“Saxovat”: Namangan sudi muhtojlar uchun 132 ta uy qurayotgan xayriya fondini yopdi

"Saxovat" fondining ochilish marosimidan olingan surat.

20-may kuni Namangan viloyat sudi “Saxovat” xayriya fondini yopish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Jamg‘arma o‘z targ‘ibotida diniy ma’lumotlardan foydalanganlikda, xayriya pullarini hisob raqamiga to‘liq tushirmaganlikda ayblanmoqda.

Shuningdek, jamg‘armaga Namangandagi “Saxovat siti” qurilishini hujjatlar yetarli bo‘lmagan holda boshlaganlik ayblovi qo‘yildi.

Sud ishidan xabardor manbalarga ko‘ra, mahkama jamg‘arma mulkini davlat foydasiga olish masalasini o‘rganishni Adliya boshqarmasiga yuklagan.

“Saxovat Namangan” nomi bilan tanilgan “Saxovat” fondi ustidan mahkama 17-may kuni boshlangan edi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudida o‘tgan mahkamani kuzatgan manba ma’lumotiga ko‘ra, fondga nisbatan uchta ayblov ilgari surilgan:

  • Jamg‘arma o‘z targ‘ibotida diniy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishda ayblangan. Manbaga ko‘ra, xususan, jamg‘arma o‘z nizomida ko‘rsatilmagan bo‘lsada, targ‘ibot ishlarida hadislardan foydalanib kelgani aniqlangan.
  • Jamg‘arma hisob-kitobni noto‘g‘ri olib borgani aniqlangan. Jumladan, pullar aylanmasi hisob raqamida to‘liq aks etmagani ya’ni plastik kartaga tushgan pullar hisob raqamida qayd etilmagani aniqlangan.
  • Jamg‘arma tomonidan qurilayotgan “Saxovat siti” uylari hujjatlarida yetishmovchilik aniqlangan. Manbaga ko‘ra, 132 ta xonadondan iborat “Saxovat siti” uylari hujjatlar to‘liq bo‘lmagan holda qurilishi boshlangan. ​

"Saxovat siti" qurilishi hasharchilari

​Ozodlik “Saxovat” fondi rahbarlari bilan hozircha bog‘lana olmadi.

Fond atrofidagi vaziyatdan yaxshi xabardor manbaga ko‘ra, o‘tgan oyda Namangan shahar Adliya boshqarmasi “Saxovat” fondi ustidan kelib tushgan shikoyat arizalari asosida tekshiruv o‘tkazib, fondga jami 21 million 600 ming so‘mlik jarima solib, kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 oy muddat bergan.

Jumladan, jamg‘arma o‘z targ‘ibotida diniy ma’lumotlardan foydalangani uchun 13,5 million so‘m, xayriya pullarini hisob raqamiga to‘liq tushirmagani uchun 8,1 million so‘m jarima solingan.

Sud ishidan xabardor manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Adliya boshqarmasi sudga “Saxovat” fondini butunlay yopish va uning mulkini, jumladan, “Saxovat siti”dagi 132 uyni ham davlat foydasiga musodara qilish bo‘yicha da’vo arizasi kiritgan. 20-may kuni sudya bu masalani hal qilishni Adliya boshqarmasining o‘ziga topshirgani aytilmoqda.

Ikki yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Saxovat” fondi Namangan viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan ro‘yxatga olingan.

Jamg‘armaning Telegram-kanalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, fond 700 ga yaqin kambag‘al oilani kafillikka olib, ularga har hafta oziq-ovqat tarqatib kelgan; 1500 dan ziyod ota-onasiz bolalarga doimiy yordam ko‘rsatib kelgan; boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun 132ta uy qurmoqda, uylarning 24tasi bitgan bo‘lib, kambag‘al oilalarga topshirilgan.