Chiroqchida temir yo‘lni to‘sganlar 15 sutkaga qamaldi. Ayritomda chiroq o‘chmayapti

Chiroqchida svet muammosi bilan bog‘liq norozilik chiqishlar oldin ham kuzatilgan. 2018 - yil.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani Ayritom qishlog‘ida o‘tgan oy elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar tufayli Toshkentdan kelayotgan “Afrosiyob” tez yurar poyezdi yo‘lini to‘sib qo‘ygan 9 nafar fuqaro 15 kunga hibsga olindi, yana 4 kishi jarimaga tortildi.

Ayritomliklar xonadonlarda chiroq boshqa o‘chmayotganini aytishmoqda.

Chiroqchi tumanida iyun oyida energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratish maqsadida Toshkent-Qarshi temir yo‘lining «Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasiga qarashli Ayritom qishlog‘i yonidan o‘tuvchi qismini to‘sib qo‘ygan turg‘unlar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Chiroqchi tuman hokimligi matbuot xizmati vakili Sobit Raimqulovning Ozodlikka aytishicha, norozilik qatnashchilari ommaviy chiqishlarning huquqiy oqibatlaridan ogohlantirilgan:

- Ayritomdan 13 nafar fuqaro ma’muriy tartibda sudlandi. Ulardan 9 nafariga ma’muriy qamoq jazosi, odamlarni agitatsiya qilgan va yo‘lboshchilik qilgan to‘rttasiga – jarima qo‘llanildi. O‘sha kunlari hududlarimizni svet bilan ta’minlash bo‘yicha katta loyiha amalga oshirilayotgandi – Chorvadorda yirik podstansiya qurilishi boshlangandi. Hozir 16 ming kilovattli transformator o‘rnatilib, elektr ta’minoti yaxshilandi.

Bu masala yuzasidan fuqarolarimizga jazo qo‘llashmas, tarbiyalash. Fuqarolarimizga tushuntirildi bunday chiqishlarning xatarliligi. Bu Chiroqchida ikkinchi marotaba ommaviy tartibda yo‘l to‘sish holati bo‘lishi. Birinchi marotaba . Yettitomda piyodalar uchun yo‘lakdan o‘tayotganda yosh bolani yuk mashinasi urvorib, vafot etgandi. O‘shanda mahalliy ayollar tomonidan yo‘l to‘sish holati bo‘lgandi, dedi Chiroqchi tuman hokimligi matbuot kotibi Sobit Raimqulov.

Suhbatdosh yettitomlik miting uyushtirgan ayollar bilan ham tushuntirish ishlari olib borilgani va sud qarori bilan ogohlantirish berilganini eslatdi.

Ma’muriy ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi qarori bilan aksiyada ishtirok etgan ayratomliklarni aybdor deb topildi. Ular O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 113- (Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligi qoidalarini buzish) va 201- (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) moddalari asosida sudlandi.

Ozodlik aniqlashicha, Ayratom mahallasining to‘qqiz nafar aholisi 15 kunlik ma’muriy hibsga olingan bo‘lsa, to‘rt ishtirokchisi bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari, ya’ni 1 mln 715 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Ozodlik Ayritom mahalla raisi Said Qorayev bilan ham sud tafsilotlari borasida izoh oldi.

- Bizning mahalladan 2 kishi 15 sutkaga qamaldi, yoshi kattaroq odam jarimaga tortildi. Qolganlar Paxtalisoy va Eskianhor mahallalaridan edi. Jami 13 kishi sudlandi. Fuqarolar sud qarori ustidan o‘zlari apellyatsiya bergan bo‘lsa kerak, bunisini bilmadim. Biz raislarni sud jarayoniga chaqirmadiyam, aralashtirmadiyam. Asosiysi – svet masalasida muammolar bo‘lmayapti hozir, yaxshi, dedi mahalla raisi.

Shu yilning 7 - iyun kuni Chiroqchi tumani Ayratom qishlog‘i aholisi elektr energiyasi ta’minoti qoniqarsiz bo‘lganligi sabab poyezd yo‘lini to‘sgan edi.

Ular avvaliga Chiroqchi tuman hokimi Hurram Jo‘rayevdan qishloqqa elektr energiyasi tortadigan boshqa kuchliroq “transformator” o‘rnatishni so‘rashgan. Dushanba kuni ertalabki soat 9:00 da tuman hokimining Ayritom qishlog‘iga kelishi kutilgan. Hokim belgilangan vaqtda elektr energiyasi masalasini hal qilish uchun qishloqqa kelmaganligi vajidan aholi temir yo‘l atrofiga yig‘ilgan.

Norozi aholi oldiga yetib kelgan hokim Hurram Jo‘rayev qishloqqa qo‘shimcha elektr liniyalarini uzatilishi va yangi transformator o‘rnatilishini va’da qilgandi.

Bu Chiroqchida aholining birinchi norozilik chiqishi emas.

Oqto‘nli qishlog‘ida yashovchi bir necha ayol shu yil 23 - aprelida “Qarshi-Samarqand” yo‘lining Xo‘jaobod qishlog‘i hududidan o‘tuvchi qismini norozilik tariqasida to‘sib qo‘yganiga oid ma’lumotlar avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

Ayollarning bu norozilik harakatiga 21 - aprel kuni 1-sinfda o‘qiydigan qizchaning mazkur yo‘lni kesib o‘tayotgan paytda Isuzu yuk mashinasi tomonidan urib yuborilgani ortidan hayotdan ko‘z yumgani sabab bo‘lgan.

Ayollar yo‘lni o‘z qishlog‘ida maktab qurilishini tezlashtirish, shu tariqa qumdaryolik o‘quvchilarni katta trassadan kesib o‘tish majburiyatidan xalos etish talabi bilan to‘sganlar.

Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida bir guruh ayol tomonidan “Qarshi-Samarqand” yo‘li to‘sib qo‘yilishi bilan bog‘liq holat Oliy majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi nazoratiga olingani xabar qilingandi.

O‘tgan kuz-qish mavsumida elektr va gaz taqchilligi O‘zbekiston bo‘ylab aholining norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan.

Mahalliy hokimiyatlar aholi noroziligini vaqtincha choralar, jumladan, shoshilinch tarzda ko‘mir tarqatish yoki elektr ta’minotini bir muddat qayta tiklash bilan hal qilishga urinmoqda.

O‘zbekistonda aholining tinch namoyishlar o‘tkazishiga ruxsat etilmaydi, inson huquqlari guruhlari bu boradagi mavjud tartib amalda demokratik jamiyatlarning fundamental huquqi bo‘lgan tinch namoyishlar o‘tkazish huquqini cheklashini tanqid qilib keladilar.

Ammo energiya ta’minotidagi muammolar faqat kuz-qish mavsumi bilan chegaralanmagan.

So‘nggi kunlarda mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan anomal issiq fonida poytaxt Toshkent doxil ko‘plab hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Rasmiylar ko‘pincha bu uzilishlarga aholining konditsionerlardan foydalanishini sabab qilib ko‘rsatishadi. Energetika vazirligi 7 - iyul kuni mamlakatning ayrim hududlarida yuz bergan elektr ta’minotidagi uzilishlarni Navoiy issiqlik elektr stansiyasidagi gaz quvurida yuzaga kelgan nosozlik bilan izohlagan.

"Iyul oyining birinchi yarmida mamlakatimiz hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi va 6-8 - iyul kunlari respublikaning sutkalik elektr energiyasi iste’moli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir", deyiladi vazirlik 7 - iyul kuni e’lon qilgan bayonotda. Hozirda nosozlik bartaraf etilgani aytilmoqda.