Jurnalistlar Nazarboyev urug‘larining chet davlatlarda 785 mln dollarlik mulki borligini aniqladi

Nursulton Nazarboyev

Ozodlik radiosi qozoq xizmati Qozog‘istonning eks-prezidenti, hozirda Qozog‘iston Xavfsizlik kengashini hamda hokimiyat partiyasi - “Nur Otan” yetakchisi Nursulton Nazarboyevning oila a’zolari hamda qarindosh-urug‘larining chet mamlakatlardagi ko‘chmas mulkalari to‘g‘risida surishtiruv e’lon qildi.

Jurnalistlar Sara Alixan va Mayk Ekkel o‘tkazgan surishtiruvning to‘liq natijalari bilan mana bu yerda rus tilida tanishishingiz mumkin.

Jeneva ko‘li uzra ko‘tarilgan yengil to‘lqinlar ko‘zni quvnatuvchi sohilga borib qaytadi. Anyer kommunasi badavlat shveysariyaliklar, diplomatlar va bankirlar istiqomat qiladigan joydir.

Cherepitsa tomli mo‘’jazgina uylar yonida ulug‘vor ustunlari bilan savlat to‘kib turgan villalar ko‘rinadi. Xafsala bilan tuzalgan maysazorlarda Yura tog‘lariga qaratib suhbatgohlar qurilgan.

Sohilga katta-kichik qayiqlar qantarib qo‘yilgan. Xos imoratlarning ko‘pchiligi qo‘rg‘on devor qurshovida, devorlar uzra kuzatuv kameralari ko‘rinadi – o‘tgan-ketgan burnini tiqmasin.

Shu atrofda, Route D’Hermance, 399 degan manzilda uch qavatli imorat bor. Uyning umumiy maydoni 3 200 chorchi metr, bo‘yi 25 metrli zinasi ham bor. Zina kapalakni eslatadi. Ochig‘u yopiq hovuzlar, spa, mehmonlar uchun alohida xonalar, keng-kovur ayvonlar. Bu uy Anyer kommunasidagi eng qimmat uydir. Uyning egasi, Shveysariyaning ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlariga qaraganda, Qozog‘istonni uzoq yillar boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyevning qizi Dinara Kulibayevadir. U eri, Qozog‘istondagi eng badavlat kishilardan biri Timur Kulibayev bilan birga bu uyni 2009 - yili 75 million dollarga sotib olgan.

Er-xotin Kulibayevlar Nazarboyevning G‘arbda hashamatli ko‘chmas mulk sotib olgan yaqin va uzoq qarindoshlari orasida yagona emaslar.

So‘ngi 20 yil ichida Nazarboyevning oilasi a’zolari Yevropa mamlakatlari va AQShda yuzlab million dollarga uylar sotib olib, sokin ko‘llar sohillarida, Manxettenning osmono‘par binolari orasida, London atrofidagi shaharchalarda hamda Ispaniyadagi Kosta Brava kurort zonasida joylashgan ko‘chmas mulklar sohiblariga aylandi.

Ozodlik radiosi qozoq xizmatining yangi surishtiruvida Nazarboyevning urug‘lari, shu jumladan uning ikki qizi, nabiralari va ukasi bilan bilan bog‘liq ko‘chmas mulklarning keng tarmog‘iga oid obyektlar to‘g‘risidagi bugungi kungacha eng to‘liq bo‘lgan ma’lumotlar to‘plandi.

Bu ma’lumotlar 2010 - yili “millat yetakchisi” degan rasmiy maqomni olgan sobiq prezident Nazarboyevning qarindosh-urug‘iga tegishli chet eldagi mulk haqidagi to‘la-to‘kis ma’lumot emas.

“Millat yetakchisi” maqomi Nazarboyev va uning oila a’zolarini har qanday bosqidan himoya qiladigan immunitetdir. Shu kunda Nazarboyev ta’siri katta Xavfsizlik kengashini hamda hokimiyat partiyasi - “Nur Otan”ni boshqarmoqda.

2019 - yili Qozog‘iston poytaxti nomi o‘zgartirilib, Nur-Sulton deb atalgan.

Buiroq bu surishtiruv Nazarboyevning qarindoshlari dunyoning eng shinam joylarida sarflagan mablag‘lar miqyos-miqdorini tushunish uchun mislsiz imkoniyatdir.

Bu xaridlarning barchasi oila a’zolarining neft qazib oluvchi mamlakat iqtisodiyotining energetika, bank va boshqa sohalarida to‘plagan hamda davlat lavozimlarini egallab turib topgan pullari evaziga amalga oshirilgan.

Ozodlik radiosi qozoq xizmati Nazarboyevning oila a’zolari va qarindoshlari so‘nggi 20 yil davomida dunyoning 6 mamlakatida umumiy qiymati 785 million dollar bo‘lgan ko‘chmas mulk sotib olganini aniqladi. Bu raqam tarkibiga keyingi yillarda sotilgan bir necha obyekt, shu jumladan Nazarboyevning ukasi AQShdan sotib olgan bir necha million dollarlik kvartiralar narxi ham kiradi. Biroq Kulibayevning Ispaniyada sotib olgan katta hovli-joyi narxi, uni aniqlashning imkoni bo‘lmagani uchun, bu raqamga kirmagan.

Nazarboyevning homiyligi uning qarindoshlari boylik to‘plashi uchun omil bo‘lgani haqidagi fikr keng tarqalgan, biroq ular uquvli biznesmen ekanliklari, shuning uchun oilaviy rishtalar va siyosiy aloqalar ularning boyishiga aloqasiz ekanligini bir necha aytishgan.

Nazarboyevning qarindoshlari orasida Timur Kulibayev alohida ajralib turadi. Uni neft va gaz sektorida to‘plagan boyligini oilaviy munosabatlari hisobiga qo‘lga kiritgan, deb ko‘p yillar davomida ayblab kelishadi.

2 - dekabrda Britaniyada chiqadigan Financial Times gazetasi Timur Kulibayevning o‘nlab million dollarga boyishiga sabab bo‘lgan Xitoyga gaz quvuri yotqizish kontraktlari bilan bog‘liq xufya sxemalarni fosh qilganini xabar qildi. Kulibayevning advokatlari Financial Timesda e’lon qilingan ma’lumotlarni inkor etmoqda. Ular Ozodlik radiosi qozoq xizmati savollariga javob bermadi.

Ozodlik radiosi surishtiruvi davomida ma’lumot yig‘ilgan ba’zi ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq ishlar sudda ko‘rilgan. Ba’zi mulklar bilan bog‘liq ish kutilmaganda yuz bergan ajralishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, Londondagi uchta obyekt muzlatib qo‘yish to‘g‘risidagi buyruqlar bilan bog‘liq. Bu buyruqlar keyin bekor qilingan.

Nazarboyevlar yirik mablag‘larni chet davlatlardagi ko‘chmas mulkka SSSR tarqab ketganidan so‘ng Qozog‘istonda kuzatilgan farovonlikning umumiy o‘sishi fonida yotqizgan. Bu o‘sish ko‘plab qozog‘istonliklarning turmush darajasi o‘sishiga turtki bo‘ldi, biroq shu bilan birga siyosiy rahbariyat bilan bog‘liq kishilar oligarxlarga hamda gazetalarda ko‘tarilgan shov-shuvlar qahramoniga aylandi.

Sobiq prezidentning yoshi hozirda 80 da, u Qozog‘iston siyosatini tark etganidan keyin o‘rniga kim kelishi va uning yaqinlari mol-mulki taqdiri nima bo‘lishi hozircha noma’lum.

“Tizim shunday mo‘rt. Nazarboyev shakllantirgan siyosiy iqtisodiyot bir kishigagina bog‘liq”, - dedi Ozodlikka Markaziy Osiyodagi siyosiy hayot bo‘yicha mutaxassis, londonlik tahlilchi Keyt Mellinson.

Nazarboyevning qarindoshlari va eng yaqin safdoshlari “hamma narsasini kelajak uchun tikdi, biroq o‘sha kelajakda nima bo‘lishini bilolmadilar va shuning uchun mablag‘larni mamlakatdan tashqariga chiqardilar”, deb hisoblaydi Mellinson.

Qozog‘istondagi Inson huqulari va qonunchilikka rioya qilish xalqaro byurosi shu sohada eng tajribali va eng yirik tashkilotidir. Uning rahbari Yevgeniy Jovtisning fikricha, bu mamalakatda “hukumatni va Nazarboyev oilasini bir-biridan ajratish juda qiyin va eks-prezidentning o‘limidan so‘ng Qozog‘istonda nima bo‘lishini aytish mushkul”.

“Bunday siyosiy tizim sharoitida sizni qonun himoya qila olishiga ishonish o‘ta qiyindir”, - dedi Jovtis.