"Haddan ortiq chora". Nargiz Zokirova Rossiyadan 50 yilga badarg‘a qilinganidan norozi - advokat

Nargiz Zokirova, 25-may, 2022, Toshkent (Facebook)

Taniqli rok va pop-rok xonandasi Nargiz Zokirovaning Rossiyaga kirishi 50 yilga taqiqlandi.

Advokati Bahrom Ismoilovga ko‘ra, Nargiz Rossiya tomonining bu qaroridan norozi va hozir, bu qaror ustidan sudga murojaat qilish-qilmaslik haqida o‘ylamoqda.

Xonandaga nisbatan, Rossiyaga kirish-chiqish tartibiga oid 114-federal qonunning yaqinda o‘zgartirilgan 27-moddasi, 1-qismi qo‘llangan.

Bu moddaga shu yil 4-mart kuni kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, inson huquqlari va erkinliklarining buzilishiga aloqador ko‘rilgan xorij fuqarolari “istalmagan shaxs” o‘laroq mamlakatga kiritilmasligi mumkin.


50 yillik badarg‘a

Advokati Bahrom Ismoilovga ko‘ra, Nargiz Rossiya tomonini Rossiyaga kirish-chiqish tartibiga oid 114-federal qonunning yaqinda o‘zgartirilgan 27-moddasi, 1-qismini qo‘llagan holda mamlakatga kiritishmagan.

Rossiya federal qonuniga shu yilning mart oyida kiritilgan qo‘shimcha, Kreml ta’biri bilan aytganda, Ukrainadagi “maxsus amaliyot”ni qoralagan chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llanayotgani kuzatilmoqda.

Advokati Bahrom Ismoilovning izohlashicha, Nargiz ham aynan Ukrainadagi vaziyatga oid tanqidiy chiqishlari bois, Rossiyaga kiritilmagan bo‘lishi mumkin.

"Bunday choralar Nargiz fikri bo‘yicha, ya’ni bizning fikrimiz bo‘yicha, rus tilida "chrezmerniy" (haddan oshgan - tahr.) deyiladi. Bunaqa qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaganlar, Rossiyaning qonunlarini hech qanday buzmaganlar, qarshi gap ham yozmaganlar. O‘z fikrini bildirganlar. Nargiz Zokirova ashullachi, harbiy yoki boshqa siyosiy savollarni uncha tushunmaydi, tushunishga intilmaganlar hech qachon. Televizorda oddiy odamlar qiyin vaqtdan o‘tayotgani, davlatlar orasida bunday savollar va urushlar bo‘layotgani tufayli bu postlarni yozganlar. Shuning uchun bu qarordan norozilar, sudga berishni hali hal qilmaganlar, buni o‘ylayaptilar hali", dedi Bahrom Ismoilov Ozodlikka javoban.

Xeshteglar vositasidagi chaqiriq

Shu vaqtgacha xonanda Nargiz Zokirovaning, sahna, ommaviy axborot vositalari yoki tarmoqlarda Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini ochiqcha qoralagani Ozodlikka ma’lum emas.

Ammo, Nargiz shu yil mart oyidan buyon, o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Ukrainadagi urushga qarshi ekanini xeshteglar vositasida ifoda etib kelmoqda.

Qo‘shiqchi, jumladan, #Stopthewar, #SupportUkraine, #istandwithukraine, #nowar, #worldstandforukraine, #saveukraine xeshteglari bilan Rossiya bosqinini qoralovchi hamda Ukrainani qo‘llovchi postlar va videoroliklarni ham ulashgan.


Zokirova Ukrainadagi milliy sanalardan biri - har yili may oyining 3-payshanbasida nishonlanadigan Vishivanka - Kashta kunida, Ukrainadagi urush qoralangan videorolikni ulashdi.

Shu yilning 18-aprelida, Toshkentdan turib Facebook sahifasiga ayni xeshteglar bilan joylagan videosida Nargiz 1966-yilda bo‘lgan zilzilani xotirladi.

“Darvoqe, o‘shanda ukrainalik va rossiyalik quruvchilar bu shaharni qayta tiklash uchun yelkama-yelka turib, ishlashgan”, deb ta’kidladi xonanda, shu yilning 18-aprelidagi postida.

Shuningdek, shu yilning 3-martida, Feysbukdagi postida o‘zining shaxsiy kechinmalarini bunday ifodalagan:

“Inson aqlining chirib-irib borayotgani, shu bois dahshatli qilmishlarni sodir etayotganini ko‘rish meni vahimaga solmoqda. Bu juda og‘riqli! Bu vaziyatda o‘zimni mutlaqo nochor his qilayotganim ham menga chidab bo‘lmas azob bermoqda… Ishonchim komil va ta’kidlashga mutlaqo yetarli asoslarim borki, bu Koinotda insondan ko‘ra xavfli va dahshatliroq mavjudot yo‘q. Shu bilan, tamom. Men hukm chiqarish va bizni, hammamizni tubsiz jarlikka qulashdan to‘xtatib qolishga qodir emasman”.

Shu tariqa, postsovet o‘lkalarida tanilgan, hozircha Markaziy osiyolik yagona ayol pop-rok ijrochisi Nargiz, ijtimoiy tarmoqlarda #Stopthewar, #SupportUkraine xeshteglarini ulashgani ortidan, Rossiyada istalmagan shaxsga aylandi.

Izohsiz sukunat

Xonandaning o‘zi Rossiyaga kiritilmagani haqida biror izoh bergani yo‘q.

Feysbuk sahifasida 25-may kuni Toshkentdan qoldirgan so‘nggi postiga O‘zbekiston, Toshkent, degan xeshteglarni yozdi, ammo bu gal Ukrainani qo‘llovchi xeshteglarni ilova qilmadi.

Ozodlik, Nargiz Zokirovaning Toshkentdagi yaqinlariga bog‘landi va savollarini xonandaga yetkazdi, hozir javob kutmoqda.

Frontning ikki tarafidagilar

Ayni paytda, Nargizning Rossiyaga kiritilmagani rus Internet matbuotida shov-shuv bo‘lmoqda.

Hozir Rossiyada Ukrainadagi voqe’likni Kreml rayiga moslab “maxsus amaliyot” deb atayotgan yoki “urush” deb qoralayotganlar ikki lagerga bo‘linib qolgan.

Ayni paytda, urushni qoralovchilar soni, Rossiyada shitob bilan ozaymoqda. Shu bois, Rossiyada turib Nargizning vaziyatini kuzatayotgan hamkasblari orasida, uni mamlakatga kiritmaslik qarorini qo‘llovchilar oz emas.

“Nargiz bilan sodir bo‘layotgan voqeaga munosabatim shuki, va nihoyat Rossiya uyqudan uyg‘ondi, xiyonatchilarni mamlakatga kirgizmayapti. Buni avvaldan, allaqachon qilish kerak edi. Chunki, bilasizmi, buyuk davlatimiz, ulkan mamlakatimiz haqida shunaqa bo‘lmag‘ur fikrlarni ayta olmasligi uchun. er Milena Deynega.

Ammo, Nargizning fuqarolik pozitsiyasini hurmat qilgan va uning Rossiyaga kiritilmasligi va umuman, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralayotgan ijodkorlar ham bor.

“Harakatlanish, fikr aytish va erkin fikrlashni cheklovchi har qanday taqiqqa qarshiman. Xudo erkin fikrlash, gapirish va harakatlanish haqqini bergan. Bu erkinlikni taqiqlashga hech kim, hech bir davlat amaldori yoki prezidentning haqqi yo‘q. Shu bois, Nargiz va afsuski yana boshqa ko‘pchilik bilan sodir bo‘lgan bu voqea, Xudo bergan elementar erkinlik va prinsiplar, inson huquqlari normalarini buzadi. Buni bajarayotganlar, garchi davlat lavozimida bo‘lsada, o‘z davlati hamda xalqlar do‘stligiga qarshi qo‘poruvchilik qilishyapti”, dedi opera qo‘shiqchisi Vazgen Oganesyan.

"Kreml o‘zbek tarmoqlarini kuzatmoqda"

Ozodlik murojaat qilgan o‘zbekistonlik ijodkorlarning ko‘pchiligi, Nargizning vaziyati haqida gapirishdan tiyildi. Hatto, Zokirovlar sulolasining ayrim taniqli vakillari ham hozircha bu “masalada izoh berolmasligini” aytdi.

O‘zbekistonlik taniqli kinorejissyorlardan biri, Moskvadagi elita va shoubiznes bilan hamkorlik qilayotgan ijodkorlarning matbuot yoki tarmoqlardagi chiqishi Kremlda qattiq monitoring qilinayotganidan xabari borligini aytdi.

“Hozir faqat Rossiyada emas, O‘zbekistondagi chiqishlarni ham Moskvada qattiq nazorat qilishyapti. O‘zbekistondagi ko‘pchilik rejisser, prodyusser yoki san’atkorlarning Rossiyada hamkorlikdagi ijodiy loyihalari, biznesi bor. Tarmoqdagi chiqishini istalgan shaklda talqin qilib, Rossiyaga kirgizmay qo‘yishlari mumkin. Hamma shundan xavotirda. Shuning uchun, Ukraina yoki Nargiz masalasida umuman og‘iz ochish xavfli hozir”, dedi ismini sir saqlagan toshkentlik kinorejissyor.

Zokirovlar sulolasi vakili

Rossiyada istalmagan shaxsga aylangan xonanda Nargiz so‘nggi yillarda Moskvada ijod qilayotgan va kattagina auditoriya e’tiborini qozongan san’atkordir.

Markaziy Osiyo va umuman postsovet hududidagi yagona ayol pop-rok ijrochisi sifatida tanilgan 51 yashar Nargiz - sobiq sovet ittifoqida tanilgan o‘zbekistonlik opera ijrochisi Karim Zokirovning nabirasi, mashhur “Zokirovlar sulolasi”ning vakilidir.


Onasi - 1960-80-yillarning afsonaviy xonandasi bo‘lgan akasi - Botir Zokirov bilan kuylagan estrada xonandasi Luiza Zokirova. Otasi esa - Botir Zokirov ansamblida ijrochi bo‘lgan Po‘lat Morduxayevdir.


Nargiz Zokirova ijrosidagi ilk qo‘shiq, ommabop “Vodillik kelin” filmining shlyagerga aylangan “Unutma meni” qo‘shig‘i - Nargiz bu qo‘shiqni 15 yoshida ijro etgan.

Oilasi 1995-yillarda AQShga ko‘chib ketgani bois, Nargiz avvaliga Nyu-Yorkda qo‘shiq kuylagan va hatto, ommabop The X-Factor teletanlovida qatnashgani aytiladi.

2013-yilda esa Rossiyaning “Golos” tanlovida ikkinchi o‘rinni olgan va rossiyalik tomoshabinlar e’tiborini birdan zabt etgan. Shu kunga qadar shuhrati so‘nmagan xonandadir.

Ukraina uchun xavfli shaxs

Rossiyada u avvaliga prodyuser va kompozitor Maksim Fadeyev bilan birga ijod qildi. 2014-2016-yillarda u, Fadeyev bilan hamkorlikda, ketma-ket shuhrat qozongan qator qo‘shiqlarni ijro etdi.

Ammo, 2019-yilga kelib, ikki ijodkor o‘rtasida hamkorlik to‘xtadi, Maksim Fadeyev Nargiz bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

Hamkasblari, Nargizning Moskvadagi yirik tadbirlardan chetlatish, shundan so‘ng boshlanganini qayd etmoqda.

Ammo, xonandaning fuqarolik pozitsiyasi, Rossiyada ijod qilishni boshlaganidan beri, bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda.

2019-yilda uning Ukrainaga kirishi ham taqiqlangan. O‘shanda Ukraina Madaniyat vazirligi, Maksim Fadeyev va uning ijodiy guruhini mamlakat xavfsizligiga tahdid qiluvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritgandi.

Vazirlik taqiq sababini aniq ifoda qilmagan, ammo o‘sha yili yozda bu ijodkor juftlik Rossiya anneksiya qilib olgan Qrimda qo‘shiq uchun olingan klipni e’lon qilgan edi.

O‘sha yillarda Nargiz, Kremldagi konsertlarda ishtirok etgani, Chechenistonning ziddiyatli rahbari Ramzan Qodirov bilan tushgan suratlari ortidan, prezident Putin siyosati va Qrim anneksiyasini qo‘llagan xonanda sifatida jamoatchilik tomonidan tanqid qilingan.

Bundan tashqari, Nargiz Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova yozgan “Vernite pamyat” she’rini qo‘shiq qilib kuylagan. Bu qo‘shiq Rossiyaning 2015- yilda Suriyada o‘tkazgan harbiy amaliyotlari paytida o‘lgan rus harbiylari xotirasiga bag‘ishlangan.

Nargiz bu qo‘shiqni Moskvada o‘tgan 39-xalqaro kinofestivalda ijro etgan.

“Uning nazarida bu qo‘shiq haqiqatan juda muhim, printsipial va ayni paytda, qalbdan chiqqan tuyg‘ular haqida. Shuning uchun, men undan behad minnatdorman”, degan edi Mariya Zaxarova, Rossiya TIV matbuot kotibi.

Garchi Nargiz Zokirovaning Rossiyaga kirishi taqiqlangan bo‘lsa-da, shu kunda u ijro etgan bu qo‘shiq Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini olqishlashga bag‘ishlangan tadbirlarda yangramoqda.

Bu haqda Nargizning o‘zi tarmoqlarda kinoya bilan xabar qoldirdi.


O‘zbekistondagi rejalar

Ammo, hozir Ukraina urushi haqida ochiq gapirmagani kabi, o‘sha kezlarda ham uning Qrim anneksiyasini qo‘llovchi konkret chiqishlari kuzatilmagan.

Hozir Toshkentda qolayotgan Nargiz Zokirova bilan muqaddam hamkorlikda ishlagan o‘zbekistonlik prodyuser va kinorejissyorga ko‘ra, xonanda bir necha oy muqaddam O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari auditoriyasi e’tiborini qozonishni ko‘zlab, Toshkentga borgan.

"Shu yilning aprelida Toshkentga bordi. Konsert va turlar rejalayotgan edi. Lekin, O‘zbekistondagi elitayam, tomoshabinlaram rokdan uzoq, ayniqsa Nargizga yorqin ajralib turadigan yulduzni keng omma qabul qilishga tayyormikin, bilolmadim. Shuning uchun, O‘zbekistonda ish ko‘p hali", deydi shoubiznes vakillari hayotini yoritib borayotgan va ismini sir saqlashni istagan o‘zbekistonlik jurnalist.

26-may kuni Feysbuk sahifasida qoldirgan videosida Nargiz, mahalliy kinoaktyor va videobloger, so‘nggi paytlarda taniqli ijodkorlar bilan intervyular qilayotgan Otabek Mahkamov bilan suhbatidan bir parchani ulashdi. Bu esa xonandaning o‘z yurtida uzoq muddatli rejalar qurayotgani haqidagi xabarlarni bir qadar quvvatlaydi.