Qani gektar? Hay j.., tiling bor bo‘lsa, so‘yla. Falon gektar ekishim kerak edi. Falon gektar sug‘orildi, deb so‘yla. Tilingga ...! Ayt! Qani gektar? (Baqiradi) Hay!.. Sani ko‘taningni sug‘uraman..! Ipplooos!! Cho‘chqa. Mol! Joningni sug‘urib tashlayman sen kim bo‘ladig‘on bo‘lsang ham. Sandan so‘rayman! Ikki papka do‘g‘illodim. Sani odomlaring nishatip yuribdi? Hay. Sani odomlaring nishatib yuribdi? Semichka chaqib galip yuribdimi? (zaldan qandaydir javob eshitiladi) Zo‘r ish atipsan!”

Hokimdan so‘kish eshitayotgan xivalik fermerlar

So‘kong‘ich hokimlar

O‘tgan hafta Farg‘ona viloyati Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayevning o‘z qo‘li ostidagilarni so‘kishlari aks etgan audio ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Hokimlik so‘kishlar ikki yil oldingi majlisda yangraganini iddao qildi.

“Hey, otni..! … Xo‘-v, j...blar! Bugungi kun o‘tdi, kechagi kunam o‘tgan. Yana uchtami-to‘rt kun qolyapti. Keyin havo sovib ketsa, odamlarni qanaqa boshqarasan? … Hey, iflos… Men paxtaga achinyapman!”, deydi Jo‘rayev o‘z dashnomida.

O‘zbekistonda hokimlarning majlislarda o‘z qo‘li ostidagilarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishi va hatto do‘pposlashi odatiy holga aylangan.

Bundan ilgari Andijon hokimi Shuhrat Abduraxmonov¸ Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev, Parkent tumani hokimi Ne’matulla Abdullayevning bolaxonador so‘kishlarga to‘la audiolari ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.